Matbuot – jonli muloqot va hisobot berish minbari

2019-12-10T13:44:43+05:0010 December, 2019|Umumiy yangiliklar|

Bugun jamiyat hayotini matbuotsiz, jurnalistikasiz tasavvur qilish mushkul. Qariyb yuz yil muqaddam ham milliy matbuotimiz rivojiga ulkan hissa qo‘shgan buyuk bobokalonimiz Abdulhamid Sulaymon o‘g‘li Cho‘lpon “Matbuot hukumatning xalq bilan jonli muloqoti va unga bajargan ishlari haqida hisobot berish minbaridir” degan edi. Bu zalvorli fikr bugun ham o‘z mohiyatini yo‘qotgani yo‘q, aksincha, yanada dolzarb ahamiyat kasb etmoqda.

O‘zA muxbiri filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori Shahlo Hojiyeva bilan ayni shu mavzuda suhbatlashdi.

– Cho‘lpon bor-yo‘g‘i qirq yillik hayoti davomida o‘zbek adabiyoti tarixida, birinchi navbatda, hassos shoir, buyuk adib sifatida sanalsa-da, milliy matbuotimiz ravnaqiga ham salmoqli hissa qo‘shgan. Uning matbuotga qiziqishi va bu boradagi faoliyati haqida qanday fikrdasiz?

– Abdulhamid Cho‘lpon xalq dardini o‘zida aks ettirgan publitsistik maqolalari, serqirra ijtimoiy faoliyati bilan o‘zbek adabiyoti va madaniyati rivojiga ulkan hissa qo‘shdi. Qirq yillik qisqa umri davomida qismatning shafqatsiz zarbasiga uchrasa-da, bir lahza bo‘lsin, ijoddan to‘xtamadi. U adabiyotimiz tarixiga avvalo shoir, shoir bo‘lganda ham yangi zamon she’riyatining boniysi sifatida kirdi. Akademik Naim Karimov ta’biri bilan aytganda, uning uchun adabiyot yengil-yelpi hazillar bilan xalqning ko‘nglini oluvchi maydon emas, balki uning mudroq ko‘zlarini ulug‘ va ezgu g‘oyalar ipagi bilan ochuvchi, uni hur va erkin hayot uchun kurashga safarbar etuvchi, o‘zini anglashiga, haq-huquqini tanishiga, yaxshiroq turmush kechirishiga yordam beruvchi vosita edi. Shoir ana shu vositadan, ana shu qudratli quroldan katta mahorat bilan foydalandi.

Cho‘lponning matbuotga qiziqishiga kelsak, avvalo, otasining ta’siri va xizmati katta ekanini alohida ta’kidlash kerak. Cho‘lponning zamondoshi Laziz Azizzoda shunday yozadi: “Yoshligidan mutolaasi kuchli bo‘lgan Cho‘lpon 1912 yillardan boshlab rus adabiyotidan ham samarali foydalanib, til, adabiyot, tarix, falsafa, ilmi bade’ kabi fanlarni o‘zining ijtihodi va otasining jiddiy tarbiyasi natijasida o‘zlashtirib olgan”.

Cho‘lpon dastlab 1913 yildan Behbudiy muharrirlik qilgan “Oyina” jurnaliga maqola va xabarlar jo‘natib turgan. Behbudiyning “Padarkush” dramasi haqidagi fikrlarida ham buyuk zamondoshiga bo‘lgan ehtiromi ifodasi kuzatiladi: “Padarkush” yozilg‘andin keyin yoshlarimizda katta bir rag‘bat hosil bo‘lub, har shaharning sahnalarida o‘ynaldi. Toshkand, Samarqand, Xo‘qand kabi markazlarda ikki-uch martaba ham o‘ynaldi. Ishta bular millatning intibohiga (sezgirlik, hushyorlik) xayrli bir foldir…”.

– Cho‘lpon milliy qadriyatlarni e’zozlash, ona tili ravnaqi uchun qayg‘urish, Vatani, millati sha’nini ulug‘lash tuyg‘usining yuksalishida bilimlarini qayerda oshirgan?

– Aytish kerakki, Cho‘lpon ongida yangicha tafakkur shakllanishida, ijtimoiy tuzumni anglashida O‘sh shahrida ochilgan rus-tuzem maktabida olgan bilimi katta o‘rin tutadi. Rus madaniyatini o‘rganib, xalqlar orasidagi ijtimoiy jarayonni qiyosan tahlil qilar ekan, unda milliy qadriyatlarni ardoqlash, o‘z tili rivoji uchun jon kuydirish, Vatani, millati sha’nini ulug‘lash tuyg‘usi kuchayadi.

Akademik Naim Karimov fikricha, Cho‘lponning 1914 yilda “Sadoi Turkiston” gazetasida bosilgan “Turkistonlik qardoshlarimizga” she’ri, “Qurboni jaholat”, “Do‘xtur Muhammadiyor” hikoyalari, “Maktab” sarlavhali publitsistik maqolasi, “Adabiyot nadir?”, “Muhtaram yozuvchilarimizga” adabiy tanqidlaridayoq uning “ijodiy dasturi o‘z ifodasini topgan edi. Bunday jo‘shqin ijodiy faoliyat, 16 yoshdayoq katta e’tirofga arzirli asarlar yaratish, muhimi, ijodiy dasturga ega bo‘lish unga bo‘lgan umidni ishonchga aylantirdi. Yangi davlat Madhiyasiga muallif tanlanganda undan boshqa munosibi yo‘q edi.

Cho‘lpon o‘z davrining atoqli farzandi bo‘lgan ulug‘ ma’rifatparvar Ismoilbek Gaspirinskiy nazariga tushdi. Gaspirinskiyni Turkistonning boshqa jadidlari singari Cho‘lpon ham chuqur hurmat qilgan. 1913 yili 15 yoshli o‘spirin “Tarjumon” gazetasiga maktub yo‘llagan. Gazetaning 1913 yil 251-sonida (27-noyabr) Cho‘lpon maktubi gazetada bosilishi barobarida muharrirning unga javobi ham chop etilgan. Javobdagi “bizdan daha go‘zal so‘yladigi” degan so‘zlar navqiron ijodkor iste’dodining o‘ziga xos e’tirofi va o‘z navbatida, ustoz-shogird muloqotlarining boshlanishi edi. Ustozning oltinga teng o‘gitlari, jumladan, “Adabiyot o‘ta yonmaz, suva botmaz. Lokin yondironlari yondirir, botironlari botirir; suva dagil, cho‘mira, balchiqa botirir!” degan so‘zi yosh Cho‘lponning ijod yo‘lini belgilashida dasturulamal bo‘lgan.

Gaspirinskiyning yuqorida keltirilgan fikrlarini Cho‘lpon “Sadoi Turkiston” gazetasining 1914 yil 4 iyun sonida e’lon qilingan ilk asarlaridan biri bo‘lmish “Adabiyot nadir?” maqolasida yanada to‘ldiradi: “Adabiyot chin ma’nosi ila o‘lgan, so‘ngan qaralgan, o‘chgan, majruh, yarador ko‘ngilga ruh bermak uchun faqat vujudimizg‘a emas, qonlarimizga qadar singishgan qora balchiqlarni tozalaydirg‘an, o‘tkur yurak kirlarini yuvadurg‘an toza ma’rifat suvi, xiralashgan oynalarimizni yoruq va ravshan qiladurg‘an, chang va tuprog‘lar to‘lgan ko‘zlarimizni artub tozalaydirg‘an buloq suvi bo‘lg‘anlikdan bizga g‘oyat kerakdir”.

“Adabiyot nadir?” maqolasini tahlil qilgan adabiyotshunos olim Ozod Sharafiddinov shunday fikrlarni bayon etadi: “Adabiyot nadir?” maqolasining kishini lol qoldiradigan yana bir juda muhim tomoni shundaki, 16 yoshlik munaqqid adabiyotning ijtimoiy vazifasini ta’kidlash bilan cheklanmaydi, balki uning o‘ziga xos xususiyatiga, ya’ni obrazli tabiatiga alohida urg‘u beradi. Yosh munaqqid uchun adabiyot quruq g‘oyalar majmuasi emas, balki, birinchi navbatda, inson ruhiyati bilan bog‘liq bo‘lgan hodisadir. U odamlarning shuurigagina emas, his-tuyg‘ulariga ham ta’sir etishi, ularni quvontirib yoxud mahzun ahvolga solib, shu orqali ijtimoiy burchini o‘tashi zarur. Cho‘lpon bu fikrlarni o‘ziga xos obrazlarda ifodalagan

– Cho‘lponning matbuotdagi faoliyatida Fitratning xizmati qanday bo‘lgan?

– Darhaqiqat, Cho‘lponning matbuotdagi faoliyatida Fitratning xizmati katta. Cho‘lpon Fitratdan 12 yosh kichik bo‘lsa-da, Fitratning vaqtli matbuotda chiqishlarini kuzatgani, ularni muttasil o‘qib borgani ayon. Zaki Validiy To‘g‘on guvohligicha, u 19 yasharligida Istanbulda chiqadigan “Turk yurdu” va boshqa asarlaridan xabardor edi. 1913-1914 yillarda “Sadoi Turkiston” gazetasi va “Oyina” jurnalida bosilib turgan asarlarini o‘qib borgani manbalarda qayd etilgan. Fitratning mazlum ommani ma’rifatga chaqiruvchi maqolalari Cho‘lponni befarq qoldirmagani ayon va uning ongu shuurida yangi fikrlar tug‘dirganini inkor etib bo‘lmaydi. Ayniqsa, Fitratning Istanbul va Bokuda chop etilgan “Munozara”, “Bayonoti sayyohi hindi” asarlari Cho‘lponning millat qayg‘usini teranroq his etishida, butun umri va qismatini vatan va millat erki va mustaqilligi yo‘lidagi kurashda o‘z ta’sirini bera oldi, deyish mumkin.

Fitrat “Aruz haqida” risolasida quyidagi e’tirofni keltirgan edi: “…Barmoq vaznida she’rni boshlab Cho‘lpon yozdimi? – Men yozdimmi? Esimda yo‘q. Faqat shunisi aniqki, barmoq vaznini nazariy jihatdan yoqlab chiqqan birinchi o‘zbek millatchisi men edim. Juda yaxshi eslaymanki, panislomist jadidlar shu masala ustida bizga kulardilar. Musa Begiyevning bir majlisda “imloni o‘zgartirib, she’r vaznini buzush bilan bizni islom jamoasidan ayirmoq istadilar” deb qichqirg‘oni qulog‘imdan ketmagan”.

Fitratning yuqoridagi e’tirofiga adabiyotshunos H.Boltaboyev shunday fikr bildiradi: “Ushbu e’tirofdan ham seziladiki, barmoq vaznini Fitrat nazariy jihatdan o‘zbek tili xususiyatlariga mos kelishini sharhlab bergan birinchi olim bo‘lsa, Cho‘lpon bu vaznning o‘zbek she’rining vazni bo‘lib qolishida o‘z ijodi bilan hissa qo‘shgan birinchi shoir edi”.

Ko‘rinib turibdiki, bu ikki yirik jadid namoyandasi ijodiy maslakdosh bo‘lish bilan birga, ijtimoiy harakatchilikda og‘ir bo‘lgan paytda bir-birini qo‘llagan. Fitrat Cho‘lponni Buxoroga taklif qilishining bir tomoni “Buxoro axbori” gazetasiga muharrir qilish niyatini aytgan bo‘lsada, ikkinchi tomoni Cho‘lpon Toshkentda yashab turgan edi, unga nisbatan tazyiqlar, g‘arazlik va noxushliklarning oldini olish ham edi. Fitratning tavsiyasi bilan Cho‘lponni F.Xo‘jayev “Buxoro axbori” gazetasiga bosh muharrirlikka tayinlaydi. Gazetaning 1921 yil 41-soni (30 iyun) “Abdulhamid Sulaymon (Yunusov)” imzosi bilan chiqadi. U gazetaga yetti oycha muharrirlik qildi. 24 sonida muharrir sifatida imzo chekadi. O‘zi imzo chekkan 41-sonida “Matbuot – kuchli bir davlatdir” maqolasini e’lon qiladi va ikkita tezisni o‘rtaga tashlaydi. Birinchisi, “Matbuot – xalqning tilidur”, ya’ni matbuotning xalqchil bo‘lishi, tilining xalq tilida sodda va tushunarli bo‘lishi nazarda tutilgan. Ikkinchisi, “Matbuot – hukumatning tilidur”, ya’ni “bugun hukumat muassasalarining qilgan ishlarini va qilib turganlarini yozib, vaqti-vaqtida xabar berib xalqqa gapirib turish kerakdur”. Demak matbuot hukumatning xalq bilan jonli muloqoti va unga bajargan ishlari haqida hisobot berish minbaridir.

Ozoda BEKMURODOVA

Manba: O‘zA.