Qachongacha ma’naviyatga befarq bo‘lamiz?

2019-12-16T09:15:40+05:0016 December, 2019|Umumiy yangiliklar|

Afsus

Muhtaram Prezidentimiz Sh.Mirziyoev O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 27 yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi ma’ruzalarida sud-huquq islohotlari, jamoatchilik nazorati haqida so‘zlab ommaviy axborot vositalarini esa “jamiyat ko‘zgu”siga aylantirish yuzasidan xalqchil fikrlarni aytib o‘tdilar.

Ammo ming tassufki, bugungi kunda yurtimizdagi ayrim yirik tashkilot va muassasalarda hali ham OAV bilan ishlash hamkorlik qilish o‘ta qoloqligicha qolmoqda.Ulardagi ijro intizomi va nazorati borasida qilinayotgan ishlar bugungi yangi O‘zbekiston sharoitida qoniqarli emasligini “O‘zbekneftgaz” aktsiyadorlik jamiyatining tashkilotlarga yuborayotgan yuzaki javob xatlaridan ham ko‘rinadi. “O‘zbekneftgaz”AJ va shunga o‘xshash tashkilotlarda matbuot, ma’naviyat va ijtimoiy-siyosiy jarayonlarga befarqlik oqibatida hududlarimizdagi ularga tegishli ob’ektlar va ular bilan hamkorlik qiluvchi shoxobchalarda echimini kutib yotgan muammolar qalashib yotibdi. Bularning barchasini negizida kerak bo‘lsa, bilimsizlik, kitob o‘qimaslik va OAVlariga,demakki, ma’naviyatga befarqlik ham sabab bo‘lsa, ne ajab.

Yurtimizdagi nufuzli “O‘zbekneftgaz”AJ boshqaruv raisi o‘rinbosari Ulug‘bek Ashurov imzosi bilan yo‘llangan xatni o‘qib, yana o‘zingiz xulosa chiqaring. Jumladan,gazetamizga yo‘llangan javob xatida shunday deyiladi: “2020 yil uchun obuna ishlarini tashkil etishda “O‘zbekneftgaz”AJ tomonidan bugungi kunda zaruriyat yo‘qligini ma’lum qilamiz”. Shunday yirik tashkilotda “ma’naviyatga zarurat yo‘q ” ekan, joylardagi muammolar kelgusida ham davom etaverar ekan-da. Qachongacha ma’naviyatga va ma’rifat masalaga befarq qaraymiz, janob Ashurov…lar?

O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasi mutasaddilari tomonidan javob xatida esa batomom boshqa—yorug‘ manzara. Qo‘mitaning Jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari bilan aloqalar bo‘limi boshlig‘i N. Salomov tomonidan tahririyatga yo‘llangan xatda esa qo‘mita tomonidan 2020 yil uchun obunani tashkillashtarish, bojxona faoliyatini gazeta sahifalarida keng targ‘ib qilish orqali ommaga etkazish,hamkorlik ishlarini yangi bosqichga ko‘tarish yuzasidan bahamjihatlikda ishlashga tayyor ekanliklari bayon etiladi.

Ha, hamma narsa odamning o‘ziga bog‘liq. Qaysi tashkilot, qaysi idora bo‘lmasin, o‘sha joydagi rahbarning neki bo‘lsa, munosabatiga bog‘liq, albatta. Bahona topaman desang, hamisha topsa bo‘ladi deganlaridek, aytaylik, ish olg‘a ketmasa, u bahona, gaz etkazib berilmasa, bu bahona, gaz bosimi pasayib ketsa, sovuq bahona… bo‘laveradi-da.

Shunday ekan, “O‘zbekneftgaz”dagilar gazeta o‘qishga zaruriyat yo‘q deb turishgach, biz nima ham deya olardik?!

Mayli, «zaruriyat bo‘lmasa» nachora? Yana «obuna majburiymi? deya yoqamizdan olishmasin. Aslo, unday emas. Majburiy emas. Biz faqat shunchaki bir narsaga “O‘zbekneftgaz”ning yuqorida tilga olingan javob xatidagi «obuna ishlarini tashkil etishda zaruriyat yo‘q» deyilganiga tushunmadik, xolos.

Hikmatullo QODIROV.

Manba:«Hurriyat» gazetasi.