Raqobatni deb, o‘zligimizni yo‘qotmaylik!

2019-12-06T12:45:40+05:006 December, 2019|Umumiy yangiliklar|

Bugun kundalik hayotimizni zamonaviy texnologiyalarsiz, radio, texnika, kompьyuter, ayniqsa, zangori ekransiz tasavvur qilib bo‘lmaydi. Televizorlar hayotimizning ajralmas bo‘lagiga aylanib qolgan, desak aslo mubolag‘a bo‘lmas. Bo‘sh vaqtimizni maroqli o‘tkazish maqsadida, zerikmaslik, madaniy hordiq chiqarish uchun televizor tomosha qilamiz. Yurtimizda O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasining turli kanallari faoliyat yuritadi. Shu bilan birga xususiy telekanallar ham. Ularning ko‘paygani yaxshi, albatta. Raqobat bor joyda o‘sish, yuksalish bo‘ladi. Ammo…

Avvalambor, telekanallarimizda namoyish etilayotgan qo‘shiqlar, ko‘rsatuvlarga jiddiy e’tibor qaratish kerak. Ma’no-mantig‘i yo‘q qo‘shiqlar, ochiq-sochiq kiyingan kliplardagi qizlar, bachkanalashib borayotgan ko‘rsatuvlar kundan-kunga ko‘payib bormoqda. Mas’ul shaxs­lar nega befarq qarashmoqda? Axir, u millatimizning zangori ekrandagi aksi emasmi?

Ko‘plab telekanallarimiz tomoshabinlar sonini ko‘paytirish maqsadida professional jurnalistlar o‘rniga taniqli xonanda, aktyor va aktrisalardan boshlovchi o‘rnida foydalanmoqda. Xalqimizda «Chumchuq so‘ysa ham, qassob so‘ysin» degan ajo­yib naql bor. Har kim o‘z ishini qilgani yaxshi emasmi? Vatanimizda har yili kuchga, shijoatga to‘la, yuzga yaqin jurnalistlar, ne-ne orzu-umidlar bilan oliygohni tamomlaydi. O‘z kasbining professional mutaxassislari san’atkorlardan anchagina yuqori darajada faoliyat yuritishi shubhasiz. Chunki ular sohaning mutaxassisi. San’atkor ko‘rsatuv yoki maqolaning asl mazmun-mohiyatini tushunsa-da, uni tomoshabinga, mushtariyga qanday etkazish yo‘llarining tartib-qoidalarini bilmaydi. Bu hech kimga sir emas.

O‘zbek tili so‘zga juda boy, jahondagi 40 ta eng mukammal sanalgan tillardan biri hisoblanadi. Shunga qaramay, ayni vaqtda telekanallarimizda ko‘plab o‘zbek tilidagi ko‘rsatuvlarning nomi xorijiy tillarda nomlanadi. Masalan, «Restart», «Mtv Nevs», «Sketch shou», «Dayjes», «The Kover Up» va yana bir qancha «Party» va hokazolar. Qizig‘i shundaki, ko‘rsatuvlarning faqatgina nomi xorijiy tilda. Buni qanday izohlash mumkin? Ko‘rsatuvlarimizga o‘zbek tilida nom topilmagani uchun, xorijiy tilga murojaat qilinganmi? Yoki bu uning takrorlanmas xususiyatini bildiradimi? Yana san’atkorlar olib borayotgan ko‘rsatuvlarida shevaga xos so‘zlardan foydalanadi. Umuman, jurnalistikaning qaysi qonun-qoidasida shevaga xos so‘zlardan foydalanishga izn berilgan? Bu sof o‘zbek adabiy tiliga bo‘lgan haqorat emasmi? Axir, bola ongiga eng kuchli va birinchi ta’sir ko‘rsatadigan OAV bu televidenie-ku!

Bugun televideniemiz tez rivojlanmoqda, ammo xorij hayotiga taqlid, bachkanalik, sovun ko‘pigidek yorilib ketadigan muvaffaqiyat bilan emas, tom ma’noda halol raqobat, kuchli bilim, salohiyatimiz bilan yuksalishimiz lozim. Buyuk millatimizning buyuk tarixini kelajak avlodlarga butunligicha topshirishimizda televideniening o‘rni, ahamiyati beqiyos. Hech qachon o‘zimizni, o‘zligimizni, o‘zbekligimizni unutmaylik!

Gulnoza YO‘LDOSHEVA,

O‘zJOKU talabasi.

Manba: «Jamiyat» gazetasi