OAVda xalqaro hayot sharhi: muammo va yechimlar

2019-11-29T12:37:37+05:0029 November, 2019|Umumiy yangiliklar|

O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetida O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi qoshidagi Xalqaro sharhlovchilar kengashi, O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti hamkorligida “OAVda xalqaro hayot sharhi : muammo va yechimlar” mavzuida davra suhbati o‘tkazildi.

Tadbirda jahon axborot maydonida mamlakatimiz imidjini mustahkamlashda OAVning o‘rni va xalqaro tajriba, shuningdek xalqaro sharhlarni tayyorlashga qo‘yiladigan talablar, ularning samaradorligi, ta’sirchanligini oshirishning asosiy omillari borasida fikr almashildi.

Unda O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi raisi Sa’dulla Hakimov, O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi “Dunyo” axborot agentligi direktori v.b Sadriddin Suyarov, O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti Xalqaro jurnalistika fakulteti dekani Amrillo Karimov, universitet kafedra mudiri Olim Toshboyev, Uyushma qoshidagi Xalqaro sharhlovchilar kengashi raisi Qobilbek Karimbekov, «Dunyo bo‘ylab» telekanali bosh muharriri G‘ofir Jamolov, «O‘zbekiston 24» radiokanali bosh muharriri Sharofiddin To‘laganov va boshqalar so‘zga chiqdilar.

— Dunyo hamjamiyatida O‘zbekiston Respublikasi xalqaro munosabatlarning to‘la huquqli sub’ektidir, —dedi G‘ofir Jamolov. —Uning tashqi siyosati davlatlarning suveren tengligi, kuch ishlatmaslik yoki kuch bilan tahdid qilmaslik, chegaralarning daxlsizligi, nizolarni tinch yo‘l bilan hal etish, boshqa davlatlarning ichki ishlariga aralashmaslik qoidalariga va xalqaro huquqning umum e’tirof etilgan boshqa qoidalari va normalariga asoslanadi. Mamlakatimiz ommaviy axborot vositalari ham xalqaro sharhlarda ana shu omillarga amal qilishlari shart. Xalqaro sharhlovchi bo‘lish uchun bo‘lg‘usi jurnalistlarda qiziqish va intilish bo‘lishi, ular ijod bilan birga xorijiy tillarni mukammal egallashlari kerak. Ana shunday o‘qish va izlanishdan tolmagan yoshlardan yaxshi xalqaro sharhlovchilar chiqishi mumkin.

—O‘zbekiston hamkorlikdan manfaatdor bo‘lgan barcha mamlakatlar bilan diplomatiya munosabatlarini yo‘lga qo‘ygan bo‘lib, ko‘plab davlatlar bilan o‘zaro munosabatlarimiz strategik sheriklik darajasiga ko‘tarilgan,—dedi Sadriddin Suyarov. —AQSh, Xitoy, Yaponiya, Janubiy Koreya, Rossiya shular jumlasidan. Mamlakatimiz tashqi siyosatining yana bir o‘ziga xos jihati har qanday davlat bilan avvalo ikki tomonlama asosdagi munosabatlarni rivojlantirishdan iborat. Biz jurnalistlar, xususan xalqaro sharhlovchilarning vazifasi esa xorijiy davlatlar bilan teng huquqli, do‘stona munosabatlarining bugungi holatini aks ettirgan materiallar yozishdan iborot. Afsuski matbuotimizda bunday sharhlar juda kam. O‘quvchilar esa bunga muhtoj. Shuningdek, O‘zbekistonning tashqi siyosatda, xususan qo‘shni mamlakatlar bilan iqtisodiy-siyosiy, madaniy-ma’rifiy sohadagi pozitsiyasini ochib beradigan sharhlarni yozadigan malakali, xorijiy tillarni biladigan mutaxassislarga katta ehtiyoj sezayapmiz. Bu masala yechimida xalqaro jurnalist kadrlar tayyorlovchi O‘zbekiston Davlat Jahon tillari universitetining Xalqaro jurnalistika fakulteti muhim o‘rin tutishi lozim. «Dunyo» axborot agentligi mazkur ta’lim dargohi bilan hamkorlik o‘rnatishga tayyor. O‘zbeki0ston va xorijiy davlatlar o‘rtasidagi hamkorlik va boshqa masalalar bo‘yicha imzolanayotgan hujjatlarning mazmun-mohiyatini tushuntirish uchun Tashqi ishlar vazirligining mutasaddi xodimlari, soha ekspertlari bilan ochiq darslarni tashkil etishda yordam berishga tayyormiz. Zero bunday amaliyot xalqaro sharhlovchilarning yangi avlodi yetishib chiqishiga xizmat qiladi, Yana bir gapim, talabalar kamida uch-to‘rtta tilni mukammal o‘rganishlari kerak.

Shuningdek, anjumanda fakultet qoshida xalqaro sharhlovchilar maktabini tashkil etish, unga taniqli siyosiy sharhlovchilarni jalb etgan holda talaba-jurnalistlar orasida bu yo‘nalishga qiziqqan yoshlarning amaliy bilim-ko‘nikmalarini oshirish, ommaviy axborot vositalarida xalqaro hayot sahifalarini boyitish masalalari haqidagi taklif-mulohazalar o‘rtaga tashlandi.

Jobir Xo‘jaqulov