Germaniya: jurnalistlar himoyasi, bu erkin so‘z himoyasidir

2019-11-20T11:25:06+05:0020 November, 2019|Umumiy yangiliklar|

Jurnalistlar uyushmasi aslida kimlarni himoya qilishi va a’zolikka olishi kerak? Uyushmadan jurnalistlarga nima naf yoki ularning asl maqsadi o‘z nima?

Ana shu savollarga Germaniyaning Bavariya Jurnalistlar uyushmasi faoliyati misolida javob topamiz.

Ayni damda O‘zbekiston jurnalistlarni qayta tayyorlash markazi rahbari Gulnora Bobojonova va O‘zbekiston Milliy axborot agentligi muxbirlari Germaniya jurnalistlar uyushmasining eng yirik Bavariya bo‘limida tashkilot faoliyati bilan yaqindan tanishmoqdalar.

BLOGER HAM UYuShMA A’ZOSI BO‘LA OLADIMI?

Bavariya jurnalistlar uyushmasiga 70 yil oldin asos solingan. U hozirgacha rivojlanib, 7 ming a’zoga ega. Umumiy Germaniya uyushmasi esa 35 ming nafar jurnalistlarni birlashtiradi. Uyushmaga a’zo redaksiya va jurnalistlar unga a’zolik badalini to‘lab boradilar. Uyushma tamomila hukumatdan mustaqil bo‘lib, u davlat tomonidan moliyalashtirilmaydi.

Uyushma faqatgina jurnalist mutaxassisligiga ega jurnalistlarnigina a’zolikka qabul qiladi. Jurnalistning ayni damda OAVda faoliyat yuritayotgani ham e’tiborga olinadi. Etika me’yorlarini buzgan jurnalistlar esa a’zolikdan mahrum bo‘ladilar.

A’zolikdan chetlatish masalalari bir necha jamoa tomonidan keng muhokama qilinadi.

Shuningdek, soha mutaxassisligi kartasiga ega bo‘lgan jurnalistlar karta yordamda mashina va ko‘chmas mulk sotib olishda 15 foizlik chegirmaga ega bo‘ladilar.

UYuShMA MAQSADI..

Jurnalistlar uyushmasining asosiy maqsadi – jurnalistlarni hamda so‘z erkinligini himoya qilishdan iborat. Shuningdek, uyushma jurnalistlarni samarali ishlashlariga ham ko‘maklashadi.

Xususan o‘tgan bir yil davomida uyushma 40 dan ortiq seminar treninglar, ya’ni malaka oshirish bo‘yicha o‘quv kurslarini tashkil etgan.

Shu bilan birga, uyushma jurnalistlarning maoshlari miqdorini ham nazorat qiladi. U maosh ololmayotgan va sababsiz ishdan haydalgan jurnalistlarga yordam beradi.

JURNALIST VA BLOGER FARQI NIMADA?

Germaniya jurnalistlari matbuot kodeksini qasamyoddek qabul qiladilar va unga rioya etadilar. Blogerlar esa matbuot kodeksiga bo‘ysunishga majbur emaslar. Shu sababli ularga bo‘lgan munosabat ham shunga yarashadir. Ya’ni odamlar blogerlarning munosabatini jiddiy qabul qilmaydi.

Jurnalist maqomiga ega shaxsning savollari esa mutasaddi tashkilotlar tomonidan javobsiz qoldirilishi mumkin emas. Aks holda, ularga qonun oldida javob berishlari mumkin.

Keyingi maqolalar jurnalist va hukumat o‘rtasidagi munosabatlar haqida bizni kuzatib boring.

 

Anora SODIQOVA, Germaniya.

Manba: O‘zA