Qars ikki qo‘ldan

2019-12-16T09:26:07+05:0016 December, 2019|Hafta maqolasi|

Jamoatchilik nazorati shunday mezonga tayanmoqda

Bosh Qonunimiz qabul qilingan kun munosabati bilan o‘tkazilgan bayram tadbirida Prezidentimizning nutqi barchaning kayfiyatiga, qarashlariga o‘ktamlik, shaxd va shiddat baxsh etdi, desam adashmagan bo‘laman, nazarimda. Ma’ruzadagi bugungi jarayonlarga munosabat, tahlil, ertangi va istiqboldagi rejalar, maqsad va vazifalar barchamizni ruhlantirgani ham bor gap.

Davlatimiz rahbari o‘z nutqida jamoatchilik nazoratiga alohida to‘xtaldi. Shu o‘rinda aytish o‘rinliki, bu nazorat mohiyat e’tibori bilan eski, tazyiqqa asoslangan «nazorat»dan farq qiladi. Ya’ni u liberal – jamoatchilik kuchiga tayanadi. Bu nima uchun kerak? Chorak asr yopiq turgan jamiyat sathidagi silsila o‘z selida ko‘p loyqalarni oqizishi bor gap edi. Ushbu omilni shu zarurat kun tartibiga qo‘ydi. Zotan, zulmatdan chiqqan odamning yorug‘likka moslashishi oson emas…

Gapning ochig‘i, so‘nggi uch yilda jamiyat butunlay o‘zgardi. Davlat boshqaruvi yopiqlikdan ochiqlikka o‘tdi. So‘z va fikr erkinligi kengaydi. Ommaviy axborot vositalari «jonlanib» qoldi… Va bu hali nimjon bo‘lgan demokratik jamiyatni asrab-avaylash mas’uliyatini paydo qildi.

Hozir ijtimoiy tarmoqlar orqali biron bir hokim yoki vazirni tanqid qilishdan osoni yo‘q. Tanqidiy maqolasiz matbuot sahifalarini topish ham dushvor. Internet saytlarida, telekanallar yoki radiokanallarda jamiyatdagi barcha jarayonlar shaffof yoritilmoqda. Taqiqlangan mavzu, yoqangdan oladigan qo‘lning o‘zi yo‘q…

Shu bilan birga, asossiz, ma’ni va mantiqdan ancha olis bo‘lgan «so‘z aytish»lar ham etarli. Buni o‘sha sel oqizib kelayotgan loyqa, deyishimiz ham mumkin.

Ijtimoiy tarmoqlardagi turli, ba’zan asosli, ba’zan asossiz fikrlarning hammasi ham hammamizga yoqavermaydi… Ammo bular jamiyatning ishtirokchisi bo‘lgan fuqarolarning bugungi dunyoqarashi…

Prezident aynan ochiqlik siyosatiga o‘z munosabatini bildirar ekan, jamoatchilik nazoratiga alohida to‘xtaldi.

Darhaqiqat, jamoatchilik nazorati bugun davlat idoralari faoliyatiga eng haqqoniy baho beradigan mezon ekanini hayotning o‘zi isbotlab berdi.

Jamoatchilik nazorati degan tushunchani xalq bilan bamaslahat ish yuritish, uning fikriga quloq tutish sinonimi o‘rnida qo‘llashimiz ham mumkin.

Darhaqiqat, endi birorta viloyat hokimi o‘z boshqaruvidagi jamoaning yoki xalqning oldiga chiqib ko‘ngli tusagan, aqli etgani kabi fikrni o‘ylamasdan ayta olmaydi. Endi u jamoatchilikning noto‘g‘ri fikrni, noto‘g‘ri boshqaruv yoki adolatsiz qarorni javobsiz qoldirmasligidan ogoh bo‘lishga majbur. Buni bir qator hudud rahbarlarining ijtimoiy tarmoqlarda o‘z «bahosi»ni olib ulgurganidan keyingi natija deya olamiz.

Oldimizda turgan siyosiy jarayon – parlament va mahalliy kengashlarga saylovlarda ilgarigidek aravani quruq olib qochish bilan ovoz ololmasligiga har qandayin nomzodning aqli etyapti. Yoinki, matbuot bilan ishlamayotgan, uning sahifalarida bildirilayotgan asosli tanqidlar va tahlillardan bexabar bo‘lib yurish ertangi taqdiriga ham ­loqaydlik ekanini tushunmagan rahbarning ham tobora ozayayotgani quvonarli.
Ijtimoiy tarmoqlarda ayovsiz muhokamalarga sabab bo‘lgan holatlar esa ayni ijtimoiy fikrning, jamoatchilik nazoratining kuchi va qudrati nimalarga qodir ekanini yaqqol namoyon etayotir.

Men Yurtboshimizning yonib, kuyib, dona-dona, takror va takror aytgan ­fikrlaridan rosti, qalbimda iftixor tuydim. Axir Prezident ochiqlik siyosatini tanlab, bugungi ahvolimizga oyna tutdi.

Ahvolimiz esa… Maqtana olmaymiz! Vazirlarning ham, hokimlarning ham, ertaga siyosiy maydonda javlon urmoqchi bo‘layotgan nomzodlarning ham salohiyati bizni to‘la qoniqtira olmayapti. Buning sabablarini izlashning hojati yo‘q. Ularni fahmi etgan odam yaxshi ­anglaydi. Bu – boshqa masala. Biz kechagi emas, bugungi va ertangi kun dardi bilan yashashni ixtiyor etdik.

Prezidentimiz «jamoatchilik nazorati «bir tomonlama vosita»ga aylanib qolmasligi kerak»ligini istayapti. Bu juda nozik nuqta! Hali ommaviy axborot vositalarida biryoqlamalik juda kuchli. Biron tanqidiy maqolani tahlil qiling, siz uni topasiz. Biz tanganing ikkinchi tomoniga qaramay o‘rgandik. Bizda, afsuski, tanqid qilish topshiriladi, tahlil qilish emas. Bu mezon har bir matbuot nashri, internet sayti yoki tele va radio ijodkorning adolat tamoyiliga aylanishi lozim. Axir, ijtimoiy tarmoqda ko‘ngli tusagan fikrni fikr, deb aytayotgan odamlardan jurnalistning fikri balandroq bo‘lishi talab etiladi.

E’tiboringizga bir necha raqamlarni keltiraman: so‘nggi uch yilda Toshkent shahrida amalga oshirilgan bunyodkorlik ishlari 1966 yilgi zilziladan keyin sobiq ittifoqning barcha respublikalaridan yig‘ilib kelib qilingan qurilish­lardan bir necha barobar ko‘proq hajm va raqamga teng bo‘ldi! Buni hech qaysimiz hali aytmadik.

Yoki shaxsan o‘zim bevosita ishtirokchi bo‘lgan jarayondagi yana bir raqamni aytay: 2017-2018 yillarda Prezidentimizning 2017 yil 12 sentyabrdagi «Aholining kam ta’minlangan qatlamlarini qo‘llab-quvvatlashga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarori bilan 1000 ga yaqin ijtimoiy nochor oila uy-joy bilan beg‘araz, ya’ni bepul ta’minlandi. Har bir viloyatda yuzlab xonadonlarning uy-joylari ta’mirlab berildi. Dori-darmon uchun yuzlab nochor bemorlarga yordam puli ajratildi. Bu – bir qaror atrofidagi raqamlar! Agar hayotga adolat mezoni bilan qaramoqchi ekanmiz, tan olish kerakki, hali bunaqa amaliyot bironta rivojlangan va taraqqiy topayotgan mamlakatda kuzatilmagan, amalga oshirilmagan!

Prezident qars ikki qo‘ldan chiqishini, hayotga adolat nazari bilan qarashni taklif etmoqda! Shubha yo‘qki, bu adolatli taklif!

Nutqda yana bir e’tiborli nuqta bor: Shuni aniq tushunib olish lozimki, jamoatchilik nazorati – bu faqatgina davlat idoralari faoliyati ustidan nazorat emas, balki jamiyatning o‘zini o‘zi boshqarish usuli, boshqacha aytganda, fuqarolik jamiyatini taraqqiy toptirishning muhim omillaridan biridir.

Bu ham adolat! Jamoatchilik nazorati bir tomonlama tanqid va tosh otishlardangina iborat bo‘lishi mumkin emas.

O‘zbekistonda jamoatchilik nazorati va ommaviy axborot vositalari vakillarining qonuniy haq-huquqlariga hech qanday ­shaklda tazyiq o‘tkazishga yo‘l­qo‘yilmaydi.

Nutqning bu joyi menga, mening kasbdoshlarim, jurnalistlarga alohida tegishli nuqtadir.

Prezidentimiz jamiyat bilan baqamti ishlashni istayapti, uning qalbiga quloq tutishni ixtiyor etmoqda, jamiyatni pok niyatlar, hamjihatlik bilan boshqarishni niyat qilmoqda.

Keling, shu ezgu ishlarda elkadosh bo‘laylik. Erkin fikr aytishda, yurt ravnaqi, odamlarning rizoligi yo‘lida jasorat, vatanparvarlik, adolat va xolislik kabi muqaddas tushunchalarni bayrog‘imizga aylantiraylik!

Husan ERMATOV.

Manba: «Ishonch» gazetasi