Televidenie va radioning tashviqotdagi ishtiroki qanday?

2019-12-12T08:21:33+05:0012 December, 2019|Umumiy yangiliklar|

Bugun Evropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosining uzoq muddatli kuzatuvchilari Mark Valler va Eliska Flidrova Qashqadaryo viloyati teleradiokompaniyasida bo‘lib, siyosiy partiyalar va deputatlikka nomzodlarning saylovoldi tashviqoti bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishdi.

Kuzatuvchilar Qashqadaryo viloyati teleradiokompaniyasi direktori Jahongir To‘ychiev bilan uchrashuvda bu boradagi o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi. Ta’kidlash kerakki, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va mahalliy kengashlar saylovlarida ishtirok etayotgan partiyalar va deputatlikka nomzodlarning saylovoldi tashviqoti uchun televidenie va radioda, viloyat saylov komissiyasi qaroriga ko‘ra, 2019 yilning 18 noyabridan boshlab har kuni bittadan siyosiy partiya uchun 30 daqiqadan bepul efir vaqti ajratilgan.

Haftaning dushanbasida O‘zLideP, seshanbasida “Adolat” SDP, chorshanbasida O‘zbekiston MTDP, payshanbasida O‘zbekiston XDP, jumasida O‘zbekiston Ekologik partiyasi chiqishlar qilmoqda. Bepul ajratilgan efir vaqtidan foydalanish turlari, shakllari va usullarini siyosiy partiyalar mustaqil belgilamoqda. Viloyat teleradiokompaniyasi partiyalarning chiqishlari uchun zarur barcha shart-sharoitlarni yaratib beryapti.

Bundan tashqari, shanba kuni partiyalar o‘rtasida bir soatlik debat efirga berilmoqda. Ularda har bir partiya vakillariga belgilangan reglamentga muvofiq teng vaqt ajratilayotir.

Mehmonlar televidenie va radioda haq evaziga efir vaqti ajratilishi yuzasidan belgilangan mezonlar, bu galgi saylovlar targ‘ibotining avvalgilaridan farqli jihatlari, saylovga oid ko‘rsatuvlarni aholining qancha qismi kuzatib borayotgani bilan ham qiziqdi. O‘zbekistonga Parlament saylovlarini kuzatish uchun Evropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosining 250 nafar qisqa muddatli kuzatuvchilari ham kelishini, ularning 22 nafari Qashqadaryoda bo‘lishini bildirdi.

O‘.BAROTOV.

Manba: O‘zA