Adolat avvalo qonun ustuvorligida

2019-12-09T07:13:26+05:009 December, 2019|Umumiy yangiliklar|

Jamiyatda huquqiy ong va huquqiy madaniyatni yuksaltirish, xususan Konstitutsiyamizning muhim jihatlarini yoshlarimizga o‘rgatish bugungi kunning asosiy vazifalaridan biridir. Oliy sud sudyalari va xodimlari ishtirokida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 27 yilligiga bag‘ishlab o‘tkazilgan tantanali tadbirda shu haqda so‘z bordi.

— Bundan 27 yil muqaddam mustaqil O‘zbekistonimizning Konstitutsiyasi qabul qilingan edi. Albatta, bu davr tarix uchun juda qisqa fursat. Ammo o‘tgan vaqtda O‘zbekiston mustaqil va suveren davlat sifatida shakllanib, jahon hamjamiyatidan munosib o‘rin egalladi, tom ma’noda ulkan taraqqiyot yo‘lini bosib o‘tdi. Bu mashaqqatli yo‘lda erishgan barcha yutuqlarimiz, eng avvalo, Konstitutsiyada belgilangan tamoyillarni hayotga qat’iyat ila joriy etishimiz bilan bog‘liqdir. Chunki aynan Konstitutsiyamizda xalqimiz uzoq yillar orzu qilgan milliy mustaqilligimiz va rivojlanish yo‘limiz, inson huquq va erkinliklari kafolatlari belgilab berilgan. Konstitutsiyamiz hech kimga qaram bo‘lmasdan, erkin va ozod, tinch va osoyishta, farovon yashashning qonuniy kafolati bo‘lib kelmoqda. Bozor munosabatlariga asoslangan huquqiy demokratik davlat, kuchli fuqarolik jamiyati barpo etish borasida mustahkam poydevor bo‘lib xizmat qilmoqda, — dedi tadbirda so‘zga chiqqan O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisi Kozimjon Komilov.

Tadbir davomida so‘zga chiqqanlar Bosh Qomusimizda har kim erkinlik va shaxsiy daxlsizlik huquqiga ega ekani, jinoyat sodir etishda ayblanayotgan shaxsning aybi sudda aniq bo‘lmaguncha u aybdor hisoblanmasligi to‘g‘risidagi normalar belgilab qo‘yilganini ma’lum qilishdi.

— Ushbu konstitutsiyaviy qoidani amalda to‘liq ta’minlash maqsadida keyingi yillarda muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning bevosita tashabbusi va rahbarligida sud-huquq tizimida tom ma’noda tarixiy islohotlar qat’iyat bilan amalga oshirilayotganiga har birimiz guvoh bo‘lib turibmiz,— deydi Oliy sud matbuot xizmati rahbari Aziz Obidov.

Tadbir doirasida O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi, O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi hamda AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) va BMT Taraqqiyot dasturining “O‘zbekistonda qonun ustuvorligi yo‘lida hamkorlik” qo‘shma loyihasi tomonidan o‘tkazib kelinayotgan “Adolat – qonun ustuvorligida” tanlovi g‘oliblarini taqdirlashga bag‘ishlangan marosim ham bo‘lib o‘tdi.

— Ushbu tanlovni tashkil etishdan ko‘zlangan maqsad – sud hokimiyati va ommaviy axborot vositalari o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlikni mustahkamlash, sudlar faoliyati to‘g‘risida keng jamoatchilikka xolis va haqqoniy axborot yetkazayotgan jurnalistlarni rag‘batlantirishdan iborat, — dedi O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi raisi Sa’dulla Hakimov.

— Tanlovda “Televideniye va radio yo‘nalishida eng faol jurnalist” nominatsiyasida 2-o‘rin bilan taqdirlandim, — deb quvonchini biz bilan bo‘lishdi “Sevimli” telekanali muxbiri Mo‘’tabar Nurmuhammedova. — g‘oliblar safida bo‘lganimdan g‘oyat mamnunman. Men “Sevimli” telekanalida sud-huquq tizimni ko‘p yillardan beri yoritib kelayapman. Ish jarayonimda huquqiy bilimimni oshirishga imkon yaratildi. Bugun sudyalarning ish faoliyati kechagidan tubdan farq qilayotganiga guvoh bo‘lyapmiz. Avvallari jurnalistlar sudlarning eshigidan hatto mo‘ralashi ham oson emas edi. Bugun bu o‘zgarishlarni gapirmaslikning iloji yo‘q. Tanlovga 2019 yil 1 yanvardan 15 noyabrgacha respublika miqyosidagi gazeta, jurnallarda chop etilgan, internetda yoritilgan, televideniye va radioda berilgan sud tizimidagi islohotlarni hamda normativ-huquqiy hujjatlarni targ‘ib qilishga, aholining bu boradagi huquqiy savodxonligini oshirishga, jamiyatda huquqiy madaniyatni yuksaltirishga yo‘naltirilgan maqolalar, internet materiallari, ko‘rsatuvlar, eshittirishlar qabul qilingan.

Tanlov g‘oliblariga diplom va esdalik sovg‘alari tantanali topshirildi.

Feruza RAHIMOVA,

Hurriyat” muxbiri.

Manba: «Hurriyat» gazetasi