Ne qilay, ko‘nglim ushmundoq…

2019-12-24T12:28:08+05:0024 December, 2019|Umumiy yangiliklar|

Yil ayrilig‘i

Qadrdoningdan ayrilish, ayniqsa, so‘z ichida yashagan, nafaqat so‘z dunyosida, balki mohir durshunos marjonlardan mo‘’jizaviy san’at asarini yaratgani kabi sohir misralarni ijod qilgan ulkan shoir do‘stingdan judo bo‘lish og‘ir ekan…

She’riyat ummoniga mohir g‘avvosdek sho‘ng‘ib, duru javohirlar termoq, ya’nikim dillarga iliqlik bag‘ishlaydigan, odamlarni hayratga g‘arq etadigan marjondek tiniq va bebaho misralarni ijod qilmoq har kimga ham nasib etavermaydi.

Abduvali Qutbiddin ana shunday betakror ijodkor edi. Garchi hech qachon og‘zini to‘ldirib “men shoirman” deb maqtanmagan bo‘lsa-da, uning ajib jo‘shqinlik va teran falsafiy ruh ustuvor bo‘lgan asarlari bilan tanishganingizda, ayniqsa, uning o‘zi she’rlarini hech kimnikiga o‘xshamaydigan jununvor ohangda o‘qiganida, shak-shubhasiz, uning betakror iste’dod sohibi bo‘lgan ulkan shoir ekaniga amin bo‘lardingiz.

…Ana, Shoir berilib she’r o‘qiyapti. Misralar qatiga singdirilgan teran ma’no-mazmun zalvoridan vujudi tebranib, ovozi titraydi. Shu holatida u Haq deya zikr tushayotgan darveshni eslatib yuboradi, go‘yo.Shoirni junbushga keltirgan titroq, mana shu majnuniy kayfiyat sizga-da yuqadi. Siz ham shoirga qo‘shilib, uning ruhiy dunyosiga singib ketib, o‘zingizni kamida Majnun chog‘laysiz. Shoirga qo‘shilib zavqlanasiz, iztirob chekasiz, mahzun o‘y-xayollarga g‘arq bo‘lasiz, xullas, u yaratgan nazmiy olamning bir bo‘lagiga aylanib qolasiz.

Bu faqat haqiqiy ijodkorlargagina nasib etadigan ilohiy bir ne’mat. Shunday ulug‘ ne’matki, Yaratganning o‘zi uni suygan bandalariga in’om etadi.

Abduvalining “Osima” nomli mashhur she’rini uning o‘zidan eshitganimda tuygan holatni, o‘sha damda ko‘nglimdan kechgan hissiyotlarni so‘z bilan ifodalay olmayman. Uning dardli ovozi haligacha quloqlarim ostida sado berib turgandek…

Osima,

Ne qilay, ko‘nglim ushmundoq,

Bir cheti osmonu bir cheti tuproq.

Bir tunda podshoman ikki kishvarga,

Bir kunda zordirman bir qur nazarga.

Lipillab, lipillab bo‘zardi ruhim,

Xohla, porlatib qo‘y, xohla, parchala,

Esiz, har tomonga urdi shukuhim,

Esiz, o‘tolmadim shum darichadan.

Osima…

She’rni tinglash asnosida har kim, ayniqsa, ijodga aloqasi bor kishining qalbidan zalvorli o‘y-xayollar kechadi. Shoirning favqulodda topilmalariga mahliyo bo‘lib qolasiz. Zotan, “Mendek xushxabar yo‘q, mendek xatar yo‘q”, deb faqatgina Abduvali ayta oladi.

Bir voqea hech esimdan chiqmaydi. Shu yil yozda Zominda bo‘lib o‘tgan yosh ijodkorlar anjumanida Abduvali Qutbiddin she’r o‘qishga tushdi. Shoirning she’rlaridagi katta yuk, kerak bo‘lsa, mumtoz adabiyotimizga mengzab ketadigan fikr va tasvirlar, ayniqsa, ijodkorning o‘ziga xos o‘qish uslubi bir zumda hammani o‘ziga rom etdi-qo‘ydi. Bir payt bundoq qarasam, yosh ijodkorlar uning atrofini qurshab olib, hayrat va hayajon bilan she’r tinglashardi.

Ha, Abduvali ana shunday ohanrabosi kuchli shoir edi. U birgina o‘zining she’r o‘qish san’ati bilan ham yosh qalamkashlarga ijod nima ekani, asl she’r va asl shoir qanday bo‘lishi haqida saboq bergandek edi, nazarimda…

Abduvali Qutbiddinning dalli junun, g‘aroyib afsun buloqlaridan suv ichgan she’rlari jamlangan “Bor” kitobi ham muxlislari tomonidan katta qiziqish bilan kutib olinib, yuksak bahoga munosib ko‘rilgan edi. Ana shu kitobdan o‘rin olgan quyidagi misralarga e’tibor bering:

Nafasing yuzimda uxlasin endi,

Qaynoq so‘zlaring ham tinsin shu muddat.

Qo‘llaring qo‘limni tinglasin endi,

Shoshilma, muvaqqat, bari muvaqqat.

Tan olaylik, boshqa hech kim bunday yozolmaydi. Zero, Abduvalining dunyoni ko‘radigan o‘z dunyosi, o‘xshashi yo‘q tashbehlar dunyosi bor edi. Shoir dunyoni uning mutlaq boshqa tomonidan turib kuzatardi. Muhimi, u so‘zga jununvor jon kirita olardi. Shuning uchun ham uning she’rlarida o‘zgachalik yaqqol ko‘zga tashlanib turadi.
Shu sababli ham Abduvali Qutbiddinning muxlislari bisyor. Ular uchun Abduvalidan baland shoir yo‘q. Biz uchun ham shunday! Darhaqiqat, u hech kimnikiga o‘xshamaydigan o‘z yo‘liga ega ijodkor edi. Ana shu o‘ziga xoslik, garchi, u bugun oramizda yo‘q bo‘lsa-da, ijodining umrboqiyligini ta’minlab berishiga ishonaman.

To‘g‘risi, mana shu narsa ko‘nglimizga taskin beradi…

Ko‘p yillar hamnafas, hamqadam bo‘lgan samimiy do‘sting va jonday jigaringdan, o‘zbek elining betakror ijodkoridan ayrilish og‘ir ekan, judayam og‘ir ekan.

Hali Abduvalining o‘rni bilinadi. Do‘st-yaqinlari, muxlislari, shogirdlari uni ko‘p sog‘inadi. Chunki u she’riyatimizda o‘z o‘rniga ega ulkan ijodkor edi.

Bizdan rozi bo‘l, Abduvali– jigarim!

O‘tkir RAHMAT

Manba: O‘zA