Shovqin qilmang, sizdan boshqalar ham bor…

2019-12-19T11:55:35+05:0019 December, 2019|Hafta maqolasi|

Manzilga shoshib borar ekansiz, avtobus salonida turli voqialarga duch kelasiz. Kimdir o‘zidan kattalarga joy bersa, yana ayrimlar kichiklarga izzat-ikrom ko‘rsatishadi. Ammo hamma o‘smir-yoshlar ham shundaymi?

Ayrim tengdoshlarimiz qayerdaligini unitib qo‘yadimi yoki odobi “g‘ovlagan”idanmi sherigi bilan ovozini baralla qo‘yib gaplashadi. Xuddi atrofida hech kim yo‘qdek. Bu millatimizga yot, odob-axloq qoidalariga to‘g‘ri kelmasligini yo bilmaydi, yo bilsa ham o‘zligimizni pisand qilmaydi.

Avtobusda ishga ketayotsam ikkita o‘spirin yigit, ko‘rinishidan talaba bo‘lsa kerak, o‘rindiqni band qilib, qo‘lidagi telefonga termulgancha nimanidir titkiladi, atrofga qaragisi yo‘q. Izlaganini topishdi shekilli, darrov quloqchinini taqib, ko‘zlarini yumib, boshini orqaga tashlab, telefonidan nimanidir eshita boshladi. Yo‘lakda turib qolgan onaxon: “Qani turlaring-chi! Insoflaring bormi o‘zi?! Na kattani biladi bular, na kichikni”, deya shang‘illab gapirgach noilojlikdan, norozi qiyofada o‘rindiqni bo‘shatishdi…

Ertalabki o‘smir-yoshlarning keksalarga bo‘lgan muomalasidan xijil bo‘lib tahririyatga kelasam, kichik maqola olib kelgan talaba yigit kutib turgan ekan, u ham ko‘rgan-bilganlarini so‘zlab berdi:

— Uyimizni yonida maktab bor, o‘qishga borguncha har kuni yonidan o‘taman, bugun ertalab maktabga kelayotgan o‘quvchilarni kuzatdim. Ayrimlari televizorda ko‘rgan chet el filmini o‘zlaricha muhokama qilishardi, quloq tutdim, biri: “Voy, ana uni, ko‘rdingmi? O‘g‘limidi, otasini urib o‘ldirgan”, desa, ikkinchisi: “Man-chi, uni ko‘rmadim, ana uni, sevgi haqidagisini ko‘rdim, bog‘da uchrashib turishadi-ku! O‘shani…”, deb gap tashlaydi. Yuz ifodasiga nazar solaman, yuz-ko‘zida kinodagi qahramonlar xulf-atvorining ta’siri borligini sezib qoldim. Beixtiyor oilasida muhit qanday ekan, deb o‘ylab qoldim. Ba’zilarining kiynishini ko‘rib ensam qotdi, aslida qishni kunida yengil-yelpi, tor kofta-yubkada yurishning sog‘likka ham zarari bor. Bir qarashda maktab o‘quvchisiga o‘xshamaydi. Qulog‘iga quloqchin taqib olgan o‘quvchilar, salom berish uyoqda tursin, oldidan yoshi katta odam o‘tib ketsa ham sezishmaydi. O‘ylab qolaman, ertamiz qanday bo‘larkin? — deydi Elyor Mamatov.

O‘zaro fikrlash jarayonida buday muammolarning oldini olishning yechimi: “Oila-Mahalla-Maktab” hamkorligini yanada mustahkamlash kerakligini angladim. Axir, “bir bolaga yetti mahalla ota-ona”, deb bekorga aytishmagan…

Albatta, bunga g‘arbning yalong‘och madaniyatini targ‘ib qiluvchi teleseriallar, kinolar ham sabab bo‘lmoqda. Kuni-tun televizorda chet el kinolarini namoyish qilishadi. Ba’zi filmlar millatimiz, dinimizga yot g‘oyalarni targ‘ib qiladi. Axir buzg‘unchi mafkuraga asoslangan filmlar tengdoshlarimizning tarbiyasini buzmasligiga kim kafolat beradi?

Muhammadsodiq TO‘RAYEV.

Manba: «Hurriyat» gazetasi