Zax bosgan bolalik

2019-12-02T06:16:17+05:002 December, 2019|Hafta maqolasi|

Viloyatimiz aholisini ma’rifatli qilish yo‘lida… Yo‘q, keling, hech bo‘lmasa shu safar o‘zimizni bir oz bo‘sh qo‘yaylik. Gapni Toshkent viloyatining mo‘’jazgina tumanidagi mo‘’jazgina qishlog‘ida joylashgan mo‘’jaz kutubxonadan boshlaymiz.

Chinoz tumanining Eski Toshkent qishlog‘idagi 27-sonli o‘rta maktabni tugatganman. Aynan o‘sha maktab ortida yo‘laklaridan zax va eski kitoblarning allatovur qadrdon hidi anqib turuvchi, ko‘chib borayotgan moviy devorlariga buyuklarimizning chakka tomgan rasmlari iliniq, javonlariga bundan oltmish yillar avval nashr qilingan, bugun esa unut kitoblar terilgan besh-olti xonalik kutubxona joylashgandi. Joylashgandi emas, jon saqlardi. Har kuni darsdan so‘ng u yerdan portfelimni to‘ldiramanda, avtobusda uyga qaytayotib, ichim qizib bir bekat oldin tushgancha olgan kitoblarimni yo‘l bo‘yi tomosha qilaman, hafsalam yetsa o‘qib boraman. Bu hayrat uyga qadar davom etardi. Uyda, xususan, xonamda esa meni boshqa hayrat kutib turardiki, eslasam, o‘sha paytlar so‘zdan to‘qilgan so‘zanalar ilingan idrokim devorlariga qadar hayajondan titrab ketadi…

Kutubxonada izg‘ishni yaxshi ko‘rardim. Kezish, yo aylanish emas, aynan izg‘ishni. Negaki, erta bahor qo‘limizga olib olganimiz issiq kiyimlarni qayta kiyib kirardik bu zax xonalarga. Sovuqdan izillab kezinishni menimcha, izg‘ish deydilar. Bizni u yerda jun ro‘moli boshidan tushmaydigan Munavvar opa ko‘kimtir, qalin las choponga o‘rangancha kulib qarshi olardi. Bu mushtipar ayolning aytishicha, mazkur binoda avval besh-oltitalab xodimlar ishlagan, keyinchalik qisqartirishlar bo‘l­gach yolg‘iz o‘zi qolgan ekan.

Kutubxona bir paytlar, uzoq o‘tmishda tumanning madaniyat bo‘limiga “qaragan“ va bir oz o‘tib tumandagi Olmazor qishloq xo‘jaligi kasb-hunar kollejining Axborot-resurs markaziga aylantirilgan. Haligacha tushunmayman, kollej Chinozning Olmazor jabhasida, Eski Toshkentdan to‘rt kilometr uzoqda joylashgan.

U yoqdagi o‘quvchilar kutubxonaning borligini bilishganmikan o‘zi? Uyidan yo‘lkiraga zo‘rg‘a pul undirib chiqadigan o‘quvchilarning bu yerga kelishga, kitob o‘qib, bilim orttirishga sharoiti to‘g‘ri kelganmikan?Bundan tashqari, Axborot markazi deganda ko‘z oldimizga hech bo‘lmasa Pentium rusumidagi eski kompyuterlar “to‘ram ko‘rsa bo‘ldi“ qabilida ko‘yib qo‘yilishi kerak. Bizning zax kutubxona uchun esa yangi nashrlaru gazeta-jurnalga obuna bo‘lish ham juda katta, bo‘rttirmayapman, juda katta orzu edi.

Ma’rifat daryosining shundoq yonginasidan shoshilib o‘tardik. Chunki, bizning sportchilar dunyoga mash­hur bo‘lish yo‘lida janglarga kirishar, ularning jonli efirlarini o‘tkazib yuborish xoinlikdek tuyu­lardida. O‘ylamasdikki, Vatan nomini faqat sport bilan emas, balki bilimli kadrlar erishgan muvaffaqiyatlar bilan ham olamga doston qilib yuborish mumkin. Biz bilmasdik. Bizning xayollar televizorda, telefonda edi. Eng qizig‘i, “bo‘sh vaqtimiz“da issiqqina majlis zallariga zich yopirilgancha mutolaaning foydalari va internetning ziyonlari haqida jonkuyarlik bilan o‘qilayotgan nutqlarni tashnalik bilan tinglardik. Kutubxonada esa Munavvar opa jun paypoq ham isitolmagan oyoqlarini ish stoli ostidagi elektr pechka taftida toblab, bizni kutib o‘tirardi.

Tan olaman, hamma vaqt ashaddiy kitob o‘g‘risi bo‘lganman, biroq bu kutubxonadan kitob o‘g‘rilashga ko‘zim qiymasdi. O‘zi ahvolni ko‘rib turibsan, yana olaman deysana, deb shivirlab qo‘yardi vijdonim. “O‘g‘ri“ning vijdonini uyg‘otar darajada ekanmi, demak kutubxona holatini o‘zingiz tasavvur qilib olavering.Yo‘q, buni fojia demayapman. Bu, ishonasizmi, hatto minbarda turib aytishga arziydigan gap ham emas. Bu kichik bir qishloqdagi ulkan ko‘ngilli bolakay haqida uch so‘zlik hikoya: “Men o‘qimoqchi edim…“

Keling, rasmiyatchilikni, ma’rifatli bo‘lish yo‘lidagi fidokorona mehnatlarimizni, mutolaani tar­g‘ib qilish to‘g‘risidagi qarorlarni bir chetga ikki-uch daqiqa surib turaylik. Kitob, kutubxona, mutolaa nima o‘zi? Millat doirasida emas, mayli, bir qishloq doirasida o‘ylab ko‘raylik. O‘ylarkanmiz,barmoqlarni, Abdulla Qahhorning ellik yettinchi yilda chiqqan qissasi sahifalari uzra paypaslanayotgan, sovuqdan ko‘karib ketgan o‘smir barmoqlarini ko‘z oldimizga keltiraylik. Va bu barmoqlar farzandimizniki bo‘lsin. Seskanmadingizmi? Bir tukingiz qilt etmagan bo‘lsa, demak… sizni ayblab bo‘lmaydi. Siz avvaldan shunday bo‘lgansiz va sizga nimanidir tushuntirishga urinishning o‘zi xato.

Sinfdoshim bor. Otasiz o‘sgani uchunmi, tarbiyasi og‘irroq, bezorilikka moyilroq edi, ammo meni o‘ziga yaqin olardi. Bir gal kutubxonaga uni ham olib kirdim. Javonlarga bir oz bepisandlik bilan qarab turdida, kutilmaganda bir kitobni qo‘liga olib, o‘qiy boshladi. Portfelimni to‘ldirib, olgan kitoblarimning nomini Munavvar opaga qayd qildirish uchun kelganimda u ham yonimga yaqinlashdi. Qo‘lida eskirib ketgan, muqovasida ikki askarning rasmi tushirilgan va bu rasm ostida “O‘zbek o‘qchilari“ deb yozib qo‘yilgan kitobni olib keldi. Muallifi esimda yo‘q. “Shuni olaman“, dedi u. Indamadim. Oldi. U kitobni kutubxonaga qaytargani yo‘q. Maktab ham bitdi, kollejga ham o‘tdik, kollejni ham bitirdik. U kitobni qaytarmasdi. Portfeliga solib, dars bo‘lmagan soatlar orqa partaga o‘tib o‘qirdi. Do‘stim kollejni tugatgach, Rossiyaga ishlash uchun ketayotganda ham kitobni yuklari orasiga solib, o‘zi bilan olib ketdi. Men jim edim. Munavvar opa ham uni tushunib ortiqcha tixirlik qilmadi. Uning o‘rniga uydan boshqa uchta kitob olib kelib qo‘ydim.

To‘g‘ri, bu kitobni o‘qib do‘stimiz orzu qiladigan odobli, ser­g‘ayrat, faol yigitcha bo‘lib qolmadi. Lekin, u kollejning orqa tarafiga o‘tib qilinadigan ishlarga ketkizadigan vaqtini kitobga bag‘ishlardi. Axir, gunoh qilmaslikning o‘zi ham qaysidir ma’noda savob emasmi?

Kutubxona haqida gapirmoqchi edim… Uni asrab qolaylik, deya ayyuhannos solgim yo‘q. Shaxsan men Toshkent shahrida yashayman. Internet xizmatimda, istagan kitobimni topib, uni qog‘oz shakliga keltirib o‘qishim mumkin. Ammo, nimadir hech tinchlik bermaydi. Ba’zan o‘ylab qolaman, bizning kutubxona hozir bormikan? Kollejlar faoliyati tugatilgach uning ishi ham og‘irlashgani aniq. Borish uchun esa… Qisqasi, men tug‘ilib o‘sgan uy ham Eski Toshkentdan Olmazor qadar yo‘l…

Biz ma’naviyat deymiz. Biz ma’rifat deymiz. Targ‘ib qilamiz. Targ‘ib qilamizki, avlodlar bilimdon bo‘lib o‘ssinlar! Kutubxonalar esa keyinroq, qandaydir mo‘’jiza yuz beradiyu, o‘z-o‘zidan obod bo‘lib qoladi. Biz targ‘ibotni to‘xtatmasak bo‘ldi.

Kutubxonaga ko‘plab ta’riflar berilgan. Hatto, Lotin Amerikasining buyuk yozuvchisi, ko‘plab jahon adiblarining ulug‘ ustozi sanaluvchi Xorxe Luis Borxes o‘z suhbatlaridan birida: “Men jannatni kutubxonaga o‘xshash joy deb o‘ylayman“, degan edi. Vaholanki, Borxesning o‘zi uy-kutubxonada dunyoga kelgan va shu uyda turib dunyoni idrok qilgan, o‘z olamini yaratib ochunga dovruq taratgan.

Endi o‘ylaylik, Chinozning qayeridadir bir bolakay bor. U ziyo istaydi. Uning o‘z yo‘li, millatimiz oldidagi burchlari bor. Biz uning yo‘lini chaqir tikanaklardan tozalolmasak, unga hech yo‘q bir imkon, kichikkina sharoit yaratib berolmasak, iftixor bilan bayon qilayotgan yutuqlarimiz, birinchi bo‘lib to‘l­dirgan paxta rejalarimiz, ma’rifat xususidagi qarorlar o‘qib eshittirilganda chalgan qizg‘in qarsaklarimiz bekor. Butun millat emas, hech yo‘q o‘sha Bolakayga – ertangi kun xabarchisiga ko‘zlarini ochishi uchun imkon berish bizning qo‘limizda. Ehtimol, shunda nomimiz shunchaki o‘tib ketgan odamlar emas, balki ulug‘ o‘tmish solnomalaridan joy olar?

Bor gap shu.

Endi bemalol muvaffaqiyatlaringiz haqida to‘lib-toshib gapirib berishingiz mumkin. Qulog‘im sizda.

Mirzohid MUZAFFAR.

Manba: “Toshkent haqiqati” gazetasi