Qish eshik qoqmoqda, demak tashvish ortmoqda

2019-11-25T12:54:23+05:0025 November, 2019|Hafta maqolasi|

Navoiy viloyatidagi ikkita shahar va sakkizta tumanda jami 1 ming 677 ta ko‘p qavatli uy mavjud bo‘lib, shundan 996 tasiga «Navoiy kon-metallurgiya kombinati» davlat korxonasi, 23 ta yotoqhonaga Navoiy shahar uy-joy va yotoqxonalardan foydalanish boshqarmasi, 658 ta ko‘p qavatli uyga esa 39 ta xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlari tomonidan kommunal xizmatlar ko‘rsatib kelinmoqda. Bugungi kunda bu tashkilotlar kuz-qish mavsumiga qizg‘in tayyorgarlik ko‘rish bilan band. Biroq viloyatning barcha hududlarida ham ushbu mavsumga tayyorgarlik ko‘ngildagidek bo‘lmayapti. Ayniqsa, qishning qirovli kunlari yaqinlashishi bilan ayrim tumanlarda yashovchi aholining xavotiri ham oshib bormoqda.

Ko‘p qavatli uyning muammosi ham ko‘p

Gap shundaki, tuman va shahar markazlaridagi ko‘p qavatli uylarda istiqomat qiluvchi aholi kuz-qish mavsumida ancha halovatini yo‘qotadi. Chunki bu uylarning birida isitish tizimi nochor ahvolda bo‘lsa, boshqasining tomidan chakki o‘tadi.

Jumladan, Karmana tumanidagi «Beshkent» mahallasining Bahor ko‘chasida joylashgan ikki qavatli uylarda yashovchilar yillar davomida isitish tizimidan shikoyat qilib kelishadi. Biroq xanuzgacha muammo bartaraf etilgani yo‘q. Bundan tashqari, tomdan chakki o‘tgani bois uylar zax bosgan va devorlar nurab yotibdi. Hududga «Obod Beshkent» shirkati xizmat ko‘rsatadi. Tuman uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish bo‘limi boshlig‘i Maqsud Egamovning aytishicha, joriy yilda shirkatga 151 million so‘m kredit mablag‘lari ajratilishi va mazkur mablag‘ evaziga tomlar qisman, yo‘laklar va yo‘lak oynalari to‘liq ta’mirlanishi ko‘zda tutilgan edi. Biroq qish eshik qoqmoqdaki, bu reja amalga oshmadi. Isitish tizimidagi muammo esa har bir xonadon alohida qozonxona o‘rnatilsagina hal bo‘lishi mumkin.

— Aholida shirkatlar xizmatidan foydalanish madaniyati yetishmaydi, — deydi M.Egamov. — «Beshkent» mahallasida shirkat tuzilganidan buyon shartnoma tuzgan aholi orasidan biror kishi haligacha bir so‘m ham majburiy badal to‘lovini to‘lagani yo‘q. «Avval kamchiliklarni bartaraf etinglar, keyin haqini to‘laymiz», deyishadi. Aslida badallar yig‘ib olinib, keyin ish qilinishi kerak, ming tushuntirganimiz bilan aholi buni anglamayapti.

«Shirkat hech ish qilmagach, biz ham badalni to‘lamay qo‘ydik»

Xatirchi tumanidagi «Do‘stlik» mahallasi hududidagi ikki qavatli uylar tomon kirib borar ekanmiz, dastlab e’tiborimizni chang ko‘chalar tortdi. Oldimizdagi qor-qirovli kunlari bu yerlarning ahvoli qanday bo‘lishini tasavvur etish qiyin emas, albatta. Po‘lkan ko‘chasidagi 20- va 21-uylarda istiqomat qiluvchilar bilan suhbatlashar ekanmiz, ularning muammolari ko‘pligiga guvoh bo‘ldik.

— O‘tgan yili uylarimizga texnik xizmat ko‘rsatuvchi shirkat tashkil etildi, — deydi 21-uyda yashovchi Umar Ahmedov. — Oyma-oy har bir xonadon egasi 15 ming so‘mdan to‘ladi. Biroq uylarni ta’mirlash uchun hech ish qilinmadi. Hamma uyning tomidan chakki o‘tadi. Shiferlar sinib yotibdi. Sharoit bunday bo‘lgach, xonadonimizni ta’mirlashga ham qo‘rqamiz. Chunki tom ilma-teshik, yog‘ingarchilik paytida pardozlangan devorlar qanday ahvolga kelishini bilasiz. Shirkat hech ish qilmagach, biz ham badalni to‘lamay qo‘ydik.

Yuqoridagi holatlarni ko‘rib, shirkat va aholi o‘rtasida o‘zaro ishonch yo‘qligini anglash mumkin. Aholi «kamchiliklarni tuzatib ber» deydi, shirkat esa badalni undirishni istaydi. Bu orada fuqarolarga ularning shirkatdan qarzdorligi to‘g‘risida suddan ogohlantirish xatlari kelmoqda.

Uy yo‘laklari ham abgor ahvolga kelib qolgan. Kimdir hafsala qilib, qo‘shnilar bilan kelishgan holda ta’mirlash taklifini bersa, kimdir shirkatdan najot kutishni afzal bilyapti. Uy tomlaridagi shiferlarga yomg‘ir suvlari uchun tarnov qilinmagani bois oqova suv to‘g‘ridan-to‘g‘ri devorga urilmoqda. Natijada uy ichi zaxlab ketishiga sabab bo‘lyapti.

Atrofdagi, ariq ichlaridagi qarovsiz manzara, yig‘ilib qolgan chiqindi uyumi yon-atrofga qo‘lansa hid taratayotgani esa mahalla ahlining befarqligi, «sen menga tegma, men senga tegmayman» qabilida ish tutayotgani natijasidir. Biz muammolarga yechim izlab Navoiy viloyati uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish boshqarmasi boshlig‘i Nuriddin Jumaniyozovga murojaat qildik.

— Hududlardagi ko‘p qavatli uylarning tom qismini mukammal ta’mirlash dolzarb masala, — deydi N.Jumaniyozov. — 2020 yilda ko‘p qavatli uylarning tom qismida 94,2 ming kvadrat metr hajmdagi mukammal va joriy ta’mirlash ishlari amalga oshiriladi. Xususan, Karmana va Xatirchi tumanlaridagi ko‘p qavatli uylar ellik-oltmish yil muqaddam qurilgan, tom qismi butunlay eskirgan. Birinchi galda ana shu uylarning tom qismi mukammal ta’mirlanadi.

Shahardagi sharoit qanday?

— Navoiy shahar uy-joy va yotoqxonalardan foydalanish boshqarmasiga qarashli yotoqxonada oilam bilan birga istiqomat qilaman, — deydi «Kimyogar» mahallasidan O‘tkir O‘sarov. — Bu yerda isitish tizimi yaxshi ishlamaydi. Yotoqxona ma’muriyati ayni paytda muammoni hal qilish chorasini ko‘ryapti. Hozircha havo iliq, sovuq tushguncha muammo hal bo‘lsa kerak.

«Gulzor» mahallasidan Jamoliddin Ahtamovning aytishicha, shahar uylarida issiq suv muammosi mavjud. Issiq suv jo‘mragini buraganda sovuq suv keladi, sovuq suv jo‘mragidan esa zang bosgan, iste’molga yaroqsiz suv oqadi.

— Suv bilan bog‘liq muammolar quvurlar eskirgani oqibatida kelib chiqyapti, — deydi N.Jumaniyozov. — Kelgusi yilda ichimlik va oqova suv ta’minoti bo‘yicha 53 ta ob’ektda qurilish-ta’mirlash ishlari rejalashtirilgan. Jarayonda, albatta, shahar hududidagi suv quvurlari ahvoli ham o‘rganilib, kamchiliklar bartaraf etiladi.

Navoiy shahridagi ko‘p qavatli uylar, asosan, «Navoiy issiqlik elektr stansiyasi» AJ tomonidan beriladigan bug‘-gaz hisobiga isitiladi. Ayni paytda aksariyat uylarda isitish tizimi talab darajasida emas. O‘tgan yillar shaharda bu borada muammo bo‘lmagani bois shahar ahli hozir ham xotirjam. O‘ylaymizki, ular ishongani kabi kuzning iliq haroratli kunlari poyoniga yetib, qahraton fasl boshlangunga qadar issiqlik tizimi faoliyati ham yaxshilanadi.

Imkoni borlar shaharga ko‘chib ketmoqda

Darvoqe, o‘tgan yillarda chekka tumanlarda tabiiy gaz ta’minoti yaxshi emasligi bois qishloqlarda yashovchi ko‘pchilik aholi doimiy boshpanasini tashlab, ijaraga uy olib, vaqtinchalik shaharda yashagan edi. Joriy yilda ham bu holat takrorlanmoqda.

— Tabiiy gaz quvurlarini kesishdi, suyultirilgan gazdan foydalanyapmiz, — deydi Navbahor tumanidagi «Keskanterak» mahallasidan Kamoliddin Toshov. — Suyultirilgan gazni o‘z vaqtida yetkazib berishyapti. Biroq undan faqat oshxonada foydalanamiz. Uylarni esa ko‘mir va o‘tin bilan isitishga to‘g‘ri keladi. Imkoni borlar ijara haqi qimmat bo‘lsa-da, qishni shaharda o‘tkazish uchun ko‘chib ketyapti. Bunga qurbi yetmagan, mol-holi bor, farzandlari qishloq maktablarida o‘qiydigan aholi esa qish qattiq kelmasin, degan niyat bilan ko‘mir va o‘tin g‘amlash payiga tushgan.

Achinarlisi, tabiiy gaz yetib bormayotgan, tarmoqdan uzib qo‘yilgan qishloqlarda daraxtlar kamayib ketmoqda. Chunki bir necha yillardan buyon gaz tanqis hududlarda yashovchi aholi qahratondan omon chiqish uchun hovlisidagi mevali daraxtlarni kesib, pechda yoqishga majbur bo‘lyapti. Shuningdek, tut daraxtlari o‘tin bo‘layotgani tufayli pillachilik sohasida ham muammolar vujudga kelayotir. Shunday ekan, Navoiy viloyati hokimligi va kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik bo‘yicha boshqa mutasaddilar masalaning bu jihatini ham o‘ylab ko‘rishlari lozim.

Xolbibi SAFAROVA.

Manba:«Mahalla»