Andishaning oti nima?

2019-12-04T05:38:15+05:004 December, 2019|Hafta maqolasi|

Qo‘shnining tomorqasiga suv biznikidan o‘tadi. U tomorqa sug‘orsa, xavotirimiz ortadi. Sababi, uning eri biroz balandroq. Shundan uning tomorqasi suv ichguncha, bizniki ko‘llab ketadi.

Ayniqsa, oxirgi safar yomon bo‘ldi. Qo‘shnimiz ariqni berkitishni unutgan chog‘i, ertalab qarasak, tormorqamiz sholipoyaga aylanibdi. Uch-to‘rt kun oldin ekilgan pomidoru bulg‘or qalampirlari suv o‘tlaridek chayqalib turardi.

O‘zimni tutib turolmadim:

— Axir qachongacha davom etadi bu?

Shaxt bilan qo‘shnimiznikiga chiqib ketayotgan edim, otam to‘xtatdi:

— Qo‘y, bolam, devor-darmiyon qo‘shni bo‘lsak, oraga sovuqchilik tushmasin. Yanayam, ayb o‘zimizda. Ikki moshin tuproq to‘ksak, hech narsa bo‘lmasdi. Suv bir-ikki kunda tortib ketadi. Ko‘chatlarni boshqatdan ekamiz.

— Nega endi ayb bizda bo‘larkan? Tomorqasiga boshqa ariq ochsin.

— Shaharda yashab, andishani unutib qo‘yibsan, chog‘i. Bitta ariqni deb ko‘zdek qo‘shnichilikka putur etkazmoqchimisan? Odamlar nima deydi?

Otamning avzoyini ko‘rib, shashtimdan tushdim. Lekin «shaharda yashab, andishani unutib qo‘yibsan» degan gapi miyamga o‘rnashib qoldi. Nahotki, shunday bo‘lsa? Rost, poytaxtda yashayotganimga bir necha yil bo‘ldi, ammo andishasizlik ko‘chasiga kirmadim. Gohida sotuvchi arzimas qaytimni bermaganida, andishaga borib ba’zilarga o‘xshab, tiyin-tiyinigacha qaytarishni talab qilmayman. Ijara uyning egasi tez-tez ijara haqini oshirib turganida ham, andishaga borib talashib-tortishmayman. Qo‘shnim kunda-kunora telefondan foydalanib, «mejgorod»ning pulini otning kallasidek qilib ketadi-yu, men andishaga borib o‘zim to‘lab kela qolaman.

Unda otam nega bunday dedi? Nahotki, o‘zgargan bo‘lsam? Odamning o‘ziga bilinmasa kerak-da.

* * *

Ertalab ishga ketayotsam, pastki qavatda yashovchi bir qariya to‘xtatib:

— Jurnalistsan-a? — dedi to‘satdan.

— Ha, nima edi? — so‘radim ajablanib.

— Unda eshit, yo zamon o‘zgardi, yo odamlar boshqacha bo‘lib ketdi. Huv anavi, birinchi pod’ezdda keksa bir kampir yashaydi. Bir oy oldin choli bandalikni bajo keltirdi. Kuni kecha kampirim hol so‘rab kirsa, betob yotganmish. Sababi, uch kun burun sudga chaqiriq qog‘ozi tashlab ketishibdi.

Bu qariya nima demoqchiligini anglolmay, soatimga qarab qo‘ydim.

— Shoshma, borasan o‘sha ishingga. Dunyoda oqibat qolmabdi. To‘g‘ri, hozir biroz qiyinchilik bo‘layotgandir, ammo biz ko‘rgan og‘ir kunlar oldida bular hech gap emas. Hey, odam bolasining bu qadar past ketishini birinchi marta ko‘rishim.

Nima demoqchi o‘zi bu chol. Nega bu gaplarni menga aytyapti?

— Kechirasiz, shoshib turuvdim…

— To‘xta, ishing qolib ketmaydi. Qari bir kampirni nega sudga chaqirishadi, bilasanmi? Bilmasang, bilib qo‘y. Uni o‘g‘li sudga berganmish. Bu ko‘rnamak bir yil oldin allaqanday ayolga ilakishib, ikki bolasi bilan xotinini tashlab ketgandi. Shu choqqacha qorasini ko‘rsatgani yo‘q. Otasi o‘lgan kunning ertasiga yig‘lab-siqtab kelib qoldi. Lekin kampir uyga kiritmadi. Senga aytsam, uy cholning nomida edi. Kampir shu uyni keliniga rasmiylashtirmoqchi. Nomard o‘g‘il bundan xabar topib, bir hafta oldin kelib janjal qilib ketdi. Yolg‘iz merosxo‘r emish. Kampir bir amallab quvib solibdi. Nobakor o‘g‘il esa sudga beraman, baribir, uy menga qoladi, deya chiqib ketibdi.

Hoy, sen menga ayt, qaysi zamonda yashayapmiz o‘zi? O‘g‘il o‘z tuqqan onasini sudga berib o‘tirsa-ya! Uyat, or-nomus, andisha degani qoldimi o‘zi? Otasining go‘riga bir siqim tuproq tashlashga yaramagan ablah qaysi yuz bilan meros talashadi, tushunmayman. Bu kunidan o‘lgani yaxshimasmi? Sen shuni yoz, savobga qolasan. Endi bor, boraver. Yuragim o‘ynab ketyapti.

Turgan joyimda tarashadek qotib qoldim…

* * *

Alhol, davlat idorasida ishlaydigan tanishimning mashinasiga chiqib qoldim. Suhbat asnosida maoshimni so‘rab qoldi. Aytdim.

— O‘ho‘, mendan ikki barobar ko‘p olarkansan. Bizniki benzinga ham etmaydi.

Tushunmadim. Bu kishim maoshi kamligidan noliyaptimi yoki…

To‘g‘risi, birovni g‘iybat qilganni yoqtirmayman. Zamon tadbirkorniki, ishbilarmonniki. Aqlini ishlatib, pulni pulga urishtirib daromad topayotgan, shunga yarasha dang‘illama imorat solib, allambalo mashina minayotganlar qandini ursin. Ammo bu kishim na tadbirkor emas: bir kursining egasi, xolos. Biroq yilda bir mashina almashtiradi, hovlisida kunda-kunora qorindor «akaxon»larini yig‘ib ziyofat beradi. Shu tanishimning qo‘l ostida ishlovchi qo‘shnim bir yildan buyon kichik o‘g‘liga uch g‘ildirakli velosiped olib berolmaydi-yu, bu janob erkatoy qizining tug‘ilgan kuniga «Spark» sovg‘a qilib tursa, odamga alam qilarkan.

Rahbarlik kursisiga o‘tirib olib, o‘zidan o‘zgani o‘ylamaydigan, sirkasi suv ko‘tarmaydigan bunday korchalonlarga deyarli har kuni duch kelamiz. Faqat hech kim lom-mim demaydi. Chunki u qaysi birimizning qo‘shnimiz, boshqa birovning mahalladoshi. Andishaga boramiz-da.

* * *

Ajoyib tabiatli xalqmiz. Chiroyli urf-odatlarimiz bor. Va nihoyat, hayron qolarli darajada andishali odamlarmiz. Bizda bu odat milliylik darajasidagi oddiy holat kabi qabul qilinadi.

Faqat yaxshini yaxshi, yomonni yomon deyishga ham o‘rganishimiz kerakka o‘xshaydi…

* * *

Kuni kecha uyga qo‘ng‘iroq qilgandim. Uydagilarning aytishicha, qo‘shnimizning o‘g‘li tomorqamizga ikki mashina tuproq to‘kib ketibdi…

Jahongir ShAROFBOEV.

Manba: «Postda.uz»