Tildagi anagramma va omofonlar haqida eshitganmisiz?

2019-11-19T10:39:36+05:0019 November, 2019|Umumiy yangiliklar|

Til ijtimoiy hodisa sifatida jamiyat hayotining eng muhim va ajralmas bo‘lagi hisoblanadi. Har bir tilning o‘ziga xos xususiyatlari, boshqa tillarga o‘xshash va o‘xshamas jihatlari , bog‘liqliklari mavjud. Zero, til go‘yo bir ulkan dengiz bo‘lsa, turli tillar uning irmoqlaridir va ular bir biriga quyilib, bir birini to‘ldirib boradi. Asosiy muloqot vositasi hisoblanmish til qonunlari barcha fanlar bilan bog‘liqdir, xususan, matematika bilan ham. Buni biz anagramma va amafonlar timsolida ham ko‘rishimiz mumkin.

Amafonda ishtirok etuvchi barcha so‘zlar shakli bir xil, ma’nosi esa har xil bo‘ladi. Masalan, ingliz tilidagi “Buffalo buffalo Buffalo buffalo buffalo buffalo Buffalo buffalo” gap amafon hisoblanadi. Bunda buffalo so‘zi quyidagi uch qiymatda ishtirok etmoqda:

Sifat: from Buffalo – buffallolik, N’yu-York shtatidagi yirik Buffalo shahridan;

Ot: Buffalo – yovvoyi buqa(bizon);

Fe’l: to buffalo – qo‘rqitish

Mazkur gap quyidagi ma’noga ega: “Buffallolik buqalar qo‘rqitgan (boshqa) buffallolik buqalar buffallolik buqalarni qo‘rqitmoqda” (Buffaloes from Buffalo, NY, whom buffaloes from Buffalo bully, bully buffaloes from Buffalo). Yoki yana bir misol: Will Will will Willʼs will to Will? Ya’ni, birinchi Will kelajak modal so‘zining savol shakli, ikkinchi will vasiyat qilmoq, uchinchi Will ikkinchi shaxs, to‘rtinchi will kishining vasiyatnoma qoldirishga istagi, to Will uchinchi shaxs. Ma’nosi: Uil Uilning istagini Uilga vasiyat qoldiradimi?

Xuddi shunday misol rus tilida: Yeli yeli-yeli yeli – Archalar zo‘rg‘a oziqlandilar.

Men o‘zbek tilida ham amafonlar izladim va bunda quyidagilarni misol tariqasida keltirishga harakat qildim:

Olma olma (olma (meva)ni olma);

Nomini nomiga nomladi (bir odam ma’lum bir joyni o‘zining ismi, o‘zining nomi bilan nomladi, yoki til uchida nomladi ma’nosida ham ishlatish mumkin);

Keldi-ketdi keldi, ketdi (odamlar keldi va ketdi).

Bunday misollar o‘zbek tilida ko‘p ekanligiga ishonaman. Faqat ularni topish uchun chuqur o‘ylanish va izlanish lozim. Tilda shunday qiziqarli va murakkab xususiyatlaridan yana biri bu anagrammalardir.

Anagrammada so‘z tarkibidagi harflar o‘zgarishi natijasida o‘sha so‘zning antonimi xosil qilinishiga aytiladi.

Anagramma tuzish – tabiiy til so‘zlari hamda gaplari bilan kombinatorik mashqlarning qadimiy turi bo‘lib, unga 2000 yildan oshdi. Shunisi qiziqki, ANAGRAMS so‘zining harflaridan ARS MAGNA – buyuk san’at so‘zini tashkil qiladi. Bu borada quyidagi misollarni keltirishimiz mumkin:

Qoramas – oqarmas. Bunda “q” va “o” harfi, “r” bilan esa “a” harfi o‘rin almashdi va bir biriga antonim tushunchalar xosil bo‘ldi. Yana bir misol: latofatli – talofatli. Birinchi va uchinchi harflar o‘rin almashyabdi. Yoki ilg‘asam – ilg‘amas, va hokazo.

Anagramma va amafonlar mantiqiy matematikaning asosiy qismlaridan biri hisoblanadi. Bu kishini mantiqan fikrlashga, mulohaza yuritishga chorlaydi, aqlni charxlaydi. Bu esa insonning aqliy faoliyatiga katta foyda beradi.

Yulduz O‘rmonova.

Manba: xs.uz