Huawei kompaniyasi va JOKU IT jurnalistika sohasini rivojlantirish yo‘nalishida hamkorlik qilishga kelishib oldi

2019-11-22T04:23:42+05:0022 November, 2019|Umumiy yangiliklar|

2019 yil, 20 noyabr. Huawei kompaniyasi O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti bilan IT jurnalistika sohasini rivojlantirish va kelgusi mutaxassislarning media makon sohasidagi professional bilim darajasini oshirishga qaratilgan o‘zaro anglashuv memorandumini imzoladi. Memorandumni imzolash marosimi Huawei kompaniyasining Innovatsion markazida tashkil qilinib, unda mazkur universitet rahbariyati, o‘qituvchi-professorlari va talabalar ishtirok etishdi.

Huawei kompaniyasi uzoq yillardan buyon axborot texnologiyalari sohasiga oid ta’lim muassasalari bilan hamkorlik qilib keladi. Axborot texnologiyalari haqidagi mavzu professional ixtisoslashgan OTMlar doirasidan allaqachon chiqib, bugungi kunda mamlakatning iqtisodiy va ijtimoiy taraqqiyotiga doir barcha jabhalarni qamrab olmoqda. Jurnalistlar, blogerlar, PR mutaxassislarni innovatsion texnologiyalar bilan tanishtirish, ularning bu boradagi bilim va malakasini kuchaytirish ommaviy kommunikatsiyalar sohasidagi ta’lim muassasalarining oldida turgan muhim vazifalardan biri hisoblanadi.

Kompaniya shourumiga tashrif davomida mehmonlar flagman modeldagi smartfonlar bilan tanishish, jurnalistning kundalik faoliyatida asqatishi mumkin bo‘lgan ulardagi funksiyalar, shuningdek,professional foto va video kameralarning o‘rnini bosadigan usullarni o‘rganish imkoniyatiga ega bo‘ldilar.5G texnologiyalar, bulutli hisoblash, shu bilan birga, uzoq va yetib borish qiyin bo‘lgan hududlarni aloqa bilan ta’minlovchi yechimlar sohasidagi mutaxassislar mehmonlarga Huawei texnologiyalarining ishlash tamoyillari va qo‘llash afzalliklari haqida gapirib berishdi.

Bundan tashqari, talabalar “Seeds for the Future” nomli global loyiha to‘g‘risida ham batafsil ma’lumot ega bo‘ldilar. Huawei kompaniyasi mazkur loyiha doirasida har yili o‘zbekistonlik talabalarni Xitoyga amaliyot o‘tashga yuboradi.

“Huawei kompaniyasining innovatsion texnologiyalariga ko‘rsatilgan qiziqish hamda kelgusi jurnalistlarning bilim va ko‘nikmalarini oshirish yo‘nalishida hamkorlik qilish istagi uchun jurnalistika universiteti rahbariyatiga samimiy minnatdorchilik bildiramiz. Texnologiyalar kundan-kunga jadallik bilan rivojlanmoqda, turmushimizning har bir jabhasi raqamlashmoqda, aholi orasida innovatsiyalar va ularni qo‘llashga oid afzalliklar haqidagi savollar ko‘paymoqda. Shuning uchun mazkur savollarga yosh avlod jurnalistlar oson tushuniladigan ravon tilda javob berishi, shu bilan bir qatorda, O‘zbekiston va jahonda AKT sohasini rivojlantirishga oid oxirgi yutuqlar to‘g‘risida atroflicha ma’lumotga ega bo‘lishi juda muhimdir”, – dedi Huawei kompaniyasining jamoatchilik bilan aloqalar departamenti rahbari Davron Azizov.

Shuni ta’kidlash o‘rinliki, hozirgi vaqtda Huawei kompaniyasi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti, Toshkent shahridagi Inha universiteti va China Campus Network singari OTMlar bilan o‘zaro kelishuv imzolab, yaqindan hamkorlik qilib kelmoqda, shu bilan birga, O‘zbekistonda AKT yo‘nalishidagi iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan bir qator ta’lim loyihalarini amalga oshirmoqda.

 

Manba: O‘zA