Toshkentda Markaziy Osiyo jurnalistika fakultetlari uyushmasi nizomi tasdiqlandi

2019-11-20T11:32:27+05:0020 November, 2019|Umumiy yangiliklar|

20 noyabr kuni Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetida “Barqaror taraqqiyot maqsadida jurnalistika ta’limi” mavzuida Markaziy Osiyo xalqaro seminari bo‘lib o‘tdi.

21 noyabr – Butunjahon televideniye kuni munosabati bilan bu yil Toshkentda ikkinchi bor o‘tkazilgan seminar O‘zMU jurnalistika fakulteti tashabbusi bilan O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, BMT, YuNESKOning mamlakatimizdagi vakolatxonalari ko‘magida tashkil etildi.

Tadbirda xalqaro tashkilotlar vakillari, Afg‘oniston, Mongoliya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va O‘zbekistondan jurnalistika, ommaviy kommunikatsiyalar sohasi mutaxassislari, professor-o‘qituvchilar, talabalar, tadqiqotchilar, OAV xodimlari ishtirok etdi.

Mutaxassislar ta’kidlaganidek, Markaziy Osiyo mintaqasida davlat va nodavlat telekanallar faoliyati jadal takomillashib bormoqda. Bunga asos ham bor. Ma’lumki, televideniye sohasidagi dastlabki qadamlar Boris Grabovskiy va Ivan Belyanskiy tomonidan qo‘yilgan bo‘lib, 1928 yil 26 iyul kuni harakatlanuvchi tasvir ilk bor Toshkent shahridan masofaga uzatilgan. Ushbu tajriba Toshkent tramvay trestida o‘tkazilgan. Shu bois Toshkent “Televideniye vatani” sanaladi.

Seminarda mavzuga doir, jumladan, soha uchun kadrlar tayyorlashning zamonaviy tendensiyalari haqida ma’ruzalar tinglandi. Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar bo‘yicha Markaziy Osiyo jurnalistika fakultetlari uyushmasi nizomi tasdiqlandi.

Kumushxon RAHIMOVA,

O‘zMU jurnalistika fakulteti talabasi.