“Innankeyin-chi?” yoki bugungi “shumbola”larning shumligidan kimga naf?

2019-11-27T10:25:20+05:0027 November, 2019|Umumiy yangiliklar|

Mashhur turk yozuvchisi Aziz Nesinning “Demokratiya shunqori” nomli asari bor. Hech qanday ma’lumoti yo‘q, ammo yozishga ishqiboz chala muxbir tilidan yozilgan G‘oyat yumorga boy hikoya. Yozuvchining qahramoni otasidan meros qolgan do‘kon ishi bilan mashg‘ul bo‘lsa-da, kutilmaganda yozish-chizishga qiziqib qoladi. Peshonani qarangki, yozgan yigirma ikki qog‘ozli maqolasidan bor-yo‘g‘i besh-olti satri gazetada chop etadi-yu, u o‘zini ko‘pning og‘ziga tushgan dahodek sanay boshlaydi va shundan so‘ng yozishga mukkasidan ketgan boshlovchi muxbir “ijod” namunalarini peshma-pesh nashrlarga jo‘nataveradi. Ammo hech biri bosilmaydi.

Taqdir hazilini qarangki, unga yaqinda tashkil etilgan gazeta tahririyatidan “bizga noyob xabarlar yuborib turing”, degan mazmunda xat keladi. Unda: “Besh kishi bir kishini o‘ldirishi mumkin, bunga ishonsa bo‘ladi. Ammo bir kishi beshtasini o‘ldirsa-yu, keyin murdalarni bir boshdan yeya boshlasa, bu noyob xabar hisoblanadi. Yana bir gap: biror futbol o‘yini paytida ishqibozlar sudyani tutib uradigan bo‘lsa, qo‘yavering, bu bo‘ladigan gap, lekin ishqibozlar sudyadan kaltak yegan bo‘lsa, bunday xabarni jon deb bosamiz”, deyiladi.

Omadi chopgan chala muxbir bunday to‘qima xabarlar rejasini do‘ndirib bajaradi. Bir gal yangi qo‘zilagan qo‘ylar va sal narida yurgan eshakni ko‘rib qolib, “Eshak qo‘zi tug‘di” sarlavhali maqola jo‘natadi. Hayal o‘tmay, gazetaning uchinchi betida bosilib chiqqan maqola shunday boshlanadi: “Muxbirimiz xabar qiladi: kecha bizning shaharda qirq beshga kirgan eshak ikkita qo‘zi tug‘di”…

Keyingi paytlarda dunyoda axborot olamini hayrat va larzaga soladigan yarim-yorti va aksariyat betayin xabarlarning shiddat bilan ko‘payib borayotgani o‘sha “Demokratiya shunqori”ni eslatadi. Mayda-chuyda maishiy muammolar, kim kimni urib-so‘kkanidan tortib, ayrim qo‘shma, yasama gaplar internet olamini bosib ketdi. Blogerlarning hammasi ham bejama xabar tarqatmaydi, albatta. Ularning orasida oliy ma’lumotli, o‘qimishli, o‘z fikriga ega, darajasi jurnalistga yaqinlari talaygina. Ammo ijtimoiy tarmoqlarda hozircha tarqamagan xabarlardan faqatgina “eshak egiz qo‘zi tuqqani” qoldi.

Ayniqsa, majburiy mehnatga jalb etish haqidagi gaplar aksariyat saytlar, uddaburon blogerlar tomonidan saqich kabi chaynaldiki, “maza-matra”siga putur yeta boshladi. Xatto xalqimiz qadriyati hisoblangan hasharni ham majburiy mehnat deyishdi. Misol uchun, joriy yil ta’lim dargohlarida o‘quv yili boshlanishidan avval saytlardan birida «maktab o‘qituvchilari majburiy mehnatga jalb qilingani» haqida ketma-ket yozildi. Bu qanday mehnat edi deysizmi? Bor-yo‘g‘i bir maktab o‘qituvchilar o‘zlari mehnat qilayotgan maktab hovlisidagi yerni yumshatib, atrofni biroz tartibga keltirishgani, o‘zlari ishlaydigan muassasani obodonlashtirish ekan. Axir, bunday hasharlar azaldan bor-ku! Hammamiz maktabda o‘qiganmiz, nafaqat o‘qituvchi, hatto katta sinf o‘quvchilari ham maktab hovlisini, sinfxonalarni ozodaligiga javobgar edi. Yerni yumshatish, daraxtlarni oqlash, ortiqcha o‘tlarni yulish kabi yengil yumushlarni o‘zimiz ham bajarganmiz. Atrof toza, so‘lim bo‘lsa, bilim olgani kelgan nafaqat o‘quvchilarning, ta’lim-tarbiya beruvchi o‘qituvchilaru, ta’lim dargohiga keladigan barcha-barchaning bahri-dili yayramaydimi? Qolaversa, tozalik sog‘lom hayot garovi ekanini bog‘cha bolasi ham biladi. Nahotki, shu yumushlar ham majburiy mehnat bo‘lsa?! O‘z hovlingdagi yerni birov kelib tozalab bermaydi-ku!

Qolaversa, o‘smir-yoshlarni atrof muhit tozaligiga rioya qilishga, uning ne’matlariga ehtiyotkorona munosabatda bo‘lishga o‘rgatish maktabning ham ishi hisoblanadi. Albatta, bunda o‘quvchilarga o‘qituvchining o‘zi o‘rnak bo‘lishi lozim.

Prezidentimizning qat’iy talabi bilan bu yil davlat muassasalari ishchi xizmatchilari, talaba yoshlar paxta terimiga jalb qilinmadi. Ha albatta, bu har tomonlama to‘g‘ri qaror bo‘ldi. Ammo mahallalarda ish qidirib yurgan, yoki daromadi kamligidan oilasini boqishga qiynalayotganlar kammi? Ular mahalla fuqarolar yig‘iniga yordam so‘rab borishadi. Bo‘sh vaqtini telefonu kompyuter titish, foydasidan zarari ko‘proq virtual olamning har turli tuynuklarida “sayr qilish” bilan umrini o‘tkazayotgan yoshlar ham talay.

Shunday ekan, ularni paxta yig‘imiga jalb etib, kunlik daromad topishga da’vat etish xayrli. Taassufki, ijtimoiy tarmoqlardagi “layk” yig‘ishga ishqiboz ayrim hovliqma blogerlar uchqundan o‘t chiqarib, bu holatni-da “majburiy mehnat”ga yo‘yishdi. Bir shoira opamiz “Hatto kelinlarimizga ko‘chani supur, deyishgayam qo‘rqib qoldik. Buni ham majburiy mehnat deb atab, bizni “madaniyatdan” orqada qolgan deyishdan ham toymaydi bular”, deb haqli e’tiroz bildirgan edi.

“Eldan chiqib, kimga el bo‘lasan”, deydi keksalarimiz. El ichida yashagach, yon-atrofdagilarning issiq-sovug‘idan xabardor, yordam kerak vaziyatlarda qo‘l-qanot bo‘lish insoniy burch emasmi? Afsuski, o‘zini tezkor xabarkash qilib ko‘rsatayotgan ba’zi kimsalar odamlarga yaxshi ko‘rinish, o‘zlarini “xalqparvar, elparvar, adolatparvar va yana necha xil “parvar”lar sifatida namoyish etib, nuqul tirnoq ostidan kir qidirish bilan mashg‘ul bo‘lishmoqda.

Lekin bundan kimga naf? Yurtimizgami? Odamlargami?

Qo‘lingdan kelsa, savob va yaxshilik qil, kelmasa hech bo‘lmasa, yomonlik qilma deydi ulug‘larimiz.

Yana shuni alohida ta’kidlash joizki, pala-partish, yolg‘on yashiq xabarlarni yozish bilan hech kim shu paytgacha obro‘ topgan emas.

Albatta, matbuot tezkor bo‘lgani yaxshi. Ammo bu degani to‘Qri kelgan ko‘chadagi gapni tekshirmasdan, aniqligini o‘zi ham bilmasdan elu-yurtga jar solish bu tezkorlikka kirmaydi. Bunday xabar bilan hech kim hurmat va e’tibor topmaydi. Topsa xam vaqtincha, umri ko‘rshapalaknikidek juda qisqa bo‘ladi.

Aytaylik, hali ko‘p bo‘lgani yo‘q, xatto bir mamlakat prezidentini vafot etganga chiqarib yuborishdi. Bunga ishongan nufuzli odamlar ham ijtimoiy tarmoqlar orqali ta’ziya bildirdi. Vaholanki, bu yolg‘on edi. Bugun internet tarmoqlari misoli betartib bozorga aylanib bormoqda. Bu bozorda sifatlisidan ko‘ra, iste’molga yaroqsiz mahsulot ko‘payib ketdi. Mana shular sabab hozir aholi orasida ijtimoiy tarmoqlarga ishonchi keskin susaymoqda.

Yana bir misol. Shu yil uch-to‘rt oy burun “O‘zbekiston Musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov ishdan ketdi”, degan yolg‘on xabar ham butun musulmon olamini o‘ylantirib qo‘ydi. Xabarni tarqatgan bloger o‘zicha “yangi Amerika kashf etdim”, deb qalpoqini osmonga otgandir, ammo yolg‘onning umri qisqa ekani yana isbotini topdi. Qiziq, nega ba’zi bir odamlar tashkilot va idoralarning ishonchli matbuot xizmati turgan joyda, ko‘cha gapiga ishonishadi?

Rostini aytganda, matbuotga aloqasi yo‘q, xabar tarqatish vakolatiga ega bo‘lmagan, to‘g‘rirog‘i, “savodi g‘ovlab ketgan ishbilarmon”larning bunchalik hovliqib ketishiga katta-kichik rahbarlarning ham hissasi bordek tuyuladi. Tadbirlarda ayrim blogerlar beradigan ezma savollarga ular qo‘rqa-pisa javob beradi, ehtiyot bo‘laman deb ba’zida “qovun tushirib qo‘yadi”, orada nojo‘ya gaplar ham kelib chiqadi. Qarabsizki, uddaburonlar o‘sha nojo‘ya gapni yulib olib tarmoqda e’lon qiladi. Oqibatda mas’ul shaxslar noqulay ahvolga tushib qolyapti, ishdan olinayapti. Bunga hissa qo‘shgan bloger esa G‘alaba men tomonda deb o‘ylayapti. Eng yomoni bu gaplar “eshik”dan tashqariga chiqib, vatanimiz, millatimiz sha’niga dog‘ bo‘lib tushayotganidir.

Shu joyda jurnalist bilan blogerning farqi yuzaga chiqadi, ya’ni jurnalistda javobgarlik hissi bor, xato qilsa, noxolis axborot tarqatsa, chora ko‘riladi. O‘zbekiston Respublikasining “Jurnalistlik faoliyatini himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunida huquqlarimiz bilan birga majburiyat-larimiz ham ko‘rsatib o‘tilgan. Unda, jumladan, jurnalist “o‘zi tayyorlayotgan materiallarining to‘g‘ri yoki noto‘g‘ri ekanligini tekshirishi va xolis axborot taqdim etishi” shartligi qat’iy belgilangan. Demak, ijtimoiy tarmoqlar ham kim nima desa deydigan bepul karnay bo‘lmasligi, kerak bo‘lsa ulargada qat’iy javobgarlik masalasi qo‘yiladigan vaqt keldi.

Shubhasiz, so‘z erkinligi kerak. Blogerlar, aslida, jurnalistlarning uddaburon yordamchilari. Ammo ming afsuski, ular orasida o‘zlarini yuqorida biz eslagan turk yozuvchisi Aziz Nesinning qahramoni singari “demokratiya shunqori”, deb biladigan, omma diqqatini bo‘lar-bo‘lmasga o‘ziga qaratishga urinayotganlari borligi chatoq-da.

Xafa bo‘lishmasinu aksariyatining yozgan matnlarini ko‘rib: “Hech yo‘qsa, maktabda o‘qiganmikan, o‘qigan bo‘lsa, diktant, insho yozganmikin?” deb o‘ylab qolasiz. Imlo xatolarining o‘zi yozgan xabaricha bor. Zimmada mas’uliyat bo‘lmagach, achitqi gaplar bilan tanilaman, deydiganlar ko‘payishi aniq.

So‘z mas’ulyati, odobi degan tushunchalar bor. Mashhur “Shum bola” Kinofilmidagi qaxramon hoji bobo singari qulog‘ini burab, “Innankeyin-chi”, deya ezmalik qilish, kimlardandir o‘ch olish, kim kimni yoqtirmasa bo‘lmag‘ur tuhmatu yolg‘onlarni tarmoqlar orqali e’lon qilish… bularning bari yuqorida aytganimizdek, umri qisqa, ertasi o‘zi qazigan chuqurga o‘zi tushadigan kir va past harakatlardir. Shunday ekan, ba’zi bir “shumbola”larning shumligi qachongacha davom etadi va ularga kerakli chora ko‘riladigan vaqt ham ko‘p kutib turmaydi.

Xolida FAYZIYEVA.

Manba: «Hurriyat» gazetasi