«Ko‘zimiz ojizdir, ammo qo‘limiz botir»

2019-12-13T14:19:27+05:0013 December, 2019|Hafta maqolasi|

Ish o‘rinlari qisqarishi sababi nimada?

O‘zbekiston ko‘zi ojizlar jamiyatining Jizzax viloyati bo‘limi ayni vaqtda 3 ming nafarga yaqin 1-, 2-guruh nogironlarini a’zolikka qabul qilgan. Joylarda 13 ta tuman-shahar bo‘linmalari faoliyat yuritmoqda.

Ammo keyingi vaqtlarda ko‘zi ojiz nogironlarning ish o‘rni saqlab qolinmayotgani, ular uchun yetarli shart-sharoit yaratilmayotgani haqli e’tirozlarga sabab bo‘layotir.

– Yuzaga kelgan ahvolga loqayd qarab bo‘lmaydi, – deydi O‘zbekiston ko‘zi ojizlar jamiyatining Jizzax viloyati ish yurituvchisi Sayyora Omonboyeva. – Jamiyatga a’zo bo‘lgan 212 nafargina kishi doimiy ish o‘rniga ega. Mahalliy hokimliklar «Ko‘zi ojizlar jamiyati»ning bo‘linmalari ishiga yetarli e’tibor bermayapti. Nogironlarning ish o‘rnini saqlab qolish uchun kirmagan eshigimiz, uchrashmagan rahbarimiz qolmadi. Biroq haligacha natija yo‘q. Nima qilishga ham hayronmiz…

Ko‘zi ojizlar jamiyatining Jizzax viloyati bo‘limi tasarrufidagi o‘quv ishlab chiqarish kombinati qoshidagi «Jizzax salomatlik» ­mas’uliyati cheklangan jamiyatidamiz. Binoning birinchi, uchinchi qavatlari bo‘m-bo‘sh. Ikkinchi qavatidagina to‘quv va tikuv dastgohlari o‘rnatilgan. Hayhotday ishlab chiqarish sexida faqat bir kishini uchratdik.

– Uch yildan buyon ushbu korxonada ishlayman, – dedi o‘zini Ra’no Umirboyeva deya tanishtirgan ayol. – Biroq so‘nggi vaqtlarda ish to‘xtab qoldi. Bitta ko‘rpa yoki to‘shak qaviganimiz uchun 5-6 ming so‘mdan mehnat haqi olardik. Kuniga 20-25 ming so‘m uchun ishlab oila tebratardim. Mana bir necha oydirki, ishsizman. Oladigan nafaqam bilan oila tebratib bo‘lmaydi. Har kuni buyurtma bo‘lib qolar, degan umid bilan bu yerga kelib ketaman.

Shundan so‘ng korxona rahbari bilan uchrashdik.

– Ilgari shu sexning o‘zida 100 nafardan ziyod ko‘zi ojiz nogironlar mehnat qilardi, – deydi korxona rahbari Nizom Boboyev. – Ammo tayyorlayotgan mahsulotimizga talab tobora kamayib boryapti. Shu tariqa ish o‘rni qisqarmoqda. Mahsulotni sifatsiz deb aytolmaymiz. Biz davlat standartlariga mos ravishda mahsulot ishlab chiqaramiz. Har bir mahsulot maxsus qoliplarda tayyorlanadi. Chevarlarimiz zimmalaridagi topshiriqni ko‘z bilan emas, qalbdan his etgan holda uddalaydi. Bundan tashqari, tayyor­lanayotgan mahsulotlarning bar­cha­­siga sof paxtali matolar ishlatiladi.

– Unda muammo nimada?

– Muammo shundaki, mahsulot davlat standarti talablari darajasida bo‘lgani sababli narxi yuqori, – dey­di korxona rahbari. – Bozordagi sintetik matolardan tayyorlangan ko‘rpa-yostiqlar nisbatan arzon. Xaridorlarimiz ana shunga uchmoqda. Natijada, bizning mahsulotlar ­omborlarda qolib ­ketyapti.

Korxona narxnomasiga ko‘z yugurtiramiz. Ko‘rpa – 130 ming so‘m, to‘shak – 103 ming 500 so‘m, yostiq – 31 ming so‘m, choyshablar jamlamasi – 150 ming so‘m. Bularning barchasi pul o‘tkazish yo‘li bilan sotiladi. Lekin bozordan ana shunday mahsulotlarni sotib olayotganlar savdoni naqd pulda amalga oshiradi.

Shu o‘rinda bir mulohaza: balki ish o‘rinlarini saqlab qolish, mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanish uchun maxsus das­tur kerakdir?

To‘g‘ri, o‘tgan yili jamiyatning viloyat bo‘limi va joylardagi 3 ta bo‘linmasi o‘zlari uchun o‘zlari ish o‘rni yaratdi.

– O‘tgan 2018 yil bir qator bo‘linmalarimizning chorasizlikdan qilgan harakatlari beiz ketmadi, – deydi Sayyora Omonboyeva. – Intilishlar natijasida Oliy Majlis huzuridagi nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondining grantini qo‘lga kiritdik. Do‘stlik tumani bo‘linmasi imkoniyati cheklangan ko‘zi ojiz nogironlarni o‘qitib, kasb-hunarga o‘rgatdi. Ayni paytda kasb-hunar egasi bo‘lganlarning 3 nafari doimiy ish bilan ta’minlandi. Qolgan 7 nafar nogironni o‘z kasblari bo‘yicha ishga joylashtirish choralari ko‘rilyapti. Forish tumani bo‘linmasi grant evaziga ko‘zi ojiz nogironlarga to‘quvchilik kasbini o‘rgatayotir. Baxmalliklar esa kimyoviy tozalash sexini ishga tushirishdi. Shu tariqa 4 nafar inson ish bilan ta’minlandi. Viloyat bo‘limi «Nogironligi bo‘lgan shaxslarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirish hamda ularning huquqiy erkinlik­larini himoya qilish» mavzusidagi grant dasturini amalga oshiryapti. Dastur ­doirasida «Men braylchani o‘rganaman» kitobini chop ettirishdi.

Ammo yana savol tug‘iladi: birgina grant loyihasi bilan ko‘zlangan maqsadga erishib bo‘ladimi? Qolgan a’zolar manfaati, turmushi, hayoti qanday kechadi? Bu og‘riqli savollarga mutasaddilar ham qalb ko‘zi bilan nigoh tashlab, javob izlash vaqti kelmadimikan?..

Muqimboy ISMOILOV.

Manba: «Ishonch» gazetasi