«Unutilgan» ko‘zgu qarshisida

2019-12-19T12:00:28+05:0019 December, 2019|Umumiy yangiliklar|

Yoxud bugungi davr jurnalistlardan nimalarni talab qilmoqda?

«Ommaviy axborot vositalari qonuniylikni qaror toptirishda chinakam «jamiyat ko‘zgusi»ga aylanishi kerak».

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiya­­si qabul qilinganining 27 yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi nutqida aytgan bu so‘zlar barcha jurnalistlar qatori meni ham quvontirdi, ruhlantirdi, o‘ylantirdi, mulohazaga chorladi va, ayni mahalda, ogohlik qo‘ng‘irog‘i misoli jaranglagandek bo‘ldi.

Zero, keyingi uch yilda O‘zbekiston taraqqiyoti tarixida beqiyos yuksalishlar davri bosh­landi. Demokratiyaning qon tomiri hisoblanguvchi so‘z va matbuot erkinligi yo‘lida ham salmoqli qadamlar tashlandi. Hozir O‘zbekistonda matbuot xodimlari faoliyatini, haq-huquqini himoya qilishga doir yigirmaga yaqin qonun ishlab turibdi. 1400dan ortiq ommaviy axborot vositasi faoliyat olib bormoqda. Ularning 60 foizi nodavlat OAV ekani, ayniqsa, e’tiborlidir. Birgina so‘nggi uch yil ichida 8 ta davlat, 3 ta nodavlat telekanal faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Internet nashrlari kuchaydi, besh-olti yil avvalgi «mumkin emas» degan to‘siqlar sindirib tashlandi, odamlar tashvishi, muammolari asosiy masalaga aylandi. Ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlar aralashuvi bilan ko‘plab muammolar o‘z joyida tezkorlik bilan hal etilmoqda.

Shu yilning o‘zida Prezidentimizning sohaga daxldor yana uchta qarori qabul qilindi. Bulardan tashqari, davlatimiz rahbari deyarli hamma uchrashuv va yig‘inlarda ommaviy axborot vositalariga alohida e’tibor qaratish lozimligini qayta-qayta ta’kidlayotir. Barcha rahbarlarni matbuot sahifalarida, ijtimoiy tarmoqlarda chiqayotgan maqolalarga, tanqidiy fikrlarga zudlik bilan munosabat bildirishga chaqirmoqda. Jurnalistlarni yanayam dadil, jasoratli, o‘ktam bo‘lishga da’vat etmoqda.

Biz-chi? Jurnalistlar-chi? Vatan va millat kamolidagi tarixiy lahzalarda hayotga hamqadam bo‘lolyapmizmi? Xalqimizning keyingi yillarda bosib o‘tgan va o‘tayotgan goh armonli, goh tug‘yonli, goh iftixorli yo‘llarini, bu yo‘llarning rangin manzaralarini butun ko‘rk-u salobati bilan tas­virlab berolyapmizmi?
Yoki, nutqda ta’kidlanganidek, «jamoatchiligimiz tom ma’noda uyg‘onayotgan», mamlakatimiz taraqqiyotning yangi bosqichiga ko‘tarilayotgan, ochiqlik va oshkoralik, so‘z va fikr erkinligi hayotimizning qon tomirlariga kun sayin chuqurroq singib borayotgan hozirgi lahzalarda ana shu teran uyg‘oqlik «jamiyat ko‘zgusi»da o‘z aksini topyaptimi?

To‘g‘ri, ma’ruzada e’tirof etilganidek: «Bugungi kunda xalqimiz orasida yurib, uni qiynayotgan ijtimoiy muammolarni ko‘rsatib berayotgan eng katta kuch – bu mustaqil va xolis ommaviy axborot vositalari vakillaridir». Yana: «an’anaviy axborot vositalari bilan birga Internet, ijtimoiy tarmoqlar, blogerlar jamoatchilik fikrini shakllantirishda katta rol o‘ynamoqda»; bundan tashqari, barcha jurnalistlarning sa’y-harakati tufayli, albatta: «ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlar mansabdor shaxslarni o‘z ishini qonuniy asosda to‘g‘ri tashkil etishga undamoqda». Ammo, baribir: «ommaviy axborot vositalari «jamiyat ko‘zgusi»ga aylanishi kerak» – «aylandi» emas!

Bu haqiqatning ko‘zlariga tik qarab, har birimiz o‘z faoliyatimizni qayta-qayta o‘rganishimiz, tahlil qilishimiz shart, deganidir. Yanayam aniqrog‘i, hayotda bo‘layotgan voqea-hodisalarga, turli sohalar-u, hukumat idoralariga ko‘zgu tutish barobarida, o‘zimiz o‘zimizni ko‘zguga solib, sinchiklab mushohada-mulohaza qilishimiz lozim.

Afsuski, ancha yillar mobaynida ko‘zguga qarashni unutdik, yo‘q, qo‘rqdik! Chunki, ne-ne ezgu, muhim fikrlar aytilib, havoda muallaq qoldi. O‘zi ko‘targan mavzu, dolzarb hayotiy fikrlar turmushga qay darajadadir ta’sir qilgan-qilmaganini ko‘rgisi kelgan jurnalistning shashti qayt­­di. Qiynalib, dilidan o‘tkazib aytgan gap­larining amalga oshganini ko‘rib, mamnun bo‘lish o‘rniga, qora terga botib qilgan mehnatlari zoye ketaverganidan o‘ksindi, ruhi cho‘kdi. Rahmat o‘rniga ta’na-malomatlar eshitgach, hafsalasi pir bo‘ldi, ishonchi so‘ndi. Va, alal-oqibat, matbuot maddohlik maydoniga, jurnalist «talantli maddoh»larga aylandi. «Hammasi zo‘r!», «Hammasi a’lo!» tarzidagi materiallar urchib, ­ommaviy axborot vositalari tor, zerikarli, biqiq muhitga kirib qoldi…

Bu mahzun xotiralarni men «qahramonlik» qilish yoki kimnidir «qora o‘tmish»ga yana tosh otishga undash uchun emas, bugungi kun, bugungi imkoniyatlar qadriga yetish uchun esladim.

Bugungi davr jurnalistlar oldiga bag‘oyat muhim vazifalarni qo‘ymoqda. Zamondoshlarimiz ham bundan 5-10 yil burungi odamlar emas. Ularning ongi, dunyoqarashi endi boshqacha – ular endi avvaldagidek atrofdagi voqea-hodisalarga befarq emas. Ular ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarni muntazam kuzatadi, joylardagi muammolar ro‘y-rost olib chiqilyaptimi, bo‘yab-bejalmayaptimi – tahlil qiladi. Masalaga to‘g‘ri yondashilsa, sevinadi. Jurnalist xolis, haqqoniy, fikrlari aniq bo‘lsa, yozganlarining ta’sir kuchi oshadi, jozibadorligi kuchayadi, el-ulus e’tiboriga tushadi.

Prezident birgina shu yilning o‘zida necha martalab ommaviy axborot vositalarida jurnalistlar tomonidan tilga olingan mavzularga keng jamoatchilik diqqatini qaratdi, qancha amaldor OAVda yozilgan asosli fikrlar tufayli ogohlantirildi, ishdan olindi. Yaqin orada bunaqasi bo‘lmagan va yaqin orada matbuotda chiqqan maqolalarga bu qadar e’tibor berilmagan edi.

Afsuski, izchil islohotlarni to‘laligicha ang­lab yetmayotgan, manman, matbuotga hali-hanuz bepisand kayfiyatdagi rahbarlar hamon yo‘q emas.

Mavzudan uzoqlashmagan holda bitta misol keltiraman: O‘zA saytida «O‘zbekiston havo yo‘llari»ning chiptalari qo‘shni davlatlarnikidan ancha qimmat ekani va yuzlab yurtdoshimiz o‘zimizning emas, qo‘shnilarning samolyotlaridan foydalanayotgani tilga olindi. Bir emas, ikki marta yozildi. Biroq javob tugul, bir enlik xat yozishni ham o‘zlariga ep ko‘rishmadi «O‘zbekiston havo yo‘llari»ning izzatli rahbarlari. Buyam shu kunning manzarasi va Prezidentning «Ommaviy axborot vositalari haqidagi qonunchilikni takomillashtirish kerak» degan so‘zlari bekorga emasligiga bir dalil.

Jamiyat ilgarilagan sayin, odamlarda sifatli axborot olish istagi orta borishi tabiiy holdir. Ular ommaviy axborot vositalari ham o‘zgarishini, jurnalistlarda o‘ziga ishonch ortishini, muhim mavzularni tahlil qilish orqali yangi O‘zbekistonni bunyod etishda faol qatnashishni istaydi.

Barcha uchun sinovli kunlarda biz, jurnalistlar vazifamizni sidqidildan bajarmasak, yana e’tibordan qolishimiz hech gap emas. Eng muhimi, ochiqlik siyosati yo‘lidan dadil odimlab borayotgan mamlakatga, uning bunyodkor xalqlariga dadil matbuot kerak. Xalqning har qanday vakili hech kimga aytmagan dardini ana shunday matbuotga aytadi, u bilan dardlashadi, fikrlashadi, sirlashadi.

Gapning ochig‘i, bugun odamlar yozma matbuotdan ko‘ra ko‘proq ijtimoiy tarmoqlar bilan hamgurung bo‘lmoqda. Balki, internetdagi tezkorlik, chek-u chegarasiz maydon ko‘plarni o‘ziga mahliyo etayotgandir. Yetti yashardan yetmish yashargacha qo‘lida telefon… Tugmachani bosgan zahoti xabarlar, bahs-u munozaralar ummoniga yuzma-yuz keladi. Nimalar yo‘q, deysiz bu tubi yo‘q makonda: rost-u yolg‘on, shov-shuv-u bo‘hton, malomat-u alomat xabarlar shu qadar qorishib, aralashib ketganki, har qanday aqlli boshni esankiratib tashlashi hech gapmas.

Internet olamidagi bugungi chang-to‘zonlar vaqti kelib tinadi. Saragi sarakka, puchagi puchakka aylanadi. Yaxshi maqola bo‘lsa, oltin kabi yaltirab turaveradi. Nazarimda, ayrim jurnalistlar hozir qandaydir «arosat» davrini boshdan kechirayotganga o‘xshaydi. Bloger bo‘lib bloger, jurnalist bo‘lib jurnalist emas. Ba’zilar esa sohani mayda tirikchilik manbaiga aylantirib yuborayotganday…

Shu sabab… Bunday vaziyatda o‘zbek jurnalistining ovozi baralla yangramog‘i, murakkab mavzularda ko‘proq tahliliy, foydali maqolalar yozmog‘i, yoshlarga adashmaslik yo‘llarini ko‘rsatmog‘i bag‘oyat muhimdir. Bu esa, o‘z navbatida, katta ­mas’uliyat ham talab qiladi. Ayniqsa sohaga endi kirib kelayotgan yoshlar ushbu mas’uliyatni ­sezyaptimi, javobgarlikni his etyaptimi? Bu ham bugunning nozik savoli.

Ular ozgina so‘z aytish uchun ko‘p narsalarni bilish, juda ko‘p ko‘rish, voqealarni, odamlarni, fakt­larni, qarorlar-u qonunlarni, inson psixologiyasini bilish, o‘rganish zarurligini tushunyaptimi?

Bu xil savollarning javobini ko‘proq mahorat va fidoyilikdan axtarish to‘g‘ri bo‘ladi.

Buning uchun o‘z xalqini, uning milliy tuyg‘ularini ulug‘lash – jurnalistning bosh vazifasi bo‘lmog‘i darkor. Abdulla Oripovning she’rlari yoki Odil Yoqubovning muhabbat qissalari kabi ko‘ngilga inja xotiralarni boshlab kelmagan, o‘ylatmagan, dilga malham, dalda bermagan, porloq tuyg‘ularni uyg‘otmagan maqolalardan naf yo‘q. Yaxshi maqolaning inson ruhiga ta’sirini boshqa narsalar bilan almashtirib ham, taqqoslab ham bo‘lmaydi. Biz mana shu nuqtalarga u qadar e’tibor bermaymiz va shuning uchun ham jurnalistika ijodkorligida katta voqealar yuz bermayapti. Bu holat xorij jurnalistikasi bilan taqqoslanganda, ayniqsa, ayon ko‘rinadi. Misol uchun, rus pub­litsistlarining yirik ijtimoiy mavzularni mahorat bilan tasvirlashi kishini hayratga soladi. Biz esa fakt va raqamlarni sanashdan nariga o‘tolmaymiz, ta’sirsiz, ehtirossiz, sovuq satrlar esa, tabiiyki, odamlar qalbiga ham, ongiga ham yetib bormaydi, singmaydi. Ma’naviy qudratli kishilar obrazlari, qiyofalari o‘rnida, xira soyalarga ko‘zingiz tushadi. Shunday damlarda beixtiyor Xudoyberdi To‘xtaboyevning feletonlarini, Sharof Ubaydullayevning umri porloq publitsistikasini sog‘inayotganingni his qilasan kishi. Vaholanki, yurtimizning olis Mo‘ynog‘idagi odamzot tushiga kirmagan gurkirashlar, Buxoro-yu, Surxon dashtlaridagi klaster ustalarining qaynoq hayoti, Toshkent va viloyat markazlarida qad ko‘tarayotgan osmono‘par «siti»lar, yer osti-yu, ustida qurilayotgan metrolar, xullas, bizni ilhomlantiradigan, hayajonlantiradigan, zamon va zamondoshlar haqida o‘ylantiradigan voqealar chaman-chaman ochilib yotibdi. Ularning har biri bizga chinor yanglig‘ basavlat publitsis­tik maqolalar uchun tayyor manbalardir.

Shu o‘rindi ikki og‘iz jurnalistika tili xususida. Millatsevar adib Abdulhamid Cho‘lpon bir maqolasida: «Matbuot – xalqning tilidur», deydi. Ya’ni matbuot tilining xalq tilidek sodda va tushunarli bo‘lishi kerakligini urg‘ulaydi. Bizning tilimiz azal-azaldan jahondagi eng serjilo, eng baquvvat lisonlar qatorida turadi. Ming-ming yillardan buyon insoniyat ma’naviy mulki bo‘lib kelayotgan zarbulmasallarimiz, maqol-u matallarimiz bor. Ammo bugun ba’zi maqolalarni o‘qiganda lutfimizning go‘zal latofatlari u yoqda tursin, qog‘oz gullarchalik husnni ham izlab topish mahol. Tiniq, siqiq, sodda, sermazmun jumlalar o‘rnida, dabdabali, umri kalta, puch so‘zlar chuvalchangday cho‘zilib yotadi. «Ma’nosi yo‘q gapdan, donasi bor cho‘p yaxshi» degandek, mantiqsiz va grammatik jihatdan no‘noq satrlar qalashib ketgan.

Bugungi internet jurnalistikasining bu boradagi ahvoli ayniqsa ayanchli. Shu sabab, aytish mumkinki, bu soha alohida tahlilga muhtoj, sohada alohida qonun qabul qilish payti ham kelgan.

O‘ylantiradigan yana bir masala bor. So‘nggi vaqtlarda yoppasiga iqtisodiyotga yopishdik. To‘g‘ri, bo‘sh qop tik turmaydi. Prezidentning «biz bugun yaxshi yashashimiz kerak», deya qayta-qayta takrorlayotgani ham shundan. Ust-boshi but odam qishdan cho‘chimaydi. Bular ham bor gaplar. Ammo ota-bobolarimizdan qolgan juda qimmatli ma’naviy fazilatlar ham borki, ba’zida odamgarchilik, mehr-oqibat, degan tushunchalarni bir chetga surib qo‘yganga o‘xshaymiz… Nazdimda, bugun qalam ahli insoniyatga mansub ruhiy olamni bor murakkablik­lari bilan tasvirlab, tahlil qilib berolmayotir.

Yaqinda Moskvada MDHga a’zo davlatlar axborot agentliklari vakillarining uchrashuvi bo‘ldi. O‘sha yerda ham xuddi shu masala: «Nega jurnalistlar mahsulotida ma’naviyat sust, insoniy harorat yo‘q?», degan muammo qayta-qayta tilga olindi. Qarangki, bu savdolar hamma yerda dolzarb ekan.

Buning uchun jurnalistning professional mahoratini oshirish, kadrlar tayyorlash masalasiga e’tibor qaratish bag‘oyat muhim. Shu bois, mamlakatimizda ta’lim muassasalarining moddiy-texnik bazasini takomillashtirish, ta’lim jarayonida yangi pedagogik va axborot texnologiyalaridan samarali foydalanish, nazariya va amaliyot uyg‘unligini mustahkamlash, «ustoz-shogird» an’analarini rivojlantirishga oid keng qamrovli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetining tashkil etilgani bunga misol.

Prezidentimizning 2019 yil 2 dekabrdagi «O‘zbekiston Milliy axborot agentligi faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori ham mazkur yo‘nalishning aynan davomidir. Rostini aytish kerak, jurnalistlar bunday muhim hujjatni kecha yoki o‘tgan kuni emas, balki avvalgi asrdan buyon intiq bo‘lib kutayotgan edilar. Sho‘ro zamonida tashkil etilgan O‘zTAG ­dunyoga kelganidan to ketguniga qadar TASSning dastyori bo‘ldi. Markaz chizgan chiziqdan chiqmadi, chiqolmasdi ham. Garchand, 1992 yilda agentlikka milliylik maqomi berilgan esa-da, u amalda bunday sharafga munosib bo‘la olmadi. Agentlik faoliyatini tubdan yangilash uchun xuddi shunday qaror tarixiy zaruriyat edi.

Qarorda agentlikning asosiy vazifalari va faoliyatining ustuvor yo‘nalishlari aniq-tiniq belgilab berildi. Yurtimizning ijtimoiy-siyosiy hayotiga doir rasmiy ma’lumotlarni izlash, olish, qayta ishlash hamda axborot, axborot-tahliliy, tahliliy-tanqidiy materiallar tayyorlash va tarqatish uchun nimalarga diqqat qilish zarurligi ko‘rsatildi. Endi agentlik zamonaviy qiyofa kasb etadi. Agentlik tarkibida Media markaz faoliyati yo‘lga qo‘yiladi. Foydalanuvchilar uchun qulay, audio, video axborotlarni tarqatish imkoniyatlari mavjud bo‘lgan O‘zAning axborot portali ish boshlaydi.

O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan tub islohotlarning asl mazmuni va mohiyati haqida xolis xabarlarni aholining barcha qatlamlariga hamda dunyo hamjamiyatiga tezkorlik bilan yetkazish sifati yanada oshadi.

Matbuotimiz bugun shov-shuvlar qilyapti, kamchiliklar borasida bong uryapti, beayov tanqidlar bo‘lyapti, bahslar, munozaralar avj pardalarda davom etyapti. Bularning hammasi kerak, hammasi yaxshi, hammasi yangilanayotgan jurnalistikamiz ko‘rinishlari. Mana shu ibratli ko‘tarilishlar yoniga endi xorijlik kasbdoshlar bilan hamkorlik qilish, do‘stona aloqalar vositasida mamlakatimizda bo‘layotgan bahoriy ko‘karishlar, gullarga burkanishlar manzaralarini dunyoga ko‘rsatish muborak vazifadir. O‘zA to‘g‘risidagi qarorda shuning uchun ham bu yo‘nalishga alohida diqqat qaratilgan.

Yurtimiz rivojlanish pallalaridan yuqorilab borar ekan, har jabhada bo‘layotgan o‘zgarish­lar, yutuqlar bilan birga hal etilishi lozim bo‘lgan kamchiliklar borasida qayg‘urish ham jurnalistdan masalaga alohida yondashishni talab etadi. Xalqning ishonchi, e’tibori unga kuch-quvvat bag‘ish­laydi.

Muazzam vazifalarni ado etmoq uchun Vatan bizdan ayricha shiddat, shijoat kutyapti. Jilg‘alar-jilg‘alarga, anhorlar-anhorlarga, daryolar-daryolarga, dengizlar-dengizlarga qo‘shilib, bepoyon ummonlarga aylangani singari qo‘lni-qo‘lga berib, dilni-dilga payvand qilib, ummonlarga aylanadigan vaqt keldi!

Ommaviy axborot vositalari ana shunda jamiyat ko‘zgusiga aylanadi, unda haqiqiy hayot butun bo‘y-basti bilan ro‘y-rost ko‘rinib turadi.

Abdusaid KO‘CHIMOV,

O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist.

Manba: «Ishonch» gazetasi