Mahalliy va xorijlik jurnalistlar ishtirokida Toyloq tumani sudlariga press-tur uyushtirildi

2019-12-12T08:27:30+05:0012 December, 2019|Umumiy yangiliklar|

O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi, AQSh Xalqaro Taraqqiyot agentligi (YuSAID) va BMT Taraqqiyot dasturining “O‘zbekistonda qonun ustuvorligi bo‘yicha hamkorlik“ qo‘shma loyihasi doirasida o‘tkazilayotgan press-tur ishtirokchilari Samarqandda bo‘ldi.

Belgilangan rejaga muvofiq, Sirdaryo va Jizzax viloyatlaridagi sudlar faoliyatini o‘rgangan milliy va xorijiy jurnalistlar bugun Toyloq tumani sudlari binosida yaratilgan sharoitlar, sud tizimiga kiritilayotgan yangi axborot texnologiyalari va ularning afzalliklari bilan yaqindan tanishishdi. O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisi o‘rinbosari X.Yodgorov mehmonlarni sud binosida yaratilgan imkoniyatlar bilan batafsil tanishtirib, ayni paytda mamlakatimiz sud-huquq tizimida amalga oshirilayotgan ishlar, sudlar faoliyati to‘g‘risida axborot berdi.

Ta’kidlandiki, joriy yilning o‘tgan davri mobaynida respublika miqyosida 780 nafar shaxs sud qaroriga ko‘ra oqlangan. Shuningdek, 6078 nafar shaxsga nisbatan jinoyat ishlari jabrlanuvchi va sudlanuvchi yarashganligi uchun to‘xtatilgan. 24 097 nafar shaxs jazoni o‘tashdan muddatidan oldin ozod etilgan. 2824 nafar shaxsga nisbatan ko‘rilgan ish bo‘yicha ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazo tayinlanib, zud zalidan ozod qilingan.

Press-tur ishtirokchilari jinoyat ishlari bo‘yicha Toyloq tumani sudida muqaddam sodir etgan jinoyati uchun tayinlangan axloq tuzatish va ozodlikdan cheklash jazolarini o‘tayotgan 5 nafar shaxsga nisbatan ko‘rilayotgan ishda bevosita qatnashishdi.

– Bugungi sud ishida 5 nafar mahkumning ishi ko‘rib chiqilib, ularning o‘z jinoiy harakatlarining salbiy oqibatini tushunib etganligi va pushaymonligi hisobga olinib, O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 73-moddasi talabida jazoning qolgan qismini o‘tashdan shartli ravishda ozod etildi, – deydi jinoyat ishlari bo‘yicha Toyloq tumani sudi raisi M.Ergashev. – Agar ushbu shaxslar yana qayta jinoyatga qo‘l ursa, ularga tayinlangan jazoga ushbu o‘talmay qolgan jazo muddati qo‘shib beriladi. Qonunchiligimizdagi ushbu tartib sud-huquq tizimida amalga oshirilayotgan insonparvarlik tamoyillari asosidagi islohotlar natijasidir.

Xorijlik jurnalistlar press-tur davomida sud jarayonlarida jurnalistlarning ishtiroki, sudga murojaat qilib kelayotgan fuqarolar fikr-mulohazalari bilan qiziqib, sudlar faoliyatidagi o‘zgarishlar, ayniqsa, yarashtiruv instituti, jazodan shartli ravishda ozod etish tartib-tamoyillarini alohida e’tirof etishdi.

Ishtirokchilar press-tur davomida Samarqand shahrining diqqatga sazovor joylari bilan tanishdi.

Shundan so‘ng mehmonlar “O‘zbekistonda qonun ustuvorligi bo‘yicha hamkorlik“ qo‘shma loyihasi doirasidagi konferentsiyada ishtirok etish uchun Buxoro shahriga yo‘l olishdi.

Alisher ISROILOV.