Uyushma raisi EXHT missiyasi vakili bilan uchrashdi

2019-12-03T10:01:30+05:003 December, 2019|Umumiy yangiliklar|

2019 yil 22 dekabrda O‘zbekiston Respublikasi Parlamenti quyi palatasiga hamda xalq deputatlari mahalliy kengashlariga bo‘lib o‘tadigan saylovlarni kuzatish va monitoring qilish uchun qator nufuzli xalqaro tashkilotlar va xorijiy mamlakatlar vakillari mamlakatimizga tashrif buyurmoqda. Xususan Evropada Xavfsizlik va Hamkorlik tashkilotining Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi missiyasi ham ayni kunlarda yurtimizda saylovga tayyorgarlik ishlari bilan tanishmoqda.

Bugun, 3 dekabr kuni O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi raisi Sa’dulla Hakimov mazkur missiya a’zosi, ommaviy axborot vositalari bo‘yicha mutaxassis Amirouch Nedjaani qabul qildi.

Samimiy ruhda o‘tgan suhbat chog‘ida mehmon mamlakatimizda so‘z va axborot erkinligini ta’minlash borasida olib borilayotgan ishlar, sohada amalga oshirilayotgan islohotlar, uyushma faoliyati bilan tanishtirildi. O‘zbek jurnalistlari faoliyati, ularga yaratilgan imkoniyatlar haqida so‘z yuritildi, jumladan jurnalistika sohasidagi “Oltin qalam” Milliy mukofoti uchun xalqaro tanlov, tanlovda xalqaro tashkilotlar va horijiy mamlakatlarning O‘zbekistondagi elchixonalari ham o‘z nominatsiyalari bilan ishtirok etayotganlari haqida ma’lumot berildi. Qayd etilganidek, ular orasida EXHT ham bo‘lib, bu tashkilotning mamlakatimizdagi vakolatxonasi 2014 yildan beri tanlovda faol qatnashmoqda, shu vaqtga qadar 10 dan ortiq jurnalistlar tashkilot mukofoti bilan taqdirlangani buning dalilidir. Mehmon bu ma’lumotlarni katta e’tibor bilan tingladi, tanlov g‘oliblari uchun topshiriladigan statuetkaga yuqori baho berdi.

Amirouch Nedjaani, yoshlarning bilim-ko‘nikmalarini oshirish borasida olib borilayotgan sa’y-harakatlar, joriy yil yozda qabul qilingan O‘zbekiston Jurnalistlari kasb etikasi kodeksi, uning doirasida amalga oshirilayotgan ishlar ham qiziqtirdi va bu boradagi savollariga to‘liq javob oldi.

Amirouch Nedjaa kasbi bo‘yicha jurnalist, bundan avval OAVda faoliyat olib borgan.