AQSh Global media agentligi mas’ul xodimi O‘zA rahbariyati bilan uchrashdi

2019-12-12T11:51:46+05:0012 December, 2019|Umumiy yangiliklar|

O‘zbekiston Milliy axborot agentligi rahbariyati AQSh Global media agentligining marketing va hamkorlik bo‘yicha menejeri Adam Gartner bilan uchrashdi.

Dastlab mehmon O‘zbekistonda so‘z erkinligi va ommaviy axborot vositalari faoliyatini takomillashtirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishtirildi. Jumladan, davlatimiz rahbari tomonidan 2019 yil 2 dekabr kuni qabul qilingan “O‘zbekiston Milliy axborot agentligi faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorining ahamiyati, uning ijrosi yuzasidan boshlangan ishlar va kutilayotgan o‘zgarishlar haqida batafsil ma’lumot berildi.

— O‘zbekistonning eng asosiy axborot agentligi bilan hamkorlik qilish biz uchun muhim, — dedi Adam Gartner uchrashuv davomida. — Prezidentning maxsus qarori chiqqan va aynan islohotlar boshlangan vaqtda uchrashganimizdan xursandman. Agentlik yangi davrga qadam bosmoqda. To‘g‘risi ikki kunlik tashrifimda O‘zbekiston haqida va bu yerdagi jurnalistlar haqidagi fikrlarim butkul o‘zgardi. Men bugungi yangilanayotgan mamlakatingizni ko‘rib ilhomlandim. Ijodkorlarni nigohida kelajakka ishonchni ko‘rayapman. Markaziy Osiyoning bu qismiga birinchi marotaba kelishim. Odamlar qurilishlar, o‘zgarishlar haqida gapirishayapti va asosiysi bu bilan faxrlanishayapti. O‘ylaymanki, bu islohotlar yanayam jadallashadi va mamlakatni ochiqlik siyosati o‘zgarmaydi.

Muzokaralar davomida tajriba almashishni kengaytirish, O‘zbekiston Milliy axborot agentligi xodimlarini AQSh Global media agentligi tarkibidagi OAVlarida malaka oshirishini tashkil etish, shuningdek, videojurnalistika, data-jurnalistika va zamonaviy multimedia uslublarini o‘zlashtirish bo‘yicha birgalikda treninglar tashkil etish masalalari ham ko‘rib chiqildi.

Eslatib o‘tamiz, 2017 yildan buyon O‘zbekiston Milliy axborot agentligi “Amerika ovozi”ning o‘zbek xizmati bilan hamkorlik qilib keladi

Manba: O‘zA