Tanqid qilaman deb, targ‘ib qilib qo‘ymayapmizmi?

2019-12-20T09:42:31+05:0020 December, 2019|Umumiy yangiliklar|

…«Uchar likopcha xodimlari o‘zining katta projektorlarini yoqib, menga qaratdi… Tarelkadan bir ayol tushib: «Qani keling, Jumanazar aka, dedi»…

…«Folbinlik ham o‘z-o‘zidan bo‘lmaydi. Bu ham Alloh tomonidan yuqtiriladi. Ajdodlarimizdan meros bo‘lib qoladi. Men hatto o‘limga ham, avariyaga ham, qamoqqa ham duoibad qilaman»…

…«Instagram»da tik-tok ko‘paygach, men ham shu bilan shug‘ullandim. Reklamalar ko‘p bo‘ladi. Odamlar televideniyega millionlab pul sarflashadi, men arzonroqqa reklama qilaman… 250 mingdan ortiq obunachilarim bor»…

Yuqoridagi iqtiboslar ko‘cha-ko‘yda aytilgan yoki turli shaxsiy fikrlar, axborotlar bilan to‘lib-toshgan global tarmoq — internetdan olinmayapti. Bu so‘zlar aholiga xolis, haqqoniy va isbotlangan, aniq ma’lumotlarni tarqatishi nazarda tutilgan ommaviy axborot vositalarining eng ommabop turi — televideniyeda baralla yangragan. To‘g‘ri, ular folbinlarni, tarbiyasi sust yoshlarni tanqid qilish maqsadida studiyaga chorlashgan, deyishingiz mumkin. Ammo Jumanazar akaning o‘zga sayyoraliklar bilan uchrashgani to‘g‘risidagi ma’lumot birinchi bo‘lib xususiy telekanallarning informatsion dasturlarida yangraganiga nima deysiz?

Vaholanki, «Jurnalistlik faoliyatini himoya qilish to‘g‘risida»gi qonunning 6-moddasida belgilangan jurnalist majburiyatlarida bu kasb egalari o‘zlari tayyorlayotgan materiallarning to‘g‘ri yoki noto‘g‘ri ekanini tekshirishi va xolis axborot taqdim etishi lozimligi qayd etilgan. Shu o‘rinda haqli savol tug‘iladi: televideniyega Jumanazar akani olib chiqqan muxbir qanday qilib uning so‘zlari to‘g‘ri yoki noto‘g‘ri ekanini tekshirdi ekan? Buning imkoni bo‘lmasa, jurnalist va telekanal mas’ullari qonun hujjatlarida belgilangani kabi xolis axborot taqdim eta oldimikin?

— Men ham internetda, hatto televideniyeda Jumanazar akaning bir necha bor chiqish qilganini ko‘rdim, — deydi psixolog Zebuniso Ahmedova. — Buning ustiga: «Siz mutaxassis sifatida bu voqealarga nima deysiz?» deya so‘raganlar ham ko‘p bo‘ldi. Men o‘sha vaqtda ham, hozir ham qat’iy javob beraman: bunday insonlarni bot-bot jamoatchilikka ko‘rsataverish emas, davolash kerak. Ko‘pgina ruhiy xastaliklarning, masalan, shizofreniya, galyutsinatsiyalarning belgilari xuddi shunday bo‘ladi. Televideniye vakillarining bunday xatti-harakati ommaning fikrini chalg‘itishdan boshqa narsa emas.

Kuzatgan bo‘lsangiz, Jumanazar aka «Mening yurtim» telekanalining «Markaziy studiya» informatsion dasturida chiqqanidan so‘ng «Milliy» telekanalidagi «Oltin kalit» kapital shousi, «Sevimli» telekanalidagi «Mahallada duv-duv gap» tok-shousi, «Zo‘r TV»da namoyish etilgan «Quvnoqlar va zukkolar» ko‘rik-tanlovlariga ham olib chiqildi. Ba’zi o‘rinlarda ommaboplikni ta’minlash uchun ko‘rsatuvlarda u kishini sehrgar qilib ko‘rsatishga ham urinildi.

Telekanal mas’ullarining aytishicha, efirga uzatilayotgan har qanday ko‘rsatuv, avvalo, kanallarning Badiiy kengashidan o‘tadi. Agar belgilangan tartibga mos kelmasa, xususan, ko‘rsatuv yoshlar tarbiyasi, tomoshabin ma’naviyati uchun zid bo‘lsa, efirga uzatilmaydi. Yuqorida ta’kidlangan holatlar esa yoshlarning xulosa chiqarishi, ertaga o‘zlari bu xatolarni takrorlamasligi uchungina efirga berilgan.

Qosh qo‘yaman, deb ko‘z chiqarmaylik…

Bir kuni kursdosh do‘stlarimiz bilan televizor ko‘rib o‘tirgandik. Jurnalistning: «Bugungi ko‘rsatuvimiz qahramoni — internet olamida, yoshlar orasida juda mashhur, ijtimoiy tarmoqlarda anchagina obunachiga ega bo‘lgan qizimiz» deya tanishtirganidan unda o‘zbek yoshlarining qahramoni, eng faol vakili chiqsa kerak, degan fikrga bordik. Ammo studiyaga Xonzodabegim ismli bir qiz kirib kelganiyu monitor orqali uning o‘zbek qizlariga mos bo‘lmagan sharm-hayosiz, bir nechta videolavhalari namoyish etilganini ko‘rib, nima deyishni bilmay qoldik.

To‘g‘ri, ko‘rsatuv mualliflari yo‘ldan adashgan yoshlar vakilini studiyaga chaqirib, uni mutaxassislar yordamida to‘g‘ri yo‘lga qaytarish va bu orqali ekran qarshisida o‘tirgan boshqa yoshlarni ham tarbiyalashni ham maqsad qilgandir. Ammo yana bir jihati borki, ularni ko‘p sonli tomoshabinlar oldiga chiqarib, targ‘ib qilib qo‘ymayaptimikan? Masalan, o‘sha qizning: «Instagram»da tik-tok ko‘paygach, men ham shu bilan shug‘ullandim. Reklamalar ko‘p bo‘ladi. Odamlar televideniyega millionlab pul sarflashadi, men arzonroqqa reklama qilaman… 250 mingdan ortiq obunachilarim bor» degan so‘zlari mashhurlik va mo‘may daromad topishni ko‘zlagan minglab yoshlarni fikridan chalg‘itmaydimi?

— Fanda «qora piar» atamasi mavjud, — deydi O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti o‘qituvchisi Gulnora Nishonova. — Bugungi kunda dunyo mamlakatlarida undan siyosatchilar, aktyor va aktrisalar keng foydalanishadi. Bunda, asosan, reklama qilinadigan shaxs haqida tanqidiy fikrlar yoki u insonning o‘limi, og‘ir kasalga duchor bo‘lgani kabi ma’lumotlar tarqatiladi. Ular insonlarning hamdardlik tuyg‘usi hamda kritik, tanqidiy fikrlarga bo‘lgan katta qiziqishidan foydalanadi. Natijada piar mualliflari jamoatchilikka o‘z qahramonlarini yana bir bor eslatib qo‘yishadi. Sirasini aytganda, «qora piar» jamoatchilikda biror kishi haqida fikr uyg‘otish, uni tanitish yo‘lida ishlatiladi. Bu fikr xoh ijobiy bo‘lsin, xoh salbiy bo‘lsin, baribir foydali. Sababi, piar sohasida fikrni ijobiy qilishning ham o‘z usullari bor. Shu bois tanqidiy-tahliliy jurnalistik materiallar tayyorlashda tanqid qilinayotgan kishini piar qilib qo‘yishdan ehtiyot bo‘lish darkor.

«Nimasidir bo‘lmasa, televizorda ko‘rsatarmidi?»

Yaqinda tanishim qaysidir kanaldagi ko‘rsatuvni tomosha qilayotgan ekan. «Mana bu folbin o‘limga ham duoibad qilar ekan. Sudyalarning qarorini ham o‘zgartirar ekan. Attang, ismini eshitmay qolibman-da», dedi ko‘rsatuvdan ko‘zini uzmay. «Qo‘ysangiz-chi, ularni shunday firibgarlarga aldanib qolmang, degan maqsadda ko‘rsatishyapti, ana yonidagi ekspertlarning gapini eshiting», dedim. Bunga javoban: «Nimasidir bo‘lmasa, televizorda ko‘rsatarmidi? Bu ekspert deganlaring folbin ayolning savollariga ham javob berolmayapti-ku», dedi.

Shu gapdan so‘ng men ham ko‘rsatuvni tomosha qildim. E’tibor bersam, folbin ayol og‘ziga kelganini qaytarmayapti: goh Qur’onda yolg‘onga ruxsat etilgan desa, goh Payg‘ambarimiz ham dam soldirgan, deydi. E’tiborimni tortgan jihat shu bo‘ldiki, mehmon sifatida taklif etilgan ekspertlar unga so‘zlaringiz noto‘g‘ri, yolg‘on deyaptiyu, ammo fikrini izohlab berolmayapti. Demak, ko‘rsatuvlarga mehmonlarni chaqirishda ularning bilimi, notiqlik qobiliyatiga ham e’tibor berish kerak ekan. Bo‘lmasa, muhokamalar tomoshabinda noto‘g‘ri qarashni shakllantirib qo‘yishi mumkin.

Yana bir gap: ushbu ko‘rsatuv boshlovchilarining jurnalistik mahorati sust ekani ham sezilib qoldi. Sababi ayon: ular san’at vakillari, jurnalist emas. Bunday saviyasi past, shoshmashosharlikda tayyorlangan media mahsulotlar bilan xalqimiz ongini zaharlab, ularning ma’naviyatiga o‘zimiz ziyon yetkazib qo‘yishimiz hech gap emas.

* * *

Yuqorida biz sanab o‘tayotgan holatlarning barchasi xususiy telekanallarga oid. Bundan esa bunday sifatsiz ko‘rsatuvlarning tayyorlanishi mablag‘ni tejashga urinish, ommaviylikka intilishdan boshqa narsa emasligini anglash mumkin. Agar o‘zimiz mana shunday xalqni chalg‘ituvchi, ularga ma’naviy zarar yetkazuvchi media mahsulotlarni tayyorlashda davom etar ekanmiz, qanday qilib chetdan kirib kelayotgan axborot xurujlariga qarshi tura olamiz?

Xo‘sh, siz bunga nima deysiz, aziz mahalladosh?

Sanjar ESHMURODOV.

Manba: «Mahalla» gazetasi