Xonadonimizdagi reklama virusi

2019-12-06T12:37:34+05:006 December, 2019|Umumiy yangiliklar|

Reklama ham virusning bir turiga o‘xshaydi, u istalgan buyum va tildan-tilga ko‘chish yo‘li bilan har bir xonadonga kirib bormoqda. Uy jihozlarida, uni ishlab chiqargan kompaniyaning logotipi joy olgan — bu esa zamondoshlarimiz uchun oddiy hol.

Yaxshi bilamizki, asosiy reklama televidenie orqali efirga uzatiladi va bu boshqa reklama vositalariga qaraganda katta natija beradi. Shu bois reklamalarga katta haq to‘lanadi. Bu kasb bilan shug‘ullanuvchilar ham ishbilarmon odamlar safidan joy olishi hech birimizga sir emas. Lekin bugungi reklamalarning ahvoli qay darajada? U bizga faqat mahsulotlarni reklama qilyaptimi? Reklamalarning saviyasiga kim mas’ul?

Bu savollarga javob izlashdan avval bir hayotiy voqeani keltirib o‘tish o‘rinli bo‘lar. Xalqimiz serfarzand hamda bir dasturxon boshida yig‘ilishni yaxshi ko‘radi. Xuddi shunday, bir das­turxon boshida yig‘ilgan qarindosh-urug‘lar televizor ko‘rib, choy ho‘plab o‘tirsa, g‘alati reklama boshlanib qoladi. Ammo bu reklamani kimdir tushunadi, kimdir tushunmaydi. O‘sha alpoz­da yangi kuyovda savol paydo bo‘ldi, «bu nimaning reklamasi?» Bilganlar miq etmaydi, bilmaganlar esa savolga jo‘r bo‘ldi. Kelinchak erini turtish bilan band, kuyov bo‘lsa, savolni takrorlashni to‘xtatmaydi. Javobni bilganlar gapni boshqa tarafga burib, bunday xijolatpazlikni tezroq bartaraf etish bilan ovora. Hech kimdan sado chiqmagach, qiziquvchan kuyov ham yon berib, gurung bosh­qa yo‘nalishda davom etadi. Ammo kelin-kuyov yolg‘iz qolgach kelin turmush o‘rtog‘idan rosa ranjiydi. «Uyatga qo‘ydingiz? Shunaqayam yuzsiz bo‘lasizmi? Sizdan kutmagandim…» degan malomatlarni erining boshidan yog‘diradi. Turmushning past-balandini endi ko‘ra boshlagan er bo‘lsa, nima haqida gap borayotganini shunda ham to‘liq fahmlamagan. Chunki reklamasi qoyilmaqom qilib ishlangan bu tovar, faqat ayollarga tegishli buyum bo‘lib, uning nomini nafaqat televidenie, balki hayotda ham xotin eriga aytolmaydi.

Bu shu kunlarda bo‘lgan voqea, hech qanday yolg‘on qo‘shishga ham zarurat tug‘ilmadi, faqat olib tashlangan joylari bo‘lishi mumkin.

Shu qadar ibo-hayoli xalq ekanmiz, nega televizorimiz bizga ma’qul kelmagan «olabuji»larni efirga uzataveradi.

Masalan: «Snickers» nomli shokoladning reklamasini ko‘rgan odam, shokolad eyishga qiziqishini bilmadim-u, ammo hayosiz qizlar raqs tushayotgan diskotekalarga, albatta, qiziqib qoladi, «Colgate» tish pastasi esa o‘pishish uchun tishingni yuvib yur, degan ma’no beradi, «RC Cola» bo‘lsa, yarim yalang‘och kadrlar bilan sug‘orilgan. Eng dahshatlisi, faqat bir jins vakillariga tegishli bo‘lgan «Kotex»ning reklamasi bo‘lib, uning efirga uzatilishining o‘ziyoq, bizning na milliyligimizga na urf-odatlarimizga to‘g‘ri keladi.

Sizda, bu reklamalarni tomoshabinga taqdim etayotgan kanallarning nomini keltirib o‘ting, degan savol tug‘ilishi tabiiy, ammo bu qusurdan xoli kanallarimiz qolmadi hisob.

«Reklama to‘g‘risida»gi Qonunning 7-moddasida «faqat voyaga etganlarga mo‘ljallangan yoki voyaga etmaganlarning olishi yoxud iste’mol qilishi taqiqlangan mahsulotni voyaga etmaganlar iste’mol qilayotgan yoki undan foydalanayotgan tasvir tushirilgan reklama»lar taqiqlanishi aytib o‘tilgan. Ammo aksariyat reklamalarimiz va ularni ishlab chiqarib, efirga uzatayotgan shaxslar bu qonundan ko‘z yumayotir.

To‘g‘ri, «onangni otangga bepardoz ko‘rsatma», deganlar, biroq bu iboraning yuqoridagi reklamalarga zarracha aloqasi yo‘q.

Eng kulgili tarafi shundaki, biz nazarda tutgan reklamalardan so‘ng boshlanadigan kinodan avval, «filьmda tamaki va alkogolь mahsulotlari iste’moli aks etgan sahnalar hamda tasvirlar bo‘lishi mumkin. Unutmang, tamaki va alkogolь mahsulotlari umringiz zavolidir» degan yozuv chiqib keladi. Aslida bu titrni o‘zgartirib, ya’ni «bu reklama kadrlaridagi behayolik ma’naviyatingizni buzadi» deb yuqoridagi rek­lamalardan oldin yozib qo‘yish o‘rinli bo‘lardi.

Xullas, bu mavzuga birinchi marta murojaat etilgani yo‘q, televidenieda uzatilayotgan bachkana ko‘rsatuvlar-u, behayo kadrlar qayta-qayta tanqid ostiga olinsa-da, mas’ullarimiz «it hurar, o‘tadi karvonlar» degandek, yana o‘z «yo‘l»laridan og‘ishmay davom etmoqda.

Taklif: bilamizki, yurtimizda tasvirga olinayotgan kinolar, «O‘zbekkino» tarafidan rosa hijjalab o‘tkaziladi va filьm o‘sha jarayonda anchagina kadrlaridan mahrum bo‘ladi. Balki endi reklamalarimiz uchun ham «o‘zbekreklama» degan tashkilot tuzish kerakdir. Agar, «o‘zbekreklama»ni tuzsak, buning jamiyatga foydasi tegsa, tegadiki, biroq hech qachon yuzimizni erga qaratmaydi, nazarimda…

Begali EShONQULOV,

«Jamiyat» muxbiri.

Manba: «Jamiyat» gazetasi