Jurnalist hokimiyat dushmani emas! yoxud uch hokimiyatga “to‘rtinchi hokimiyat”dan xolisona arz

2019-12-05T08:44:59+05:005 December, 2019|Umumiy yangiliklar|

Jurnalistga navbatdagi tahdid… Bu holat bundan keyin ham turli ko‘rinishlarda takrorlanishi mumkin! Nega? Gapingni ilmiy jihatdan asoslab ber, dedilar. Asosladik (Jurnalist: u hokimiyatga kim? // «Ishonch». – 2019 yil 11 aprelь), tushunmadilar, balki o‘qimagandirlar… Erinmasdan yana bir bor takrorlaymiz, takrorlayveramiz, toki… uning mohiyatini barchamiz anglamagunimizcha…

Voqea sodir bo‘ldi. Tahdid qilgan rahbar qanchalik jon kuydirib o‘zini oqlamasin, tahririyat rahbariyati ham e’tirozi yo‘qligini e’lon qilib, boshqalarni bu masalaga qaytmaslikka da’vat etmasin g‘isht qolipdan ko‘chgan edi.

Har qanday insonda ikki qutb – yaxshilik va yomonlik mavjud. Qaysining vazni og‘irroq bo‘lsa o‘sha xislat yoki illat odam tabiatiga hukmronliq qiladi. Insoniyat qanday jamiyatda yashashidan qat’iy nazar azaldan shunday davom etmoqda. Lekin insonning shakllanishida u yashagan jamiyatning ta’siri ham bo‘ladi, albatta.

Yuqoridagi voqea sovet totalitar jamiyati tarbiyalagan, lekin erkinlik davrida iqtisodiy jihatdan yuksalgan rahbarning jurnalistikaga nisbatan munosabati edi.

Ozgina tarixga nazar solsak. Avvalida Lenin, keyinchalik Stalin matbuotni, uning nazorati(tsenzura)ni kommunistik partiya qo‘liga tutqazdi. Partiyaning qatag‘on mashinasi – NKVD o‘zgacha o‘ylaydigan kishilarni qamoqqa olib, jisman yo‘q qilar, odamlar o‘rtasidagi mish-mishni to‘xtatish uchun matbuot orqali “xalq dushmanlari”ga la’nat yog‘dirardi(masalan, 1937-38 yillar qatag‘onlari). Stalin o‘limidan keyin esa kommunistik partiya rahbarlari tegishli organlar topshirig‘i bilan biror rahbarni avval matbuotda tanqid qildirar, undan keyin ish qo‘zg‘ab, qamoqxonalarga chiritardi(masalan, “Paxta ishi”). Ikkisining ham maqsadi mushtarak edi. Mana shu tarixiy hodisa jahon matbuoti ilmida “totalitar nazariya” tariqasida o‘rin olgan. Bugungi rahbarning tanqiddan qo‘rqishi, tanqidni qabul qila olmasligi zamirida ongimizga singib ketgan yuqoridagi tushuncha yashiringan: maqola uni “yo‘q qilish maqsadida uyushtirilgan”, vassalom!

Bu qo‘rquv millat ongiga yillar davomda singdirildi, undan xalos bo‘lish, hatto, istiqlolga erishib, demokratik yo‘lni tanlaganimizga 28 yil bo‘lgan esa-da, hamon qiyin kechmoqda. Oson kechmaydi ham.

Masalan, AQShda 228 yil avval sodir bo‘lgan voqea, ya’ni mazkur davlat konstitutsiyasiga kiritilgan “Birinchi tuzatish”(“First Amendment”)ga to‘xtalamiz. Uning mazmuni shuki, AQSh Kongressiga so‘z yoki matbuot erkinligini, xalqning tinch yo‘l bilan yig‘ilishi va hukumatga shikoyatlari bo‘yicha arz qilish, diniy e’tiqod huquqini cheklaydigan birorta ham qonun qabul qilmasligi sharti yuklangan. Aslida AQSh konstitutsiyasi 1787 yil qabul qilingan. Oradan to‘rt yil o‘tib, ya’ni 1791 yili mazkur “Birinchi tuzatish” kiritilgan. Biz suhbatlashgan amerikalik mutaxassisning ta’kidlashicha, bu to‘rt yillik voqea-hodisalar, jumladan partiyalar kurashi, dinlar, irqlar o‘rtasidagi kelishmovchiliklar, ayniqsa, muayyan bir guruhning hokimiyatni egallab, o‘z manfaati uchun kurashi, bugungi til bilan aytganda, korruptsiyaning oldini olish uchun ana shu asosiy erkinliklarga to‘sqinlik qiladigan har qanday qonunlarni qabul qilish taqiqlandi va natijada AQSh qudratli davlatga aylandi.

O‘zbekiston Konstitutsiyasida yuqoridagi erkinliklar kafolatlangan bo‘lsa-da, istiqlolning dastlabki to‘rt yilida matbuot erkinligiga erishish tajribalari kasodga uchradi. Axborot erkinligi va jurnalistlik faoliyatini himoya qilishga oid bir necha qonun qabul qilinsa-da, ular jurnalistlarni himoya qila olmadi!

Qabul qilingan qonunlarning savolli joylari ko‘p. Masalan, olinishi mumkin bo‘lmagan axborotlar mavjud. Davlat sirlariga tegishli bo‘lgan axborotlarni tarqatganlik uchun jurnalistlarga ham javobgarlik yuklatilgan. Aslida biror davlat tashkiloti xodimidan olgan axboroti davlat siri ekanligini jurnalist qaerdan bilsin? Nega u axborotni ochiqlagan davlat xizmatchisi bilan birga javob berishi kerak?

Yoki “Axborot olish kafolatlari va erkinligi to‘g‘risida”gi qonunning 11-moddasida “Ommaviy axborot vositalari e’lon qilinayotgan axborotning to‘g‘riligini tekshirib ko‘rishlari shart va ular axborot beruvchi bilan birgalikda uning to‘g‘riligi uchun qonun hujjatlarida belgilangan tartibda javobgar bo‘ladilar”[1], deyilgan.

Mazkur bandda ham sharhga muhtoj jihatlar mavjud. Buni yuqorida ta’kidlaganimiz Toshkent shahar hokimi bilan “Kun.uz” axborot sayti muxbirlari o‘rtasidagi suhbatdan kelib chiqqan muammo misolida ko‘rib chiqamiz. Ma’lum bo‘ldiki, 2019 yilning 16 noyabrь kuni Internet nashrlarida Toshkent shahar hokimi, senator J.Artikxodjaevga tegishli hamda haqorat, tahdid mazmunidagi audioyozuv tarqaldi. Mazkur holat bo‘yicha ommaviy axborot vositalari, blogerlar, siyosiy partiyalar, ayrim xorijiy ekspertlar hamda xalqaro tashkilotlarning keskin tanqidiy muhokamalariga sabab bo‘ldi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi mazkur holatga huquqiy baho berish maqsadida tekshiruv o‘tkazilishi xususida bayonot[2] berdi. Hatto, nomi tilga olinmasa-da, shu kabi vaziyatlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoev tomonidan ham qoralandi[3].

Oradan o‘n kun o‘tgach, ya’ni 27 noyabrda O‘zA Bosh prokuraturaning “Toshkent shahar hokimi J.Artikxodjaevga tegishli audioyozuvdagi holatlarni tekshirish yuzasidan BAYoNOT”ini e’lon qildi[4]. Unda hokim aytgan so‘zlari qoralansa-da, ammo jurnalist va tahririyatga ham ayblov qo‘yiladi:

“Ushbu jarayonni “Kun.uz” muxbiri B.Axmedov “Jurnalistlik faoliyatini himoya qilish to‘g‘risida”gi qonun talablariga zid ravishda, uchrashuv ishtirokchilarini ogohlantirmasdan telefoniga xufyona yozib olgan va tahririyatga taqdim etgan.

O‘z navbatida, tahririyat tomonidan noqonuniy yo‘l bilan olingan axborot yo‘q qilinmagan. Oqibatda 2019 yil 16 noyabrda hokim J.Artikxodjaevni obro‘sizlantirish maqsadida audioyozuvning nojo‘ya so‘zlardan iborat bir yarim daqiqalik qismi (uchrashuv ikki soat davom etgan) montaj qilinib, noma’lum shaxs tomonidan ijtimoiy tarmoqlarda tarqatilgan”.

O‘zA quyidagi ma’lumot bilan bayonot haqidagi sharhini tugatadi: “Shuningdek, tahririyatning mazkur voqealardagi ishtiroki yuzasidan tegishli munosabat bildirish uchun vakolatli organ Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligiga xat yuborildi, deyiladi O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi xabarida”[5].

Yana “Axborot olish kafolatlari va erkinligi to‘g‘risida”gi qonunning 11-moddasiga qaytamiz. Yuqoridagi misolda tahririyatning uch nafar jurnalisti bu voqeaga guvoh bo‘lib turibdilar. Bosh prokuratura esa ular yozib olgan ovozning ruxsatsiz ekanligini iddao qilib, “Jurnalistlik faoliyatini himoya qilish to‘g‘risida”gi qonun talablariga zid ravishda, uchrashuv ishtirokchilarini ogohlantirmasdan telefoniga xufyona yozib olgan”[6], deya mazkur qonunning 6-moddasidagi “…shaxsning huquqlari va erkinliklarini, sha’ni va qadr-qimmatini hurmat qilishi shart” va “…axborot manbai yoki muallif roziligisiz jismoniy shaxsning shaxsiy hayotiga taalluqli ma’lumotlarni e’lon qilishi, shuningdek audio va video yozish vositalaridan foydalanishi mumkin emas”[7] degan bandlari asosida ayblamoqda. Aslida jurnalistlarni haqorat qilgan, bizning misolimizda poytaxt hokimi, ya’ni jismoniy shaxs emas, balki yuridik mas’ul shaxs hisoblanadi. Yuridik shaxsdan shu haqoratlarni chop etish bo‘yicha ruxsat so‘rash qay darajada mantiqqa to‘g‘ri keladi? Qolaversa bu axborot uning qo‘l ostidagi tuman hokimining qo‘polliklari tahlili davriga, ya’ni shaxsiy ishida emas, balki yuridik shaxs faoliyati davriga taalluqlidir. Bunday paytda ham ruxsat so‘rash pora ta’ma qilish bilan barobar bo‘lib qoladi.

Shu bois “Jurnalistlik faoliyatini himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunning “Jurnalist tekshiruvi” deb atalgan 9-moddasidagi, ya’ni “…Jurnalist o‘z tekshiruvlarining natijalarini …davlat organlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, jamoat birlashmalari, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar va mansabdor shaxslarga ixtiyoriy ravishda taqdim etishi mumkin”, degan bandlaridan voz kechish kerak nazarimizda. Holbuki, tekshirish o‘tkazgan jurnalist uchun ham, tekshiriluvchi tashkilot rahbari uchun ham muammo “o‘zaro kelishuv” asosida “bartaraf etilishi” ehtimoli mavjud, ya’ni jurnalist muammoni OAV orqali yoritib, jamiyatni xabardor qilib, boshqalarni shu kabi kamchiliklarga yo‘l qo‘ymaslikka chorlagani qayoqdayu “…ularni davlat organlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, jamoat birlashmalari, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar va mansabdor shaxslarga ixtiyoriy ravishda taqdim” etgani qayoqda?

Vaholanki Xalqaro jurnalistlar federatsiyasining “Jurnalistlarning faoliyat tamoyillari Deklaratsiyasi”da qabul qilingan jurnalistlarning axborot olish, uzatish, tarqatish, sharhlash va voqealarni bayon etish bo‘yicha yo‘llanmasidagi “Haqiqatni hurmat qilish va jamiyatning haqiqatni bilish huquqi – jurnalistlarning birinchi navbatdagi burchidir”[8], degan talabiga mos bo‘lishi darkor. Demak qonunlar takomillashtirilmog‘i davr talabidir.

Demokratik jamiyatda bizning misolimizdagi rahbar tanqidga uchraganda qanday yo‘l tutardi? Bu savolga hamma turlicha javob berishi mumkin. Biz esa O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning aytgan fikrlari bilan kifoyalanishni ma’qul ko‘rdik:

“Bugun barcha bo‘g‘indagi rahbarlarning jamoatchilik bilan, ayniqsa ommaviy axborot vositalari bilan muomala madaniyati har qachongidan ham muhim masalaga aylandi.

Ayrim hollarda rahbarlar tomonidan tanqidni qabul qila bilmaslik, nima qilib bo‘lsa-da, uni tan olmaslikka bo‘layotgan urinishlarda ham ko‘zga tashlanmoqda.

Afsuski, ba’zi rahbarlar xalq bilan, matbuotchilar bilan muloqotda oddiy muomala madaniyatini, ma’naviyatni unutib qo‘yishmoqda. Ular tomonidan qilingan murojaatlarga o‘z vaqtida, xolis javob berilmasligi ham haqli e’tirozlarga sabab bo‘layapti.

O‘zingiz guvoh bo‘lib turibsiz, deyarli har kuni ijtimoiy tarmoqlarda qaysidir rahbarning faoliyati bilan bog‘liq shov-shuvli xabar tarqalayapti. Ularda berilayotgan tanqidiy materiallarga o‘z vaqtida xolis, asosli munosabat bildirilmayotgani oqibatida odamlar orasida har xil fikrlar, bahs-munozaralar yuzaga kelmoqda.

Eng achinarlisi, ba’zi rahbarlar jamoatchilik o‘rtasida turli ziddiyatlarga sabab bo‘lishi mumkin bo‘lgan bunday holatlarning oldini olish o‘rniga, kibru havoga berilish, o‘ziga bino qo‘yish bilan masalani yanada chigallashtirmoqda.

Tushunaman, har kimning o‘ziga yarasha g‘ururi, izzat-nafsi bor.

Lekin rahbar shunisi bilan rahbarki, u nafaqat o‘zining sha’nini, balki davlat idorasining obro‘sini ham saqlashga mas’ul ekanini unutmasligi kerak.

U har qanday to‘siq va qiyinchiliklarga, keskin va dolzarb muammolarga duch kelmasin, vaziyatdan og‘ir-bosiqlik va vazminlik bilan chiqib, faqat qonunga asoslangan to‘g‘ri qaror qabul qilishi shart”.

To‘g‘risi, Prezident tomonidan shu gaplar aytilgunicha o‘tgan fursatda ko‘pchilik ziyolilar “xalq dardini matbuot orqali rahbarimizga etkazishga yana qiynalar ekanmizda” singari o‘y-xayollar girdobida bezovta edi. Qachongacha ijro hokimiyati muammoni bartaraf etish o‘rniga jamiyat dardini ko‘tarib chiqayotgan jurnalistlar bilan kurashadi? Shu kabi uzoqni o‘ylamagan rahbarlar xurmacha qiliqlari bilan xalqaro hamjamiyatda qachongacha yurtimiz obro‘sini tushiradi? Ustiga-ustak hammaning ko‘zi O‘zbekistonga qaratilgan bo‘lsa…

Bejizga AQSh departamenti rahbarlaridan biri Elis Uells o‘zining Tvitterdagi sahifasida: «Prezident Sh.M.Mirziyoev O‘zbekiston OAVga qarshi tahdidlarni qoralab, matbuot erkinligining sobit tarafdori ekanligini bildirganidan xursandman. Jurnalist va blogerlarning xavfsiz bo‘lishi hamda o‘z vazifalarini erkin bajarishlariga imkon berilishi demokratii va ochiqlikning yanada o‘sishiga yordam beradi», deya bejiz ta’kidlamadi. Chunki yuqorida ta’kidlanganidek, ular ikki yuz yil oldin bu yo‘lni bosib, katta tajriba to‘plashgan.

Hayot juda murakkab. Dunyoda etti uxlab tushingga kirmagan voqea-hodisalar yuz bermoqda. Shu bois jurnalistika maydonini erkin qo‘ying, jurnalistga imkon bering, agarda fuqaro uch hokimiyatning yoki boshqa tashqi va ichki kuchlarning noqonuniy tazyiqiga uchrasa ommaviy axborot vositalari uning uchun doim murojaat manbai, tayanch bo‘lib qolsin. Uch hokimiyatda ishlaydigan biror kadr nohaqlikka duchor bo‘lsa, unga nisbatan adolat buzilsa, uning manzili ham eng yaxshi jurnalistlar ishlaydigan tahririyatlar bo‘lib qolishi kerak.

Hurmatli deputatlar, yarating shunday qonuniy tizimni!

Ijro hokimiyatining yurtparvarlari bu ishga bosh qo‘shing!

Sudьyalar ham tazyiqqa uchrashlari mumkinligini unutmasinlar!..

Shunda zarurat tug‘ilganda to‘rtinchi hokimiyat sizga ko‘makka keladi!

Halim SAYID,

“Oltin qalam” milliy

mukofoti

sovrindori.

Manba:Bong.uz