Ijodkor uchun to‘lqinlanib, jo‘shib yozadigan davr keldi

2019-12-16T06:18:19+05:0016 December, 2019|Umumiy yangiliklar|

Navoiyda faxriy jurnalistlarga ehtirom ko‘rsatildi

O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi tomonidan mamlakatimizdagi muhim sana va bayramlar munosabati bilan faxriy jurnalistlarni rag‘batlantirib borish an’anaga aylangan.

Hamkasblarga ko‘rsatilayotgan bu e’tibor va e’zoz esa ular qalbini yuksaltirib, yangi asarlar yaratilishiga turtki bo‘layapti. Aslida ham faxriylar ko‘nglini so‘rash, ularni yo‘qlash, g‘amxo‘rlik ko‘rsatish qon-qonimizga singib ketgan azaliy qadriyat sanaladi.

Kuni kecha O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi Navoiy viloyati bo‘limi tomonidan uzoq yillar “Karmana ovozi” gazetasi tahririyatida mas’ul kotib sifatida faoliyat ko‘rsatib, ayni paytda nafaqada qarilik gashtini surayotgan Odil Hotamovga O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi tomonidan taqdim etilgan 500 ming so‘mlik oziq-ovqat mahsulotlari jamlanmasi taqdim etildi.

Shuningdek, soha rivojiga qo‘shgan va qo‘shayotgan munosib xizmatlari uchun O.Hotamov Uyushmaning viloyat bo‘limi tomonidan tashakkurnoma bilan ham taqdirlandi.

— To‘g‘risi, O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasining bunday yuksak e’tiboridan ruhlanib ketdim. Uzoq yillik kamtarona mehnatlarimiz Uyushmamiz e’tiborida ekanligidan qalbim g‘urur va iftixorga to‘ldi. Bu e’tibor nafaqat meni, balki oila a’zolarimni ham xursand qilib yubordi. Buning uchun Uyushma rahbariyatiga o‘zimning chekiz minnatdorchiligimni bildiraman. Biz ijodkorlar doimo Davlatimiz rahbari tomonidan olib borilayotgan izchil islohotlarni keng yoritishimiz, yangi-yangi asarlar, publitsistik maqolalar yozib, jamiyatimiz rivojiga o‘zimizning munosib hissamizni qo‘shishimiz kerak, — deydi faxriy jurnalist, “Shuhrat” medali va “Mehnat shuhrati” ordeni sohibi Odil Hotamov.

Odil Hotamov 40 yildan oshiq vaqt bitta tahririyatda ishlab, yuzlab shogirdlar tarbiyaladi. Bugun ustoz nafaqada bo‘lsa-da, “Karmana ovozi” gazetasida o‘zi tomonidan tashkil etilgan “Chashma” to‘garagi faoliyatini davom ettirib kelmoqda. Bugun ham bu maktabda o‘nlab yosh ijodkorlar, bo‘lajak jurnalistlar Odil akadan kasb sirlarini o‘rganmoqda.

O‘zbekiston Jurnalistlari va Yozuvchilari uyushmalari a’zosi, o‘nlab kitoblar muallifi Odil Hotamovdek matbuot fidoyilarining hayoti va faoliyati bugun shogirdlar uchun haqiqiy ibrat maktabidir.

Xatirchilik Ahmadjon Elmurodov mana bir necha yildirki nafaqada. Ahmadjon aka o‘zoq yillar Xatirchi tumani hokimligi muassisligidagi “Xatirchi hayoti” gazetasida fotomuxbir sifatida faoliyat ko‘rsatdi. Tajribali fotomuxbir yaratgan foto asrarlar nafaqat tuman gazetasida, balki viloyat “Do‘stlik bayrog‘i” gazetasi sahifalarida ham muntazam yoritilib kelindi.

Bugun farzandu nabiralar qurshovida baxtli hayot kechirayotgan Ahmadjon akaning nabirasi Anvarjon ham bobosi kasbini davom ettirib, tuman gazetasida fotomuxbir sifatida faoliyat ko‘rsatmoqda.

Ahmadjon aka faoliyati davomida yaratgan barcha foto asarlarini to‘plab 3 qismdan iborat bo‘lgan turkum kitobalbomlar nashr ettirdi. Ayni paytda esa to‘rtinchi kitobalbom ustida ish olib bormoqda.

Jurnalistlar uyushmasi tomonidan Ahmadjon Elmurodovning ham uzoq yillik kasbiy faoliyati inobatga olinib, ustoz ijodkorga 500 ming so‘mlik oziq-ovqat mahsulotlari jamlamasi shogirdlar ishtirokida tantanali ravishda topshirildi. Bu ehtirom esa Ahmadjon akani yanada to‘lqinlantirib yubordi.

— Ijodkor shirin so‘z shaydosi, — deydi Ahmadjon Elmurodov. — Bizdek, bir qalam ahlini yo‘qlagan O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi rahbariyatidan minnatdorman. Biz faxriylardan hol so‘raganlar hech qachon kam bo‘lmasin. Yurtimiz tinch, osmonimiz hamisha musaffo bo‘lsin. Yonib ijod qiladigan zamon keldi. Bugun to‘lqinlanib, jo‘shib yozadigan davr keldi. Biz ham ijoddan, yangi foto asarlar yaratishdan aslo charchamaymiz. Bu e’tibor esa kuchimizga kuch qo‘shadi.

Ahmadjon Elmurodovga ham samarali faoliyati va soha rivojiga qo‘shgan munosib hissasi uchun Jurnalistlar ijodiy uyushmasining tashakkurnomasi taqdim etildi.

Bu kabi ezgu ishlar bardavomdir.

Otabek ASLONOV,

O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi

Navoiy viloyati bo‘limi raisi.