Din ilmdir, siz ilmni kimdan o‘rganyapsiz?

2019-11-22T06:38:28+05:0022 November, 2019|Hafta maqolasi|

Bugun dunyoda kechayotgan globallashuv va millatlararo integratsiya jarayoni insonlar o‘rtasida axborot almashish sur’atini ham tezlashtirdi. Bu esa kishilarga ko‘pgina ijobiy imkoniyatlar bergani holda, g‘arazli maqsaddagi kimsalar uchun ham o‘zini namoyon etishga sharoit yaratdi.

Ushbu jarayonda, ayniqsa, ayrim axborot saytlarida o‘zini «shayx» deb e’lon qilib, «din homiysi», «sof islom da’vogari» sifatida ko‘rsatishga urinayotganlar ko‘payib borayotgani tashvishlidir. Zero, hali media makonidagi axborot xurujlari va sof islom dini ilmidan xabarsiz ayrim yoshlar g‘arazli maqsadda tarqatilgan ma’lumotni haqiqiy manbadan ajrata olmay qolayotgani, ming afsuski, haqiqat.

Biz mazkur maqolada yuqoridagi kabi o‘zini «sof islom da’vogari» deb tanishtirib, internet tarmog‘i orqali tarqatayotganlarning turli g‘arazli maqsaddagi xabar va yolg‘on, buzib foydalanilgan ma’lumotlarini tahlil etib, ushbu axborotga ko‘r-ko‘rona ishonib, ularga ergashayotgan ayrim kishilar diqqatini ularning asl maqsad va muddaosiga qaratmoqchimiz.

«O‘zimiz yaratdik, endi o‘zimiz jabr chekyapmiz»

Xabaringiz bor, avvalroq Nyu-York shahri(AQSh)da Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining navbatdagi 74-sessiyasi hamda Migrantlar va qochqinlar bo‘yicha Butun Jahon Sammiti bo‘lib o‘tdi.

Unda Pokiston Islom Respublikasi Bosh vaziri so‘zga chiqib, jumladan, shunday dedi:

«Men boshidan bunga (Afg‘onistondagi operatsiyaga) qarshi bo‘lganman. Dastlab biz bu yigitlarni «jihod» qilish uchun o‘zimiz tayyorlaganmiz va bu ajoyib g‘oya bo‘lgan edi. Bugun esa bu yigitlarni «terrorchi» deb, yana o‘zimiz ulardan qutulish chorasini topolmayapmiz»(!)

Pokiston Bosh vaziri ushbu nutqida 1980 yillarda Afg‘onistonda bo‘lib turgan sobiq ittifoq armiyasiga qarshi kurash uchun AQSh va Pokiston davlatlari tomonidan tayyorlangan «Tolibon» terroristik tashkilotini nazarda tutgani ko‘pchilikka ma’lum. Binobarin, mazkur terroristik tashkilotning o‘sha vaqtdagi asosiy vazifasi — sobiq ittifoq kuchlariga qarshi kurashish bo‘lgani ochiq tan olinmoqda.

Ma’ruzada qayd qilinishicha, Afg‘onistonda amalga oshirilgan mazkur amaliyot uchun Pokiston hukumati 200 mlrd. dollar mablag‘ sarflagan. Bundan tashqari, mamlakat o‘sha vaqtda yuzaga kelgan urushlar sababli 2,7 mln. afg‘on qochqinini qabul qilishga ham majbur bo‘lgan.

Ushbu ma’lumotlarga e’tibor bersak, bunday qo‘shtirnoq ichidagi «jihodiy» guruhlarning tashkil topishida dunyodagi bir-biriga raqobatchi davlatlar va kuchlar turishi ayon bo‘ladi. Eng afsuslanarlisi, bunday kuchlar o‘z siyosiy maqsadlarini amalga oshirishda bundan-da og‘ir yo‘qotishlardan ham chekinmasligi oydinlashadi. Zero, bunday holatda, asosan, siyosiy jihatdan to‘liq shakllanmagan yoki aholisi turli etnik millatlardan tashkil topgan musulmon o‘lkalar, davlatlar hamda «soxta diniy» g‘oyalarga ishonib, o‘zini qurbon qilishga tayyor turgan yoshlar jabr ko‘radi(!)

Eng yomoni, bu kabi kurashlarda «kofirga qarshi jihod qilish» g‘oyasi ilgari surilib, avom xalqni aynan shu g‘oya asosida jaholatga boshlash oson kechishi ham ravshanlashadi. Bunday paytda «din homiylari» barchani o‘z e’tiqodiga qo‘shilmagan va qo‘llab-quvvatlamagan yoki ularga qarshi bo‘lganlarga nisbatan shafqatsiz bo‘lish, murtadlikda ayblab jazolash va murosasiz kayfiyat uyg‘otishga e’tibor qaratadi.

Oldingdan oqqan suvning qadri yo‘qmi?

Qayd etish lozimki, mazkur g‘oyalar o‘sha vaqtda dunyoning ko‘zga ko‘rinmas kuchlari uchun muvaffaqiyat keltirgan bo‘lsa-da, keyinchalik u nafaqat butun musulmon olami, balki «tashkilotchi»larning o‘zi uchun ham katta muammoni keltirib chiqardi. Zotan, bugun ushbu mash’um xatoni na siyosatchilar, na din arboblari va na harbiy kuch bilan yo‘q qilish imkoni bo‘lyapti(!)

Natijada Afg‘oniston va Pokiston o‘lkalarida yashovchi turli diniy va etnik xalqlar uchun misli ko‘rilmagan ijtimoiy, diniy, iqtisodiy va demografik yo‘qotishlar hanuz davom etmoqda. Qariyb 40 yildan buyon millionlab insonlar, norasida go‘daklar, ayollar mazkur mash’um g‘oya asosidagi urushning qurboniga aylanmoqda.

Hozirgi kunda ham musulmon o‘lkalarida islom dini nomidan ish yuritib, qaysidir «kuchlar»ning manfaati yo‘lida xizmat qilayotganlar yo‘q, deb o‘ylasizmi? Sodda, avom musulmonlarni mana shunday chirkin o‘yinlarga chorlayotgan «din homiylari» o‘z cho‘ntaklariga millionlab dollarni solib, ularning qo‘liga qurol tutqazgan holda o‘limga boshlayotgani haqiqat-ku!

Bugun o‘zi xorijda turib olib, sodda xalqimizning dinga bo‘lgan e’tiqodidan foydalanayotgan, mana shunday chirkin o‘yinlarga chorlayotganlarni kim deb atash mumkin?!

Yaqin tarixda bunday mash’um voqealar yurtimizni ham chetlab o‘tmagani hammamizga kunday ravshan. Afsuski, xalqimiz orasida haligacha ko‘zi ochilmagan, adashgan insonlar borligi achinarli hol, albatta. «Oldingdan oqqan suvning qadri yo‘q», deganlaridek, o‘zimizning yurtimiz olimlari qolib, na vatani, na ustozi, na o‘zining nasl-nasabi tayin bo‘lgan, kimlarningdir soyasiga yashirinib, o‘zini «shayx» deb atab, muqaddas dinimizni bulg‘ayotgan xoinlarga quloq solayotganlar, ming afsuski, hamon uchrab turibdi.

Har lahzadan saboq chiqarmoq darkor

Jahonda bo‘layotgan voqea-hodisalarga befarq bo‘lmasligimiz, chor-atrofga teranroq nazar tashlashimiz, ilm o‘rganishimiz — bugun davr talabi! Qolaversa, muqaddas manbalarda dinimizni kimlardan o‘rganishimiz kerakligi ham aniq ko‘rsatilgan. Jumladan, Rasululloh (s.a.v.): «Albatta, bu din ilmdir, Sizlar ilmni kimdan olayotganingizga qarang», deb marhamat qilganlar (Muslim rivoyati). Bu borada yana ko‘plab hadis va salaf ulamolarimizning o‘git va nasihatlarini dalil sifatida keltirishimiz mumkin.

Tarixdan ma’lumki, islom dini ta’limotini g‘arazli maqsadlarda noto‘g‘ri talqin qilish, uydirma hadislar to‘qib chiqarish kabi holatlar bundan avval ham yuz bergan va u turli fitna va hiylalarga sabab bo‘lgan. Achinarlisi, bunday fitna va «o‘yin»lar bugungi kungacha ham davom etmoqda.

Biz ushbu maqola orqali o‘z fikrimizni quvvatlash yoki bahs-munozaraga kirishni maqsad qilmadik. Balki musulmon kishi o‘tayotgan har bir kunidan, har bir lahzasidan o‘ziga saboq chiqarib yashashi lozimligini yana bir bor eslatmoqchimiz, xolos(!)

Asl mazmun va mohiyati TINChLIK bo‘lgan muqaddas dinimiz ta’limotini o‘zining g‘arazli va tor maqsadi yo‘lida talqin qilib, xalqimizning diniga bo‘lgan ixlosidan foydalanishga urinayotgan kimsalarning so‘ziga, eng avvalo, ilm va sog‘lom fikr, yuksak axloq va taqvo bilan munosib javob qaytarish eng to‘g‘ri yo‘ldir.

A’zamxon QAMBAROV,

O‘zbekiston Xalqaro islom akademiyasi ilmiy xodimi.

Manba: «Mahalla»