Tomdagi «dorboz»lar

2019-11-25T10:20:47+05:0025 November, 2019|Hafta maqolasi|

yoxud quruvchilar qachongacha himoyasiz mehnat qiladi?

Mamlakatimiz ulkan qurilish va bunyodkorlik maydoniga aylangan. Bundan Jizzax viloyati ham mustasno emas. Xususan, Jizzax shahrida qurilish ishlari avjida. Ammo… Mehnat muhofazasiga e’tibor berilyaptimi?

Afsuski, bu savolga hamma tashkilotlarda ham ijobiy javob topish mushkul. Masalan, shahardagi «Agrostandart Plyus» quruvchilari maxsus kiyim-bosh bilan ta’minlanmagan. O‘zini «brigadir» deya tanishtirgan Mo‘min Moylanovning aytishicha, bu yerda quruvchilarning aksariyati yollanma ishchilar ekan. Ular og‘zaki shartnoma asosida mehnat qilmoqda va kuniga 45-50 ming so‘mdan ish haqi oladi. Bir kunda o‘rtacha 10-12 soat ishlamoqda.
Savol tug‘iladi: mehnat huquqlari nega buzilmoqda?

Qayerga murojaat qilishni bilmaymiz

Jizzax shahridagi «Islomjon Anorboy» MChJ quruvchilari 52 xonadondan iborat ko‘p qavatli uy barpo etishmoqda. Binoning tom qismi to‘liq yopib bo‘lingan. Tashqi pardozlash ishlari tugash arafasida.

Korxonaning Mehnatni rejalashtirish bo‘limi boshlig‘i Baxtiyor Boymatov salkam 40 yildan buyon qurilish sohasida mehnat qilib kelmoqda. Uning aytishicha, oldinlari qurilish tashkilotlarida kasaba uyushmalari faoliyat yuritgan. Ammo 2000 yildan boshlab bu tizimda ishlar o‘z holiga tashlab qo‘yilgan.

– Jamoamizda 30 nafar xodim bor, – deydi u. – Bundan tashqari, mavsumiy ishlarga yana 50-60 nafar xodim jalb etiladi. Kasaba uyushma qo‘mitasini tashkil etish uchun, ochig‘i, qayerga murojaat qilishni bilmaymiz.

«Kaska»si yo‘q quruvchilar

«Gulrux Mega stroy» MChJ faoliyati bilan tanishganimizda ishchi Iftixor Xudoyqulov payvandlash yumushlari bilan band ekan. Maxsus kiyim-boshi yo‘q. Nega mehnat muhofazasiga rioya qilmayotganini so‘raganimizda, yelka qisdi. Aytishicha, u yollanma ishchi sifatida ishlaydi, korxona bilan hech qanday mehnat shartnomasi tuzilmagan. Bajargan ishiga qarab naqd pul oladi.

Qurilish jarayoni bilan yaqindan tanishdik. Yettinchi qavatda ishchilar xuddi darboz arqonda yurgandek ishlamoqda. Ammo xavfsizlik kamari va «kaska»si yo‘q.

Holbuki, mehnat qonunchiligiga muvofiq, qurilish, qurilish-montaj va ta’mirlash-qurilish korxonalari xodimlari maxsus kiyim, maxsus poyabzal va yakka tartibda himoyalanishning boshqa vositalari bilan bepul ta’minlanishi kerak. Jizzaxdagi qurilish korxonalari rahbarlari ularga qonunlar tegish­li emas deb o‘ylashadi, chog‘i…

Ortiqcha g‘alva(mi?)

– Ayrim xususiy korxonalarda mehnat muhofazasiga ortiqcha g‘alva deb qaraladi, – deydi Transport, yo‘l va kapital qurilish, qurilish industriyasi xodimlari kasaba uyushmalari Respublika kengashi bosh yuristkonsulti Sherzod Xudoyberdiyev. – Ishlab chiqarish bilan bog‘liq barcha ko‘ngilsizliklarning aksariyati kasaba uyushmalari tarkibiga kirmagan qurilish tashkilotlarida ro‘y bermoqda. Jizzax viloyatida qurilish sohasida faoliyat ko‘rsatayotgan tashkilotlar kasaba uyushma a’zoligiga qabul qilinmagan. Bu tashkilotlarda mehnat xavfsizligi ustidan jamoatchilik nazorati faoliyati ham yo‘lga ­qo‘yilmagan. Buning natijasida ishlab chiqarish bilan bog‘liq baxtsiz hodisalar va ish haqini olishda turli muammolar yuzaga kelmoqda.

– Xususiy tashkilotlarni kasaba uyushmalarga a’zo qilib, xodimlar manfaatini himoyalash mumkin emasmi? – deya so‘raymiz suhbatdoshimizdan.

– Mumkin, – deydi u. – Tarmoq kasaba uyushma tashkiloti bilan hamkorlikda qurilish tashkilotlarida a’zolik afzalliklarini tushuntirganmiz. Ammo ularni boshqarayotganlar ko‘p hollarda takliflarimizni rad etishadi. Boisi, kasaba uyushmaning tuzilmasligi aksar hollarda qurilish korxonalari rahbarlarining manfaatiga xizmat qiladi-da. Ularga kasaba uyushmalari safiga a’zo bo‘lish majburiy emasligini, lekin ish beruvchi sifatida mehnat muhofazasini ta’minlashga majbur ekanini anglatishga intilyapmiz. Qurilish korxonalarida ham kasaba uyushmalari tashkil etilsa, ishchi-xodimlarning manfaatlari ta’minlangan, ularning huquqlari poymol bo‘lmagan bo‘lar edi.

Muqimboy ISMOILOV,

Manba: «Ishonch»