“Rossiyskaya gazeta“ – dunyo O‘zbekiston misolida Osiyo mo‘’jizasini kashf etmoqda

2019-11-26T05:14:20+05:0026 November, 2019|Umumiy yangiliklar|

So‘nggi yillarda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohot va yangilanishlar xalqaro hamjamiyat, shu jumladan, xorijiy matbuot nashrlari diqqat markazida bo‘lib kelmoqda.

Kuni kecha “Rossiyskaya gazeta” nashri O‘zbekistonda kechayotgan siyosiy, ijtimoiy va iqtisodiy o‘zgarishlar mintaqa hayotiga yangi nafas olib kirayotgani haqida maqola chop etdi. Nashr muxbiri o‘z maqolasida siyosiy-iqtisodiy sohada kechayotgan o‘zgarishlarni turizm misolida tahlil qiladi.

Maqolaga “Sharq ekspressi” deya sarlavha tanlangan, unda muallif Toshkent va Samarqand dunyo uchun o‘z eshiklarini ochayotgani, jahon esa ushbu shaharlar misolida o‘zi uchun Osiyo mo‘’jizasini kashf etayotgani haqida hikoya qiladi. Muallif quyidagilarni qayd etadi: “O‘zbekiston tamaddun beshiklaridan biri, bu zaminda dunyo ilm-fani rivojiga munosib hissa qo‘shgan olimlar kamol topgan. Bugungi kunda ushbu diyordagi me’morchilik obidalari, osori-atiqalar yetti iqlimdan sayyohlarni jalb qilmoqda. Yuksak madaniyat, urf-odat, mehmondo‘stlik – bu mamlakat xalqi tabiatidagi sifatlar.

Bundan uch yil oldin Prezident Shavkat Mirziyoyev mamlakatda ochiq siyosat yuritilishini, demokratik qadriyatlarga sodiq holda yirik iqtisodiy va ijtimoiy islohotlar amalga oshirilishini e’lon qildi.

Bunday ulkan vazifalarni ro‘yobga chiqarishda, avvalo zamonaviy qarash va bilimga, hayotiy qarashga ega, mustaqil fikrlaydigan yetuk kadrlar kerak, albatta. Shu bois ham rasmiy Toshkent ilk qadamlarni bir vaqtlar u yoki bu sabab bilan mamlakatni tark etgan, xorijiy davlatlarda ta’lim olgan mustaqil, intiluvchan yoshlarni O‘zbekistondagi islohotlar jarayoniga jalb qilishdan boshladi”.

Muallif foydalanishga topshirilgan “Humo arena” sport saroyi, uning ochilishida rossiyalik sportchilar ishtirok etganiga e’tibor qaratar ekan, mamlakatning ulkan qurilish mayoniga aylanganini ta’kidlaydi. Mamlakatimizga kelayotgan sayyohlar soni tobora ortib borayotgani haqida so‘zlaydi.

Muallif O‘zbekistonning festivallar yurtiga aylanib borayotganini mamnuniyat bilan qayd etadi. Xalqaro turnirlar, folklor bayramlar, hunarmandchilik ko‘rgazmalari, konferensiyalar, san’at vakillarining uchrashuvlari, yarmarkalar, tanlovlar o‘tkazish odat tusiga kirganini rossiyalik sayyohlar uchun eslatib o‘tadi.

Maqola muallifi O‘zbekistonda viza tartibining soddalashtirilgani, turizm rivoji uchun zarur sharoitlar yaratilayotganini ma’lum qilib, 2023 yilga kelib mamlakatimizga tashrif buyuruvchi turistlar sonini 10 millionga yetkazish rejalashtirilganini qo‘llab-quvvatlaydi.

Shuningdek, maqolada mehmonxona qurilishi uchun yaratilayotgan imtiyozlar, ular natijalariga to‘xtalib, O‘zbekistondagi mehmonxonalar sig‘imi 44 mingga yetgani, yana 600 ta yangi mehmonxona qurilishi rejasi borligi bo‘yicha ma’lumot beriladi.

Sohada zamonaviy kadrlar tayyorlash siyosati, Samarqandda “Ipak yo‘li” xalqaro turizm universiteti tashkil etilgani, Turkiya, Yaponiya, Janubiy Koreya, Ispaniya, Fransiya bilan hamkorlik kengaygani, ushbu jarayondagi intilishlar va sa’y-harakatlar istiqboli tahlil qilinadi.

Shuningdek, maqolada Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan afg‘onistonlik yoshlarning ta’lim olishi uchun yaratilayotgan sharoitlar, chegara oldida o‘zaro savdo hududlari, o‘ziga xos yarmarkalar tashkil etilayotganini ta’kidlab, O‘zbekistonning yaqin va qo‘shni davlatlar bilan do‘stona munosabatlarni rivojlantirishdagi sa’y-harakatlari yodga olinadi.

Maqola so‘ngida nashr mushtariylarini O‘zbekistonga sayohat qilishga taklif etiladi.

Saidmurod RAHIMOV, O‘zA