Tadbirkorlik sohasidagi islohotlar jurnalistlar nigohida

2019-11-25T09:56:42+05:0025 November, 2019|Umumiy yangiliklar|

O‘zbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi tomonidan tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash va ularga yetarli shart-sharoitlar yaratish, investitsiyalarni jalb qilish hamda yangi ish o‘rinlarini yaratish borasida Orolbo‘yida amalga oshirilayotgan ishlarni aholiga yetkazish maqsadida ommaviy axborot vositalari vakillari uchun press-tur tashkil etildi.

Dastlab ishtirokchilarga O‘zbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasi va uning huzuridagi Davlat mulkini ijaraga berish Markazi tomonidan joriy yilning o‘tgan oylari mobaynida amalga oshirilgan ishlar va kelgusidagi vazifalar to‘g‘risida batafsil ma’lumot berildi.

Ta’kidlanganidek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yil 14 yanvardagi “Davlat aktivlarini boshqarish, monopoliyaga qarshi kurashishni tartibga solish tizimini va kapital bozorini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash borasida muayyan ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, xususiylashtirish dasturi asosida bugungi kunga qadar 78 ta davlat aktivini tadbirkorlarga sotish rejalashtirilgan bo‘lib, shundan 63 ta ob’ekt 1 so‘m boshlang‘ich narxda investitsiyaviy va ijtimoiy majburiyatlari bilan “E-IJRO AUKSION” savdo maydonchasida elektron onlayn-auksion orqali savdoga chiqarilgan. Shuningdek, bevosita muzokaralar o‘tkazish yo‘li bilan 27,7 milliard so‘m va 4,2 million AQSh dollari miqdorida investitsiya kiritish hamda 173 ta yangi ish o‘rnini tashkil etish sharti bilan “nol” qiymatda ob’ekt ajratildi.

Uchrashuvda ommaviy axborot vositalari vakillari o‘zlarini qiziqtirgan savollariga javob oldi.

Shundan so‘ng press-tur ishtirokchilari Nukus shahridagi “Titan DSZ” mas’uliyati cheklangan jamiyati, “Toshkent” mehmonxonasi, Beruniy tumanidagi “Yog‘gor” aksiyadorlik jamiyati hamda ushbu tumandagi “Go‘zal-Atlas” xususiy korxonasi faoliyati bilan yaqindan tanishdilar.

“Titan DSZ” mas’uliyati cheklangan jamiyatiga tashlandiq holga kelib qolgan avvalgi “RK-2 qozonxona” binosi “nol” qiymatida berilib, 11,2 milliard so‘m investitsiya kiritildi. O‘tgan yilning iyul oyida foydalanishga topshirilgan korxonada bugungi kunda yarim avtomat kir yuvish mashinasi, uch xildagi changyutgichlar ishlab chiqarilmoqda. Korxona ishga tushirilishi bilan 30 kishi ish bilan ta’minlandi. Korxona rahbarining ta’kidlashicha, ichki bozorni sifatli mahsulotlar bilan ta’minlash va kelgusida eksportga chiqarish rejalashtirilgan.

Nukus shahrining markazidagi “Toshkent” mehmonxonasi ham 3,2 milliard so‘m investitsiya kiritish hamda 27 ta ish o‘rni yaratish investitsiyaviy va ijtimoiy majburiyati bilan tadbirkorga “nol” qiymatida berilgan edi. Bugungi kunga kelib ushbu majburiyat 7,9 milliard so‘m miqdorida ortig‘i bilan bajarildi va ish o‘rni to‘la yaratildi. O‘tgan davr mobaynida 1 milliard so‘mga yaqin sof daromad olindi. Bugungi kunda mehmonxonada nafaqat respublikamiz aholisi, balki chet davlatlardan tashrif buyurayotgan ko‘plab sayyohlarga ham jahon talablari asosida xizmat ko‘rsatilmoqda.

Beruniy tumanidagi “Yog‘gor” aksiyadorlik jamiyatida asosan To‘rtko‘l, Beruniy, Ellikqal’a va boshqa tumanlardan keltirilgan paxta chigiti qayta ishlanadi. Xalqaro standartlar hamda me’yorlarga javob beradigan asbob va uskunalar o‘rnatilgan korxonada o‘simlik yog‘i, paxta shroti va paxta chigiti sheluxasi ishlab chiqarilmoqda. O‘tgan yildan boshlab xo‘jalik sovunini ishlab chiqarish sexi ishga tushirilib, mahsulotlarning bir qismi Tojikiston davlatiga eksport qilinmoqda. Jami 283 nafar ishchi–xodim mehnat qilayotgan korxonada joriy yilning o‘tgan 9 oyi mobaynida 2,5 milliard so‘m sof daromad olingan bo‘lsa, bu ko‘rsatkich yil oxirida 3 milliard 300 million so‘mga yetishi kutilmoqda.

Tadbir ishtirokchilari tadbirkorlar faoliyatida ayrim muammolar mavjudligiga guvoh bo‘lishdi. Masalan, bo‘sh yotgan binolarga investitsiya kiritish va yangi ish o‘rnini yaratish majburiyatini ortig‘i bilan bajargan “Go‘zal-Atlas” xususiy korxonasi faoliyatidagi muammo Qoraqalpog‘iston Respublikasi Davlat aktivlari boshqarmasi mutaxassislari tomonidan yaqin kunlarda hal etiladigan bo‘ldi.

-Press-turni tashkil etishdan maqsad, mamlakatimizda davlat aktivlarini boshqarish, monopoliyaga qarshi kurashishni tartibga solish tizimi va kapital bozorini takomillashtirish borasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarni ommaviy axborot vositalari orqali aholiga yetkazishdan iborat, – deydi O‘zbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi Axborot xizmati rahbari Mo‘min Ibodov. – So‘nggi yillarda davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan Orolbo‘yida, shu jumladan, Mo‘ynoq tumanida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Kelgusida press-turni mamlakatimizning barcha viloyatlarida o‘tkazish rejalashtirilgan.

Manba:O‘zA