O‘zbekiston Milliy axborot agentligi faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida

2019-12-03T09:46:25+05:003 December, 2019|Umumiy yangiliklar|

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining

q a r o r i

Mamlakatimizda ommaviy axborot vositalari, so‘z va axborot erkinligini ta’minlash, fuqarolarning axborot olishga bo‘lgan konstitutsiyaviy huquqlarini kafolatlash borasida etarli darajada qonun hujjatlari qabul qilinib, sohaning mustahkam huquqiy bazasi yaratildi.

Shu bilan birga, matbuot, ommaviy axborot vositalari, axborot tarqatish, aholini xolis va tezkor axborot bilan ta’minlash, mamlakatimizda sodir bo‘layotgan yangiliklarni chet davlatlarga, chet davlatlardagi voqea-hodisalarni mamlakatimiz aholisiga tezkorlik bilan etkazish bo‘yicha amaldagi tizim bugungi kun talablariga javob bermayapti.

O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan tub islohotlarning asl mazmuni

va mohiyati haqida xolis xabarlarni aholining barcha qatlamlariga hamda dunyo hamjamiyatiga tezkorlik bilan va sifatli etkazish, milliy axborot makonini rivojlantirish, global axborot maydonida respublikaning o‘rnini yanada mustahkamlash, shuningdek, O‘zbekiston Milliy axborot agentligi faoliyatini yanada rivojlantirish maqsadida:

O‘zbekiston Milliy axborot agentligi (keyingi o‘rinlarda – O‘zA)respublika hayotiga oid ijtimoiy-siyosiy axborotlarni tarqatuvchi rasmiy axborot agentligi ekanligi ma’lumot uchun qabul qilinsin.
O‘zAning asosiy vazifalari va faoliyatining ustuvor yo‘nalishlari etib quyidagilar belgilansin:
yurtimizning ijtimoiy-siyosiy hayotiga oid rasmiy ma’lumotlarni izlash, olish, qayta ishlash hamda axborot, axborot-tahliliy, tahliliy-tanqidiy materiallar tayyorlash va tarqatish;

O‘zbekiston Respublikasi qonunlari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarorlari, rasmiy bayonotlari va ma’ruzalarini, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari va Hukumatining qarorlari va ularning faoliyatiga oid axborotlarni muntazam yoritib borish;

respublikaning ichki va tashqi siyosatini, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng miqyosli islohotlarni, jamiyatimizda kechayotgan ijtimoiy-siyosiy va sotsial-iqtisodiy o‘zgarishlar va yangilanishlarni tezkor yoritish;

jamoatchilikning katta qiziqishini uyg‘otayotgan voqealarning mohiyati bo‘yicha fuqarolarda xolis fikrni shakllantirish hamda ma’lumotlardan buzg‘unchi va boshqa g‘ayriqonuniy maqsadlarda foydalanish imkoniyatini bartaraf etish uchun aholini bunday hodisalar haqida o‘z vaqtida xabardor qilib borish;

axborot xurujlari va mafkuraviy tahdidlarning oldini olishga qaratilgan choralarni amalga oshirishda davlat organlari va ularning axborot xizmatlari bilan uzviy hamkorlik qilish va ulardan tizimli ravishda statistik, tahliliy va boshqa turdagi ma’lumotlarni olish;

boshqa ommaviy axborot vositalari, jismoniy va yuridik shaxslar foydalanishi uchun yurtimizning ijtimoiy, iqtisodiy, siyosiy, tarixiy

va madaniy rivojlanishiga oid ma’lumotlar (axborot, foto va video materiallar) bazasini shakllantirish;

o‘quvchilar uchun qulay va qiziqarli shaklda O‘zbekiston xalqining o‘ziga xos madaniyati, urf-odatlari, milliy qadriyatlari, mamlakatning ko‘p yillik tarixi va ilm-fan rivojiga qo‘shgan hissasini namoyish etishga qaratilgan ijtimoiy loyihalarni amalga oshirish;

yurtimizda yuz berayotgan o‘zgarishlarni dunyoga keng tarqatish, jahonda sodir bo‘layotgan voqea-hodisalar haqida mamlakatimiz aholisiga tezkor axborot etkazib berish, xorijdagi axborot agentliklari va boshqa ommaviy axborot vositalari, media-tuzilmalar bilan hamkorlikni rivojlantirish.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi, O‘zA va O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasining respublika ijtimoiy-siyosiy hayotiga oid yangiliklar bo‘yicha fuqarolarda xolis fikrni shakllantirish, ularga axborot-tahliliy, shu jumladan, audio va video axborotlar etkazish imkoniyatlarini yanada kengaytirish maqsadida O‘zA tarkibidaMedia markaz tashkil etish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berilsin.
Quyidagilar Media markazning asosiy vazifalari etib belgilansin:

axborot-tahliliy va mulьtimedia materiallar, eshittirish va ko‘rsatuvlar, voqea joyidan onlayn reportajlar tayyorlash, audio va video materiallarni qayta ishlash, ularni O‘zAning veb-saytiga joylashtirish va ommaviy axborot vositalariga belgilangan tartibda etkazib berish;

axborotni qayta ishlash va tarqatishning zamonaviy usullaridan, jumladan, infografika, moushn-grafika, ijtimoiy rolik, 360 formatidagi video va boshqalardan keng foydalanish;

davlat organlari mutaxassislarini jalb qilgan holda amalga oshirilayotgan islohotlar va yangilanishlar, qabul qilinayotgan qonun hujjatlarining mazmun-mohiyati va ahamiyatini keng jamoatchilikka etkazish.

O‘zA huzurida uning faoliyatini tizimli yo‘lga qo‘yish hamda davlat organlari va nodavlat tashkilotlar bilan samarali hamkorlikni o‘rnatish bo‘yicha Maslahat kengashi (keyingi o‘rinlarda – Maslahat kengashi) tuzilsin.
Quyidagilar Maslahat kengashining asosiy vazifalari etib belgilansin:

O‘zA faoliyati haqida keng jamoatchilik fikrini tahlil qilgan holda uning samaradorligini yanada oshirish hamda agentlikning axborot makonidagi o‘rni va rolini kuchaytirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish;

O‘zA faoliyatining rivojlanish darajasini o‘rganish, agentlikka metodik tavsiyalar berish, uning ishida yuzaga keladigan muammo va kamchiliklarni bartaraf etishga ko‘maklashish;

davlat organlari va fuqarolik jamiyati institutlari, shu jumladan, ommaviy axborot vositalari bilan o‘zaro hamkorlik qilish rejalarini belgilash, tadbirlarni tashkil etish va o‘tkazishda amaliy yordam ko‘rsatish;

xalqaro va xorijiy axborot agentliklari, xorijiy mamlakatlar ommaviy axborot vositalari bilan hamkorlik dasturlarining ishlab chiqilishi va amalga oshirilishiga ko‘maklashish va ular ijrosini muntazam ravishda muhokama qilib borish.

Belgilab qo‘yilsinki:
Maslahat kengashi o‘z faoliyatini jamoatchilik asosida olib boradigan, doimiy faoliyat yurituvchi kollegial organ hisoblanadi;

Maslahat kengashiga O‘zA bosh direktori rahbarlik qiladi hamda uning tarkibi ommaviy axborot vositalari sohasidagi tashkilotlar rahbarlari va mutaxassislari, shuningdek, mustaqil ekspertlardan shakllantiriladi;

Maslahat kengashi tarkibining uchdan bir qismi har 2 yilda yangilanib boriladi.

O‘zA bosh direktori (A.Ko‘chimov) ikki hafta muddatda Maslahat kengashi tarkibini tasdiqlasin.

Quyidagilar:
O‘zbekiston Milliy axborot agentligi xodimlarining umumiy cheklangan soni 155 nafar, shu jumladan, boshqaruv xodimlarining soni 13 nafardan iborat bo‘lgan tuzilmasi 1-ilovaga muvofiq;

O‘zbekiston Milliy axborot agentligining Qoraqalpog‘iston axborot agentligi (keyingi o‘rinlarda – Qoraqalpog‘iston axborot agentligi) xodimlarining umumiy cheklangan soni 13 nafar, shu jumladan, boshqaruv xodimlarining soni 2 nafardan iborat bo‘lgan tuzilmasi 2-ilovaga muvofiq;

O‘zA tomonidan 2022 yil 31 dekabrga qadar chetdan olib kelinganda bojxona to‘lovlaridan (bojxona rasmiylashtiruvi yig‘imlaridan tashqari) ozod etiladigan texnika vositalari ro‘yxati 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

Belgilab qo‘yilsinki:
O‘zA bosh direktori va uning o‘rinbosarlari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti bilan kelishilgan holda Vazirlar Mahkamasi tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimidan ozod qilinadi;

O‘zA bosh direktori maqomi, mehnatga haq to‘lash, moddiy rag‘batlantirish, tibbiy va transport xizmati ko‘rsatish shart-sharoitlariga ko‘ra vazirga, uning birinchi o‘rinbosari va o‘rinbosari esa tegishlicha vazirning birinchi o‘rinbosari va vazir o‘rinbosariga tenglashtiriladi;

Qoraqalpog‘iston axborot agentligi direktori maqomi, mehnatga haq to‘lash, moddiy rag‘batlantirish, tibbiy va transport xizmati ko‘rsatish shart-sharoitlariga ko‘ra O‘zA bosh direktori o‘rinbosariga tenglashtiriladi.

Quyidagilar O‘zA va Qoraqalpog‘iston axborot agentligi faoliyatini moliyalashtirish manbalari etib belgilansin:
O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablag‘lari;

O‘zA va Qoraqalpog‘iston axborot agentligining byudjetdan tashqari mablag‘lari;

qonun hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar.

O‘zA bosh direktoriga:
a) O‘zA va Qoraqalpog‘iston axborot agentligi tuzilmasi shtatlar soniga xodimlarning belgilangan umumiy cheklangan soni va mehnatga haq to‘lash fondi doirasida o‘zgartirishlar kiritish;

b) O‘zAning byudjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan:

davlat organlari, nodavlat notijorat tashkilotlari, ilmiy-tadqiqot muassasalari, etakchi xalqaro tashkilotlar va xorijiy kompaniyalarning yuqori malakali xodimlarini, shuningdek, mahalliy va xorijiy mutaxassislarni maslahatchi sifatida jalb etish;

ijodiy tanlovlar o‘tkazish, tanlov ishtirokchi va g‘oliblarini mukofotlash, shuningdek, O‘zAning xodimi bo‘lmagan faol mualliflarni rag‘batlantirish;

O‘zA moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, agentlik xodimlarini moddiy rag‘batlantirish, shu jumladan, ularga ustamalar to‘lash;

zarur hollarda, mintaqaviy muxbirlik punktlarida qo‘shimcha shtat birliklarini joriy etish huquqi berilsin.

O‘zA:
O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi hamda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi bilan kelishgan holda bir oy muddatda O‘zA va Qoraqalpog‘iston axborot agentligi xodimlarining mehnatiga haq to‘lash bo‘yicha razryadlari va shtatlar jadvalini tasdiqlasin;

2020 yil 1 mayga qadar muddatda foydalanuvchilar uchun qulay, audio va video axborotlarni tarqatish, tarqatilayotgan axborotlarni tijorat yo‘li bilan yuklab olish imkoniyatlari mavjud bo‘lgan O‘zAning axborot portalini ishga tushirsin.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari O‘zA bilan birgalikda ikki oy muddatda tegishlicha:
Qoraqalpog‘iston axborot agentligini joylashtirish uchun bino ajratish va uni Qoraqalpog‘iston Respublikasi byudjetining qo‘shimcha manbalari, qonun hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobiga ta’mirlash va jihozlash;

O‘zAning viloyatlardagi mintaqaviy muxbirlik punktlarini tashkil etish uchun viloyatlar markazlaridan zarur shart-sharoitlarga ega binolardan tekin foydalanish huquqi asosida joy ajratish, ularni belgilangan tartibda ta’mirlash va jihozlash choralarini ko‘rsin.

O‘zA:
O‘zbekiston Respublikasi qonunlari, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlari, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari hamda farmoyishlari, vazirliklar va idoralarning normativ-huquqiy hujjatlari hamda rasmiy statistik to‘plamlari, shu jumladan, ularning elektron shakllari majburiy ravishda yuboriluvchi tashkilotlar ro‘yxatiga;

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2016 yil 7 oktyabrdagi 336-son qarori bilan tasdiqlangan Rahbarlari xodimlarni Toshkent shahri va Toshkent viloyatida doimiy propiska qilish to‘g‘risida iltimosnoma kiritishi mumkin bo‘lgan davlat hokimiyati organlari, davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, respublika ahamiyatiga molik boshqa davlat tashkilotlari ro‘yxatiga kiritilsin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi, Fuqarolik jamiyatini rivojlantirish markazi, “Ijtimoiy fikr” respublika jamoatchilik fikrini o‘rganish markazi, “Taraqqiyot strategiyasi” markazi va “Yuksalish” umummilliy harakatiga mamlakatimizda olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlar jarayonining borishi haqidagi tadqiqot materiallarini e’lon qilib borish uchun O‘zAga doimiy ravishda taqdim qilib borish tavsiya etilsin.
O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi O‘zAga jahondagi etakchi axborot agentliklari va xalqaro axborot agentliklari uyushmalari bilan axborot almashish bo‘yicha hamkorlik o‘rnatishda amaliy yordam ko‘rsatsin.
O‘zA O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan birgalikda uch oy muddatda ilg‘or xalqaro tajribani o‘rgangan holda O‘zAning ijodiy va texnik xodimlari mehnatiga haq to‘lash tizimini bozor tamoyillari asosida takomillashtirish bo‘yicha Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritsin.
O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi ushbu qarorni amalga oshirish bilan bog‘liq xarajatlarni 2019 yilda ijtimoiy soha bo‘yicha tasdiqlangan byudjet parametrlari doirasida ajratsin, 2020 yildan boshlab esa O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti parametrlarida nazarda tutsin.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi ushbu qaror mazmunidan kelib chiqqan holda bir oy muddatda O‘zA to‘g‘risidagi yangilangan nizomni tasdiqlasin.
O‘zA manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
Ushbu qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari o‘rinbosari F.Sh.Mahmudov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi

Prezidenti Sh.MIRZIYOEV

Toshkent shahri,

2019 yil 2 dekabrь

Manba: O‘zA