O‘yin ichidagi «o‘yin»lar

2019-11-21T06:06:52+05:0021 November, 2019|Hafta maqolasi|

yoxud salomatligini «Spark»ka almashtirayotgan avlod kim?

Bugungi dunyoning chop-chopi, yugur-yuguri ko‘p. Hamma qayoqqadir shoshgan, telefonda kim bilandir tortishgan, internetdagi axborot daryosiga sho‘ng‘igan. Xullas, bunday bir dam olib, hordiq chiqarayotgan odamni juda kam uchratasiz. Shunga yarasha hamma toliqqan, charchoq alomatlari yuzlarida sezilib turadi. Albatta bunday paytda kimdir musiqa tinglab, yana kimdir jismoniy mashqlar bilan shug‘ullanib yoki ko‘ngilochar filmlar tomosha qilib dam oladi. Biroq, buni qarangki, charchoqni chiqarishning ham zamonaviy usuli urfga kirmoqda ekan hozir. Charchaganda energetik ichimlik iste’mol qilish. Barchani shu paytgacha qiziqtirib kelayotgan savol: energetik ichimliklar insonni tetik qilishi rostmi? Uning foydasi ko‘pmi yoki zarari?
Energetik ichimliklarga energiya va aqliy faoliyatni oshiruvchi ingre­diyentlarni o‘z ichiga olgan ichimliklar, deya ta’rif beriladi. Xo‘sh, aslida ham, shundaymi?
Deyarli barcha energetik ichimliklar tarkibida miya ­faoliyatini rag‘batlantiruvchi, hushyorlik va konsentratsiyani oshiradigan kofein mavjud. Energetik ichimliklar, shuningdek, odatda bir nechta boshqa ingrediyentlarni ham o‘z ichiga oladi. Masalan, shakar – odatda energiya ichimliklaridagi kaloriyalarning asosiy manbai, garchi ularning ba’zilarida shakar yo‘q va uglevodlar miqdori pastligi qayd etilgan bo‘lsa ham.
Odamlar energetik ichimliklarni iste’mol qilishining asosiy sabablaridan biri uyqusiz yoki charchagan hollarida ishlashiga yordam berish ekan. Uzoq yo‘l bosadigan, kechqurun yo‘lda ketadigan haydovchilar ko‘pincha hushyor bo‘lishlari uchun energetik ichimlik iste’mol qilishadi. Biroq uyqusiz ishlayman, mehnat qilaman deya, energetik ichimliklarni iste’mol qilib, ularga o‘rganib qolish ko‘plab nojo‘ya ta’sirlarga olib kelishi isbotlangan.
Energetik ichimlik ma’lum bir muddat hushyor bo‘lishga yordam berishi mumkin bo‘lsa ham, ishdan keyingi uyqu holatiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi aniqlangan. Energetik ichimliklar odamlarga charchagan vaqtlarida ishlashiga yordam beradi, ammo keyinchalik uyqu sifatining pasayishiga olib keladi. Hattoki, energetik ichimlik­larni haddan ziyod iste’mol qilgan insonlarda yurak muammolari ham bezovta qila boshlagan va bu keyinchalik asoratli kasalliklarga olib kelgan.
Energetik ichimliklarni me’yordan ortiq ichish qon bosimi yoki qondagi qand miqdorining oshishiga ham sabab bo‘ladi, hattoki asabiylik, tushkunlik kabi aks ta’sirlarni paydo qiladi.
Shuning uchun energetik ichimlik­larni homilador ayollar, bolalar, o‘spirinlar, qariyalar, gipertoniya, yurak-qon tomir kasalliklari, uyqu buzilishi, asabiylashish va kofeinga sezgirlik bilan og‘rigan odamlarning iste’mol qilishi taqiqlanadi.
Bunday ichimliklar iste’moli ko‘p mamlakatlarda avj olayotgani anchayin xavflidir. Buning ayanch­li oqibatlari ham ko‘rinmoqda. Masalan, angliyalik energetik ichimliklar shaydosi Vinni Payner ismli talaba haftasiga to‘rt-besh banka ichimlikni ko‘rdim demay, ichishda davom etgan. Ammo me’yorni unutgan yigit buning nojo‘ya ta’sirini kutilmaganda anglab yetdi. Bir kuni u olma yemoqchi bo‘lganida, bir yo‘la uning to‘rtta tishi to‘kilib tushgan. Oyog‘ini qo‘liga olib tish do‘xtiriga yugurgan o‘spiringa mutaxassis «energetik quvvat» kuchi bilan to‘kilgan tishlardan tashqari, qolganlariga ham jiddiy zarar yetganini aytgan. Shifokorning fikricha, hamma balo energetik ichimliklar tarkibida juda mo‘l bo‘lgan shakarda ekan.
Ba’zida jismoniy mashq bilan shug‘ullanayotganlarning qo‘lida shunday ichimlikka ko‘zimiz tushadi.
Shifokorlarning qayd etishicha, energetik ichimliklar sport ichimliklari bilan bir xil emas. Jismoniy mashqlar paytida bunday ichimliklarni ichish suvsizlanishga, bu esa oshqozon-ichak faoliyati buzilishiga olib keladi. Bunday paytda suv eng yaxshi tanlovdir.
Bekatlar, do‘konlar deraza-oyna­larini to‘ldirib turgan ener­getik ichimliklar surati, «mazasiga gap yo‘q», «quvvatga kir» deya muhrlangan so‘zlar kattayu kichikning e’tiborini jalb etishi tabiiy. Bunday reklamani ko‘rgan har qanday insonda qiziqish uyg‘onishi hech gap emas. Albatta, uning ta’mini tatish istagi paydo bo‘ladi. Biroq bir ichishda og‘izga yoquvchi ichimlik ta’mi ko‘pchilikka manzur kelib, unga o‘rganib qolishi va bu keyinchalik cho‘ntakka ham, sog‘liqqa ham zarar keltirishi turgan gap.
So‘nggi vaqtlarda ayrim «uchar» tadbirkorlarimiz mazasi energetik ichimliklarga o‘xshash «WF», «Sitro», «Tizer», «OK» kabi ichimliklarni ishlab chiqarishdi. Bugungi kunda ko‘pchilikning qo‘lida ushbu ichimliklarni uchratamiz. Hatto, maktab o‘quvchilari ham ota-onasi tushlikka deb bergan pullariga ushbu ichimlik­larni sotib olishyotganiga guvoh bo‘lamiz. Eng qizig‘i, ular ichimlikni ochgandan qopqoq ostidagi yozuvga e’tiborini qaratishadi. To‘g‘ri topdingiz, ular qopqoq ostidan avtomobil qidirishadi. «WF» yoki «Sitro» ichib avtomobilga ega bo‘lgan «shovvozlar» ularni butkul qiziqtirib qo‘ygan. Televizor orqali efirga uzatilayotgan energetik ta’mli ichimliklarning «mega aksiya»lari deyarli hammaning orzu-umidiga aylangan. Kimningdir omadi kelishi yoki osongina mol-davlatga ega bo‘lishga intilish – bu boshqa masala. Biroq o‘zimizni, ayniqsa bolalarni kuniga litrlab gazli ichimlik iste’mol qilishga undashimiz ertaga qanday oqibatlarga olib keladi? Nahotki farzandimiz yoki o‘zimizning sog‘lig‘imizdan ham qimmat tursa shu avtomobil?
Aslida ichimlik qopqog‘ini yig‘ib avtomobilga ega bo‘lish imkoniyati qanchalik haqiqatga yaqin?
Keling, tahlil qilamiz: 0,5 litr «WF» ichimligining do‘konlardagi o‘rtacha narxi 3 000 so‘m, «Spark» avtomobilining qiymati taxminan 65 mln. deylik. Matematikaga murojaat qilamiz: bitta avtomobil puliga taxminan 21 667 dona «WF» ichimligi berar ekan. Hayratlanarli «mega aksiya»da salqinlashtiruvchi ichimlikni xush ko‘radigan iste’molchilar to‘rt donadan «Malibu», «Tracker», «Cobalt», «Nexia 3», o‘n dona «Spark» va boshqa qimmatbaho sovrinlar yutib olish imkoniga ega bo‘lishlari haqida «og‘iz ko‘pirtirilgan». Qolgan matematik hisoblashlarni sizga qoldiraman. Meni esa bir savol qiynayapti: shuncha yutuqni iste’molchilar­ga berishga oshiqqan ishlab chiqa­ruvchilar nahotki faqat zararni o‘ylab, biznes boshlashgan bo‘lsa? Aslida, bu o‘yin ichidagi «o‘yin»lardan kimga zararu kimga foyda? Xulosa o‘zingizdan…

Mahfuza PO‘LATOVA.
Manba:«Oila davrasida»