GERMANIYA: gazetalar yana 10 yil bemalol yashay oladi

2019-11-25T10:02:30+05:0025 November, 2019|Umumiy yangiliklar|

O‘zbekiston Milliy axborot agentligi muxbirlari Germaniyaning Myunxen sharida “Zyuddoyche saytung” nashri faoliyati bilan tanishdi.

Dunyoning yetakchi davlatlari ham qog‘oz nashrlarning kamayib borishidan aziyat chekmoqda. Ammo, Germaniyaning oldi nashrlaridan biri “Zyuddoyche saytung” gazetasining xalqaro bo‘limi rahbari Stefan Kyolnning aytishicha, Germaniyada gazetalar yana 10 yil bemalol yashay oladi. Buning sababi – aholida gazeta o‘qish madaniyati shakllangan.

Germaniya aholisi ayni damda 80 million bo‘lib, ularning 50 millioni gazeta mutolaasidan voz kechmagan. Ushbu mamlakatda har kuni 320 ta tahririyatdan 1500 xil nomdagi gazetalar chiqadi. O‘nga yaqin nashrlar internetda pullik bo‘lib, o‘z mushtariylariga ega.

Raqamli texnologiyalar jurnalistlar faoliyatiga ta’sir etmasdan qolmaydi. Gazetalar o‘z internet sahifalarini tashkil etib, uni ham bosma nashr bilan birgalikda olib bormoqdalar.

Qolaversa, ijtimoiy tarmoqlar ham media maydonga aylanib ulgurdi. O‘zini hurmat qilgan nashr ana shu uch maydonda ham faol ravishda o‘z o‘quvchilariga ega bo‘lib bormoqda.

Xususan, Germaniyaning eng birinchi nashrlaridan hisoblangan “Zyuddoyche saytung” gazetasida 530 nafar jurnalist faoliyat olib boradi va 40 nafar xorijiy muxbirlarga ega.

Nashrning xalqaro bo‘limi rahbarining aytishicha, gazeta tamomila xususiy bo‘lib, tahririyat faoliyatiga ta’sischi umuman aralashmaydi.

Nashrning internet shakli ham tezda ommalashib bormoqda va undan kuniga 8 million o‘quvchi foydalanadi. Elektron nashrning 28 ming nafar pullik a’zolari bor va nashr ularni ko‘paytirish uchun doim harakatda.

Elektron nashr obuna narxi qog‘oz nashrga nisbatan arzonroq. Gazetaning qog‘oz nashrining bir yillik narxi 160 yevro. Odamlar tobora internet orqali nashrni kuzatishga o‘tib borayotganlari sabab gazetada reklama berishga talab kamayib bormoqda.

Ammo shunga qaramay, Germaniyada erkin so‘z, fikr himoyasi kuchli ekani gazetalarni o‘qishli bo‘lib qolishiga yordam bermoqda.

“Jurnalistlar xalq ishonchini yo‘qotishdan qattiq cho‘chiydilar. Shuning uchun ham muxbirlarning asosiy shiori – xolislik va ochiqlikdir. Bizda Konstitutsion sud doim erkin so‘zni himoya qiladi. Lekin, fuqarolar shaxsiyatiga aralashishga yo‘l qo‘yilmaydi”, deydi Stefan Kyoln.

Germaniya ko‘chalarida gazeta sotiluvchi qutilarni ko‘p uchratish mumkin. Ular mutlaqo elektron emas. Odamlar shunchaki, qutidan gazetani olib yoniga pulini tashlab ketadi. Bu ishlar nazorat ostida emas.

Bundan tashqari, jamoat transportlarida ham gazeta o‘qiyotgan odamlarni ko‘p uchratish mumkin. Jurnalistika bu davlatda yaxshi maoshga ega kasblardan hisoblanadi.

O‘zbekiston milliy axborot agentligi jurnalistlarining “Zyuddoyche saytung” nashriga sayohati Yevropa xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining Toshkentdagi ofisi tomonidan amalga oshirildi.

Anora SODIQOVA

Manba:O‘zA