«Taqdirin qo‘l bilan yaratur odam…»

2019-12-05T08:40:02+05:005 December, 2019|Hafta maqolasi, Umumiy yangiliklar|

Internet orqali «baxt» ovlagan «kelinchak»ning ayanchli taqdiri

Bu voqealar zarracha to‘qima emas. To‘qima bo‘lsa qaniydi. Kundalik yangiliklar tasmasidan tez-tez o‘tayotgan bu kabi hodisalar ortida Alloh baxt uchun yaratgan tirik insonlar, dillarni ezayotgan ulkan uqubatlar, musibatlar, or va uyat turibdi. Toptalgan sof tuyg‘ular, tahqirlangan nomus, bulg‘angan inson sha’ni, millati va o‘zining taqdiriga loqaydlik, elning sarob ketidan asrlardan beri aldanib chopishi, vatan va millatga sohiblikning tanazzuli uchun ming yillab yig‘lasang arziydi.

Oygul… (ismu shariflar o‘zgartiril­gan, chunki muddaomiz bir insonning boshiga tushgan kulfatni ko‘z-ko‘zlash emas, millatimizning boshida turgan ofatdan ogoh etmoqdir). U tug‘ilganda ota-onasi qanchalar quvonganini farzand­sizlikni boshdan o‘tkazganlargina yaxshi­roq anglasa kerak. Inson uchun eng katta quvonch zuryodli bo‘lishidir. O‘g‘il tug‘ilsa, ay­niqsa quvonamiz, chunki u voyaga etsa, qolgan umrimizda madadkor bo‘ladi, Allohning omonati bo‘lgan, ilinib turgan jonimizni topshirgan kunda tobutimizni ko‘taradi, deb quvonamiz. Qizimiz bizga mehribon bo‘ladi, mehribonligi onamizni eslatadi, deb sevinamiz. Ammo bir kuni uni – yuvib-tarab katta qilgan jonimizning bir parchasini joyini topib uzatish payida bo‘lamiz.

Agar qiz farzandimiz bolaligida, o‘smirligida birov million yo milliard bersa ham, birovga bermaymiz, biroq balog‘atga etkazgach, uni uzatish payida bo‘la­miz, hatto sarf-xarajat qilib, mil­lionlar turadigan sarpo-suruqlar qo‘shib birovga topshiramiz. Agar sovchi kelavermasa, «qari qiz» bo‘lib qoladi, deb xijolat chekamiz, qo‘ni-qo‘shni oldi­dan erga qarab o‘tamiz. «Dod» deb yuborging keladi olamning shu ravishiga qarab…

Qizning o‘zi-chi? Uning ahvolini his eta olamizmi?! Ota-onasining oldida tengi chiqmayotganidan, ota eshigini bir talabgor taqillatmayotganidan xijolatday bosh egib erga qaraydi, bu uyda nasibasi qolmaganday, egani tomog‘idan o‘tmay yuradi… Ey, ko‘zi so‘qir dunyo!

Mabodo, tengi topilsa ham, yuragimizni hovuchlab yashaymiz. Qaynota-qaynonasi qanday qabul qilarkin, kuyovimiz qizimizga mehrli bo‘larmikin yoki zug‘um qilarmikin?! Do‘stu dushmanga, gohida podshohlarga egmagan boshimiz bor. Ammo endi qudamizning yuziga, kuyovimizning ko‘ziga jovdiraymiz. Voyaga etkazib, tarbiyalab bergan jigarbandimizni o‘sha uyda hali begonaday yashayotganini o‘ylaymiz. Ammo, bugun uyimizning to‘rida turgan onamiz, shu uyning sohibi bo‘lgan onajonimiz ham bir paytlar shu xonadonga begonaday kirganini, ayolimiz ham begonaday kirib kelganini, asta-sekin uyning bekasiga aylanganini eslasak, balkim taskin bo‘lar, bilmadim. Ammo o‘zi ham kelin bo‘lganini unutgan qaynonalar oz emas… Haqiqiy er shuni bilishi kerakki, qiz sening uyingga uyini, ota-onasini, aka-ukasini, opa-singlisini tashlab kelgan, endi bu xonadon uning ham uyi bo‘lsin, himoyaga muhtoj bo‘lsa, otalik qilgin, mehrga muhtoj bo‘lsa, onalik qilgin, sirlashgisi kelsa, sing­lisi bo‘lgin, yordamga muhtoj bo‘lsa, aka-ukasi bo‘lgin, endi sen erisan – bularning barisan…

Oygul… Uyiga sovchilarning qadami uzilib qolganiga ham bir necha yil bo‘lgan. Ezilib yurgan qiz bir kuni internetda, ijtimoiy tarmoqda hin­distonlik yigit bilan yozishib qoladi. Ismi «Amitabx» emish. Darrov esiga Hollivud yulduzi Amitabx Bachchan tushdi. Oydin yuzli, jilmayib turgan suratiga qarab, orzulandi, xayolida o‘zining hayotini u bilan yonma-yon tasavvur qildi. Bir oycha yozishib yurdi. Yigit Dehlidagi keng, go‘zal uylarining, bog‘lari va moviy hovuzlarining suratini jo‘natdi. Oygul o‘zini koshona uylarda yashayotgan, bog‘larda kezgan, tiniq suvlarda suzgan holatda xayol surdi.

Keyin xayollaridan o‘ziga kelib, yon-atrofiga qaradi. Paytini topib, onasiga gap ochdi. Onasi avval xavotirlandi, keyin narigi mahalladan Turkiyaga ket­gan, u erda avval ishlab yurib, bir turkka tekkan, har yozda bolalari bilan kelib-ketadigan Xayrullo akaning qizini esladi. Yaqinda gazetalarda o‘qigani, Angliyada yashaydigan arab lordga turmushga chiqqan samarqandlik qiz hayotini esladi. Hozir dunyoning u cheti-bu cheti bir qadam bo‘lib qoldi, deb o‘yladi. Eriga ham tushuntirdi.

Oh, ota… Bir yonda qizini begona yurtga uzatilishidan xavotirlanadi. Ikkinchi tomondan, yolg‘iz o‘tmaydi-ku bir umr, mahalla-kuy orasida ham gap-so‘zlar barham topadi, deb umidlandi. Hindiston ham hozir bir qadam, Boburiylar qurgan Tojmahal o‘sha erda.

«Bo‘lg‘usi kuyov» qiz kelishini, to‘yga tayyorgarlik qilishlarini, bir oydan so‘ng ota-onasi va qarindoshlarini ham chaqirib, katta to‘y qilishlarini aytdi, mehmonlarning xarajatlarini ham ko‘tarishini yozdi. Lekin kelinning samolyot va yo‘l xarajati haqida yozmadi. Qashshoq odamlar ekan deb o‘ylamasin, keyin bir umr qizimizning yuziga solmasin, degan fikrda qavmu qarindoshlar birgalashib, qizga bilet olishdi, yaxshi kiyintirib, sovg‘a-salom bilan uchoqqa chiqarib Dehliga jo‘natishdi…

Samolyot Hindistonning yuragi – Dehliga qo‘ndi. Aeroportda bojxonadan o‘tib, kutish zaliga borayotgan Oygul yuragi dukillab urayotganini sezdi. Internetdagi suratni ko‘z oldiga keltirdi. Odamlar orasida suratdagiga o‘xshaydiganroq, lekin qora bir yigitni tanidi. «Surati fotoshop dasturida oqartirilgan bo‘lsa kerak», – deb o‘yladi u. O‘zi ham rasmlarini yoshartiradigan dasturlarda ishlab, internetga qo‘yardi: «Hozir hamma shunday qiladi…»

Yigit kela solib, qizning qo‘lidagi jomadonlarni olib erga qo‘ydi. Uni bir quchib, betidan o‘pdi-da, ikki jomadondan birini olib yo‘l boshladi. Tashqarida qator turgan mashinalardan o‘tib, bir mototsiklning oldiga kelishdi. Qiz so‘ramasidan, o‘zi tushuntirdi: «Yo‘llarda mashinalar tiqini ko‘p bizda, mashinalarim uyda, shunisi qulay…»

Jomadonni orqaga ustma-ust joylab bog‘lashdi-da, yigit mototsiklni boshqarish uchun chambaragini tutdi, Oygul orqasiga mingashdi. Go‘zal binolari bor ko‘chalardan o‘tishdi. «Hozir bizning uyga ham etamiz… Ota-onasi kutayotgandir. Mana shu kurtkasidan issig‘i bag‘rimga o‘tayotgan yigit umr yo‘ldoshim bo‘ladi, bundan keyingi hayo­tim u bilan…»

Hashamatli uylardan biri oldida to‘xtaydi mototsikl deb o‘yladi qiz. Lekin asta-sekin mototsikl shaharning chetlariga, pastqam uylar tomon ketdi va huvillagan bir ovloqdagi uyga keldi. Bu erda yigitning o‘zi yasharkan. «Ota-onam chet ellikka uylanmaysan, dedi. Urishib qoldim. Shu erni ijaraga oldim», – dedi «Amitabx».

Uyga kirgach, qilgan birinchi ishi – qizga tashlandi va uni zo‘rladi. Oygulning ko‘z o‘ngida yurti, ona shahri va ota xonadoni, yo‘lga pul yig‘ib, bilet olib bergan qavm-qarindoshlari keldi. «Qay yuz bilan qaytaman?» – deb o‘yladi. «Mayli, uyi tor bo‘lsin, mayli kambag‘al bo‘lsin, asta-sekin oyoqqa turarmiz…» – taskin izladi o‘ziga. Ertasiga yigit qaydandir ichib keldi va mototsiklga minib, «mehmon»ga borishlarini aytdi.

Mehmondorchilik erida «kuyov»ning yana ikki do‘sti kutib turgan ekan. Oy­gulni uchta bo‘lib navbatma-navbat zo‘rladilar. Yig‘idan ko‘zlari lo‘qillab, tortqilashlardan badani momotaloq bo‘lib ketdi. Nomus! Uyat! Hushidan ketib qoldi, keyin tush ko‘rdi: o‘zini Toshkentda, mahalladagi qo‘shni qizchalar bilan ko‘chada o‘ynab o‘tirgan bolaligini, otasi ishdan kelganini, onasi ovqatga chaqirayotganini ko‘rdi, ularning ortidan yuray desa, oyog‘i yurolmas, badani zirqirardi… Ko‘zini ochdi. O‘lib qoldimi degan yigitlar ko‘zini ochganini ko‘rib tinchlanishdi, uning ustidan qulflab, qahvaxonaga ketishdi va do‘stlari bilan qaytishlarini aytishdi.

Oygul… Osmonda oy xijolat, g‘uncha­laring yulindi, gulliging qolmadi. U avval o‘zimni o‘ldiraman deb qaror qildi. O‘ldirolmadi. Dunyoning kajraftorligidan dodlab yig‘lay boshladi. Qo‘shnilardan kimdir eshitdi, eshikni ocholmadilar, derazani sindirishdi. Oygul chiqa solib, politsiyaning manzilini so‘radi…

DARVOQE…
Bu yog‘ini axborot agentliklari va xalqaro radiolarning tasmalaridan keltiramiz: «Ijtimoiy tarmoqlarga ko‘ra, internet orqali hindistonlik yigit bilan tanishgani ortidan Dehliga kelgan 31 yashar o‘zbekistonlik qiz omma­viy zo‘rlash qurboni bo‘ldi». «Zo‘rlangani aytilayotgan o‘zbekistonlik ayol yaqinlaridan biriga ko‘ra, aël Facebook tarmog‘ida hindistonlik yigit bilan virtual tanishib joriy yilning iyunь oyida Dehliga borgan». «Yangi yil bayramidan keyin tanishib, ëzishib yuruvdi o‘sha hind yigit bilan. Keyin qarindosh-urug‘ yo‘lkirasiga pul berib, oldindan Dehliga jo‘natgandik. Shanba kuni yig‘lab telefon qildi: «Meni kaltaklab zo‘rlashdi» deb. Biz O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligiga murojaat qildik, ammo hali javob berishmadi». «Hindistondagi qator nashrlar, xususan etakchi telekanallar o‘zbek aëlining guruh bo‘lib zo‘rlangani haqida 12 avgust kuni ma’lum qildi. Dehlida o‘zbek aëlini ommaviy zo‘rlashda ayblangan uch kishidan ikkisi qo‘lga olindi». «India-TV» muxbirining voqea yuz bergan joydan turib ma’lum qilishicha¸ «o‘zbek aëlni zo‘rlagan 3 kishidan 2 nafari dushanba kuni Dehli g‘arbidagi «Vasant Kunj» mavzeida qo‘lga olingan. «Aëlni zo‘rlaganlar soni 3 nafardan ko‘proq bo‘lishi mumkin» deydi telekanal muxbiri. Hindistondagi «Bharat AAJTAK» agentligining ëzi­shicha¸ «O‘zbekistonlik aëlning sevgilisi uni 10 avgust kuni majburan o‘zining kamida ikki nafar do‘stining ëniga olib borgan. Dushanba, 12 avgust kuni o‘zbekis­tonlik aël politsiyaga bergan arizasida o‘zining oldin kaltaklanib, keyin zo‘rlanganidan shikoyat qilgan». «O‘zbekistonlik aëllarning Hindistonda omma­viy zo‘rlanishi birinchi marta yuz bera­ëtgani yo‘q. 2017 yili o‘zbekistonlik ayol Dehlining Masudpur tumanida o‘zining sobiq yigiti va yana to‘rt erkak tomonidan do‘pposlangan va jinsiy zo‘rlangan edi. Bu o‘zbek aëli ham hind yigiti bilan ijtimoiy tarmoqlarda muloqot qilgani ortidan ishqiy munosabatlarini boshlagani aytilgan edi. 2015 yil noyabrida Hindistonning Haryana shtatida o‘zbekistonlik 27 yashar Shahnoza Shukurovaning jasadi topilgan edi. Olti oylik homilasi bor Shahnoza o‘g‘irlab ketilgan va o‘ldiril­gan edi». «News18.com» ma’lumotlariga ko‘ra, asosiy aybdor 25 yoshli Xaryana shtatidan poytaxtga kelgan gurugramalik yigit («badavlat kuyov») temir-tersak yig‘ib, kun ko‘rgan mardikor bo‘lgan».

ALAL-OQIBAT…
Birodarlar, xulosada bir nima deyish uchun til aylanmayapti… Lekin uch-to‘rt og‘iz gapimiz bor.

Birinchidan, «taqdiri azal bitib bo‘lingan», «qalam ko‘tarilgan» – qiz­larimizning tengi peshonasiga yozilgan bo‘lsa, o‘z fursatida keladi va hech kimning birovga malomat qilish haq-huquqi yo‘qdir.

Ikkinchidan, qiz bola ham farzan­dimiz – istaganicha ota uyda rizqi va haqqi-huquqi bordir. Uning uchun eshigimiz hamisha ochiq bo‘lishi kerak. Oldinroq bir voqeani yozgan edik – eri ayovsiz kaltaklagan yosh qelinchak, ikki go‘dagini olib, kechda ota uyiga kelsa, ota-ona: «Qo‘ni-qo‘shnining oldida sharmanda qilma… Bor, eringnikiga qayt tong otib hamma ko‘rmasidan», – deb haydab soladi. Ayol esa ikki bolasini bag‘riga bosib o‘zini suvga otadi. O‘sha gap-so‘zidan hayiqilgan qo‘ni-qo‘shnilar bilan hali dunyoga kelib, bir yorug‘ kun ko‘rmagan bolalarning yumshoq tanalarini erga ko‘madilar. Alloh, bu bergan omonat jonlarning haqqini so‘ramaydimi Qiyomatda?! So‘raydi! Totuvlikda yashaganga ni­ma etsin! Lekin totuvlik bo‘lmasa, jab­ru zulm bo‘lsa, qizimiz uyimizga sig‘sin. Kaltak eb o‘lganidan ko‘ra, ersiz bo‘lsa-da, bu dunyoda yashab yurgani maqbul emasmi?

Uchinchidan, ­takror aytamiz, jon – Al­lohning omo­nati, bir insonning jo­niga tajovuz qilish – butun insoniyatga tajovuz qilishga barobar gunoh sanaladi. Xud­di shunday, ko‘ngil – Allohning joyidir. Bir insonning ko‘nglini vayron qilish – Ka’bani vayron qilish bilan barobardir, degan gap shunchaki gap emas. Bu Allohning irodasi­dir. Pirlarimiz «Qo‘l – ishda, ko‘ngil – Al­lohda», – deganlari ham chiroyli gap qilish uchun aytilmagan. Insonning qalbiga dunyo va din birdek joylasha olmaydi, qalbida zarracha kibri bo‘lgan inson qalbiga Alloh kirmaydi, deydilar. Bir-birimizga yaxshi so‘zlarni aytsak, nohaq bir ko‘ngilni vayron qilmasak edi. Shu jumladan, zaifa qizlarimizning qalblarini vayron qilmaylik na achchiq so‘z bilan, na hirsli ko‘z bilan, na bir zarra jahldor qarash bilan…

To‘rtinchidan, internet haqida aytamiz. Ijtimoiy tarmoqlar insonlar dardlarini ochiq ayta olsin, deb sahifalarni istagan ismda va istagan surat bilan ochish imkonini beradi. Shu tufayli keksa odam yoshlikdagi suratini qo‘yib ham yo boshqa bir yoshning suratini qo‘yib ham ochaveradi. Erkak kishi nomidan ochilgan sahifa ortida aslida ayol turgan bo‘lishi mumkin, qiz deb xat yozayotganingiz aslida erkak tomonidan ochilgan bo‘lishi mumkin. Kampir yozayotgan bo‘ladi 18 yosh qizning surati ortida, munkillagan chol yozayotgan bo‘ladi navqiron sportchining suratini qo‘yib akkauntida… Tanimagan odam bilan yozayotgani uchun ota o‘z qiziga ishq izhor qilib qo‘yishi mumkin, o‘g‘il onasiga so‘lagi oqib, maktub bitayotgandir… Bilmagan odamlar bilan yaqin tanishib ketish, qolaversa, o‘zining taqdirini begonaga, ba’zan hatto dunyoning boshqa mamlakatidagi notanishga topshirish, hatto tanu jonini havola etish ayanchlidir.

Internetdan qaytarmoqchi emasmiz va qaytarib bo‘lmaydi ham. Internetning minglab foydali tomonlari bor. Pichoq bilan tarvuz kesish ham mumkin yoki odam so‘yish ham imkonlidir. Hamma gap pichoq ushlagan insonning qalbidadir. Internet ham shu – turli insonlarning qo‘lidagi bir vositadir. O‘z ehtiyotingni qilganing, Alloh bergan omonat joning­ning qadrini bilganing durustdir.

Karim BAHRIEV,
jurnalist.

Manba: «Oila davrasida» gazetasi