Qozog‘istonning yetakchi axborot agentligi – Kazinform endi o‘zbek tilida ham axborot tarqatadi

2019-12-02T06:09:57+05:002 December, 2019|Umumiy yangiliklar|

Xabaringiz bor, joriy yil boshidan boshlab O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi hamkorlikning ifodasi o‘laroq O‘zbekiston Milliy axborot agentligining uza.uz saytida qozoq tili sahifasi tashkil etilib, axborot uzatilayotgan edi.

Qo‘shni davlatlar o‘rtasidagi mustahkam aloqalarni ommaviy axborot vositalari orqali kengroq yoritish maqsadida ikki tomonlama hamkorlikda Qozog‘istonning yetakchi axborot agentligi – Kazinform xalqaro axborot agentligi ham o‘zbek tilida axborot uzatishni boshladi.

Agentlik axborotidan foydalanuvchilar endilikda mintaqa hayotiga oid tezkor xabarlarni o‘zbek tili sahifasi orqali ham o‘qib boradilar. O‘quvchilar uchun Kazinform xalqaro axborot agentligida mazkur versiyaning yo‘lga qo‘yilishi xalqaro axborot makonida o‘zbek tilida rasmiy manbalardan xabardor bo‘lish imkoniyatini yanada kengaytirdi. Shu bilan birga, davlatlar o‘rtasidagi uzviy aloqalar, ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy hamkorlik borasidagi xabarlarni kengroq yoritilishiga imkon yaratdi. Bu, o‘z navbatida, bugungi tezkor jamiyatning axborot maydonini xolis va haqqoniy manbalar bilan boyitishda muhim qadamdir.

Shuningdek, ikki hamkor axborot agentlik, O‘zbekiston Milliy axborot agentligi – O‘zA hamda Qozog‘iston Respublikasining Kazinform xalqaro axborot agentligi o‘rtasidagi mustahkam aloqalar mamlakatlarimiz o‘rtasidagi do‘stlik axborot almashish sohasida ham rivoj topayotganini amalda ko‘rsatadi.

O‘zbekiston Milliy axborot agentligi Kazinform xalqaro axborot agentligi jamoasiga o‘zbek tilida ham tezkor, xolis, sermazmun axborot tarqatishdek sharafli va mas’uliyatli ishda ulkan muvaffaqiyatlar tilab qoladi.

Manba: O‘zA