Qaysi nashrga obuna bo‘lmoqchisiz?

2019-12-12T09:56:27+05:0012 December, 2019|Umumiy yangiliklar|

Obuna. So‘nggi vaqtlarda bu so‘z gazeta xodimlari uchun og‘riqli masalaga aylandi. Majburiy obuna bekor qilingach, asl vaziyat oydinlashdi: ko‘pchilik matbuotni kuzatmaydi, o‘qimaydi, obuna bo‘lmaydi… Shu bois ixtiyoriy obuna bo‘lish tushunchasini ommalashtirmas ekanmiz, vaziyat o‘zgarmasligi tayin. Nafaqat ziyolilar, balki barcha aholi albatta, gazeta-jurnal, kitoblardan uzilmasligi darkor. Zero, mutolaadan uzoqlashish – ma’naviy tanazzulga yaqinlashuvdir.

Hozir vaziyat shunday: xalq ziyolilashmoqda. Istalgan nashrga bir yillik obuna bo‘lish tirikchilikka katta zarar etkazmaydi. Kimningdir tazyiqi va buyrug‘i bilan emas, o‘zingizni qiziqtirgan nashrga obuna bo‘ling, bu bilan siz ham, nashr ham foyda ko‘rsa ko‘radiki, aslo zarar ko‘rmaydi.

O‘qituvchilar, tadbirkorlar, ijodkorlar, ziyolilar, talabalar, jurnalistlar, umuman barcha kasb egalariga mos nashrlar, albatta, topiladi. Kasbingizdan tashqari, shuningdek, o‘zingizga sevimli nashrlar ham yo‘q emas. Xoh xususiy, xoh davlat nashrlari bo‘lsin, bugungi kunda ettidan etmish yoshgacha bo‘lgan turli saviyadagi insonlarning ehtiyojini qondiradigan gazeta-jurnallarimiz bor. 33 million nafar aholining hech bo‘lmasa, yarmi o‘z ixtiyori bilan sevimli nashriga obuna bo‘lganida edi, bugun matbuotning ­qadri baland bo‘lardi, aholi ongi yanada o‘sardi. Hozir adabiy nashrlarimizning obunasi ta’bni xira qiladi. Ularning adadi tushib bormoqda. Adabiy jurnallarda sara ijodiy namunalalar chop etib borilmoqda, biroq xaridor kam. Adabiy nashrlarni faqatgina yozuvchi shoirlargina emas, butun omma o‘qisa, qaniydi?.. Zero, adabiyot – insonni yuksaltiradi, ma’rifatga bosh­laydi, dunyoqarashni o‘stiradi. Bunda nafaqat kitoblar, balki davriy adabiy nashrlarni­­­­ng ham hissasi katta.

Adabiyotga befarq bo‘lmagan insonlardan shu haqdagi fikrlarini so‘radik. Qani, barchaning javobi shunday bo‘lsa:

G‘ayrat Sheraliev: Jamoamiz bilan «Tafakkur», «Jahon adabiyoti», «Sharq yulduzi», «Mushtum», «Ma’naviy hayot», «Ijod olami», «Yoshlik» jurnallariga, shuningdek, «O‘zbekis­ton adabiyoti va san’ati», «Kitob dunyosi», «Adabiyot ziyosi» gazetalariga yillik obuna bo‘ldik. Umuman, boshqa ijtimoiy-siyosiy, ma’rifiy nashrlarni ham qo‘shganda 2020 yil uchun qariyb 10 million so‘mlik obuna rasmiylashtirdik.

Ro‘ziqul Ochilov: «Tafakkur» va «Jahon adabiyoti», imkon bo‘lsa «Yoshlik»ka ham obuna bo‘lmoqchiman.

Otabek Isroilov: To‘ytepalik «Mash’al»chilar «Hurriyat», «Xalq so‘zi», «Toshkent haqiqati», «O‘zbekis­ton adabiyoti va san’ati», «Kitob dunyosi», «Adolat ko‘zgusi», «Shifo info»ga yillik obuna bo‘ldik. «Ma’naviy hayot», «Tafakkur», «Guliston», «Hurriyat», «Kitob dunyosi», «O‘zAS»ni shaxsan o‘zim uchun Qo‘yliqdagi kioskda o‘tiradigan Yulduz opadan xarid qilaman. «Yosh kuch»ga esa erta bilan borib obunani rasmiylashtiraman, nasib qilsa.

Asror Allayorov: Biz yuborgan narsalarni bermaydi hech bir adabiy nashr. Biz ham ko‘p narsa ololmaymiz real qaraganda. Shu bois xorijiy jurnallarni sotib olib qo‘ya qolaman.
Ulug‘bek Rahmatov: «Jahon adabiyoti» jurnaliga obuna bo‘laman.

Mirodil Abdurahmonov: Ishxona uchun jurnallardan «Tafakkur», gazetalardan «Ishonch», «Jamiyat», «Hurriyat», «Oila davrasida», «Oila va jamiyat» va «Iqtisodiy gazeta»ga obuna bo‘ldik. Rossiya nashrlari qimmatroq bo‘lsa ham 5 ta nashrga obuna qilindi. Bundan tashqari, katalogga kirmay qolgan bir-ikki adabiy badiiy gazetalarimiz bor ekan. Ularga ham, albatta, obuna uyushtiriladi. Bu har qanday tashkilot va tashkilot xodimlari uchun qo‘shimcha axborot olish imkonini beradi, deb o‘ylayman.

Aziz gazetxon, siz yangi yilda qaysi nashrga obuna bo‘lmoqchisiz? Albatta, ixtiyoriy tarzda! Shunchaki, chop etilayotgan nashrlarni kuzating, yoqqanini tanlang va pochta orqali yoki tahririyatga borib obuna bo‘ling. Bir yil davomida rang-barang sahifalari bilan xonadoningizda mehmon bo‘luvchi nashrdan albatta, minnatdor bo‘lasiz. Farzandlaringiz ham qo‘lingizda faqat telefon emas, gazetani ko‘rganida, sizdan ibrat oladi.

Nodirabegim IBROHIMOVA.

Manba:«Ishonch»