Yolg‘on xabar tarqatganlik uchun javobgarlik bor

2019-11-19T10:01:11+05:0019 November, 2019|Umumiy yangiliklar|

Axborot maydonida xabarlar oqimi kuchaygani sari ishonchli va to‘g‘ri manbalarni aniqlash dolzarblashmoqda. Sir emas, odamlar ba’zan yolg‘on xabarlarga ham duch keladi. Shunday vaziyatlarda “feyk” ekan, degan so‘zlar quloqqa chalinadi. Xo‘sh, aslida bu nimani anglatadi? Feyk (ing. fake) – soxta, qalbaki degan ma’nolarni anglatadi. Bunday ma’lumotlarga haqiqatga juda o‘xshab ketadigan yolg‘on xabarlar, maxsus dasturlar orqali o‘zgartirilgan fotosuratlar, montaj qilingan videoroliklar, ijtimoiy tarmoqlarda boshqa shaxslar (odatda, mashhur insonlar) nomidan ochilgan “yolg‘on akkauntlar” misol bo‘la oladi.

Feyk xabarlarni “sariq” matbuot va siyosiy propaganda bilan umumlashtirib turuvchi qator xususiyatlar bor. Shunga qaramay ularni badiiy to‘qimalar yoki “sariq” matbuotda tarqatiladigan mish-mishlardan farqlash lozim. “Sariq” matbuotdagi mish-mishlar asosan ommaning vaqtini chog‘ qilish, u yoki bu shaxsga e’tibor tortish (misol uchun, mashhur shaxsning uyiga o‘g‘ri tushganligi to‘g‘risidagi sarlavha ostida bosilgan maqola) uchun tarqatiladi va uning ijtimoiy zarari katta bo‘lmaydi. Feyklar esa jiddiy ijtimoiy-siyosiy maqsadlarni yoki moliyaviy manfaatni ko‘zlab tarqatiladigan yolg‘on xabarlardir.

Globallashuv jarayonining tezlashishi, internet orqali cheksiz imkoniyatlarning paydo bo‘lishi, ommabop ijtimoiy tarmoqlardan keng foydalanilishi natijasida yolg‘on xabarlarning tarqalishi va zarar yetkazishi xavfi ham oshib bormoqda. Shu sababli hozirgi kunda butun dunyoda feyklarga qarshi kurashni kuchaytirish, buning uchun, avvalo, huquqiy bazani mukammallashtirish, feyklarga qarshi qonun bilan kurashishga urinish tendensiyasi kuzatilmoqda.

Ma’lumot o‘rnida shuni ta’kidlash lozimki, hozirgi kunda mamlakatimizda internetdan foydalanuvchilar soni 20 milliondan oshgan. Ijtimoiy tarmoqlar (Feysbuk, Instagram, Telegram)da bir kunda 2 million yaqin kishi faoldir.

O‘zbekistonda feyklar hali ko‘p emas, ammo uning elementlari ba’zi hollarda ko‘zga tashlanib turibdi. Misol uchun, Telegram tarmog‘i orqali “Juda zo‘r voqea bo‘ldi! Endi katta o‘zgarishlar yuz beradi! Tanishish uchun bu yerni bosing!” yoki fishing (qarmoq) usulini qo‘llagan holda yolg‘on axborotdan foydalanib zararli fayllarni yuborish kabi holatlarga deyarli har kuni duch kelamiz yoki bu haqida eshitamiz.

Bu boradagi qonunchilikka nazar tashlaydigan bo‘lsak, “Axborotlashtirish to‘g‘risida”gi qonunning 121-moddasi 2-qismiga muvofiq veb-saytning va (yoki) veb-sayt sahifasining egasi, shu jumladan, bloger hamma erkin foydalanishi mumkin bo‘lgan axborot joylashtiriladigan internet jahon axborot tarmog‘idagi o‘z veb-saytiga va (yoki) veb-sayt sahifasiga hamma erkin foydalanishi mumkin bo‘lgan axborotni joylashtirishdan avval uning to‘g‘riligini tekshirishi, shuningdek, joylashtirilgan axborotning noto‘g‘riligi aniqlangan taqdirda uni darhol o‘chirib tashlashi shart.

“Jurnalistlik faoliyatini himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunning 6-moddasida jurnalistning majburiyatlari belgilangan bo‘lib, o‘z kasbiga doir faoliyatni amalga oshirish chog‘ida jurnalist o‘zi tayyorlayotgan materiallarning to‘g‘ri yoki noto‘g‘ri ekanligini tekshirishi va xolis axborot taqdim etishi shartligi ko‘rsatib o‘tilgan.

Keltirib o‘tilgan normalarga binoan ma’lumotlarning to‘g‘riligini tekshirib, keyin e’lon qilish axborot tarqatuvchi har qanday shaxs, shu jumladan, jurnalistlar va blogerlarning ham majburiyatlaridan biri hisoblanadi.

Ayni paytda amaldagi qonunchiligimizda yolg‘on xabar tarqatganlik uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri javobgarlikni ko‘zda tutuvchi normalar mavjud emas, ammo jahonning ko‘plab mamlakatlarida bu uchun javobgarlik to‘g‘ridan-to‘g‘ri belgilanganligini ko‘rishimiz mumkin.

Taqqoslash uchun bir qator davlatlarni misol qilib keltirsak. Singapurda “Internetdagi yolg‘on xatti-harakatlar va manipulyatsiyalardan himoyalanish to‘g‘risida”gi qonun qabul qilingan bo‘lib, “holatlar to‘g‘risidagi yolg‘on ma’lumotlar”, agar ushbu ma’lumotlar Singapur xavfsizligiga, “jamoat xavfsizligi”, “jamoat tinchligi” yoki “Singapurning boshqa davlatlar bilan do‘stlik munosabatlari”ga zarar keltirsa, ularni tarqatish noqonuniy hisoblanadi.

Mazkur holatda vazirlar yolg‘on hisoblangan axborotni o‘chirish yoki tahrirlash to‘g‘risida qaror qabul qilishlari mumkin. Ular yolg‘on axborot tarqatayotgan saytlar yoki kontentlarga kirishni cheklash to‘g‘risidagi talabni Facebook va Google kabi texnologiya kompaniyalari oldiga ham qo‘yishlari mumkin. Shuningdek, qonun shaxslarga nisbatan sud tergovini ham nazarda tutadi. Tergov natijalariga ko‘ra shaxslarga 36 ming AQSh dollari miqdorida jarima yoki besh yilgacha muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlanishi mumkin. Yolg‘on xabar tarqatishda aybdor deb topilgan kompaniyalar 735 ming AQSh dollarigacha jarima bilan jazolanishi mumkin.

Rossiyada 2019 yil martidan boshlab OAV va internetda hokimiyat vakillarini kamsitish va feyk xabarlarni tarqatishni taqiqlash to‘g‘risidagi qonun kuchga kirdi.

Mazkur qonunga ko‘ra, “hokimiyatga yaqqol hurmatsizlik” uchun 30 ming rubldan 100 ming rublgacha jarima jazosi tayinlanadi. Shu huquqbuzarlikni takror sodir qilganlik uchun 100 ming rubldan 200 ming rublgacha jarima yoki 15 sutkaga qamoq jazosi tayinlanishi mumkin. Nashr joylashtirilgan veb-sayt yoki veb-sayt sahifalaridan foydalanish Bosh prokuratura so‘roviga muvofiq «Roskomnazorat» tomonidan sudgacha bo‘lgan tartibda cheklanishi mumkin.

Garchi mamlakatimizning amaldagi qonunchiligida feyk xabarlarni tarqatganlik uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri javobgarlik belgilanmagan bo‘lsada, noto‘g‘ri (yolg‘on) xabarlarni tarqatish va buning natijasida zararli oqibatlar kelib chiqishining oldini olish maqsadida qonun hujjatlarida bir qancha normalar mavjud.

Xususan, “Axborotlashtirish to‘g‘risida”gi qonunning 121-moddasida qanday axborot turlari internetda tarqatilishi mumkin emasligi nomma-nom sanab o‘tilgan. “Ommaviy axborot vositalari to‘g‘risida”gi qonunning 34-moddasida shaxslarning raddiya berish va javob qaytarish huquqi belgilangan bo‘lib, bu ham yolg‘on xabarlarga nisbatan qarshi turish kafolatlaridan biri hisoblanadi.

Ko‘pincha telegram messenjeri orqali va boshqa ijtimoiy tarmoqlarda u yoki bu tovar yoki ishlab chiqaruvchini obro‘sizlantirish orqali raqobatchilarga iqtisodiy zarba berishga qaratilgan ovozli, foto va videoxabarlarga duch kelamiz.

Ammo raqobatchini xo‘jalik yurituvchi sub’ektning ishbilarmonlik nufuziga putur yetkazish maqsadida bila turib yolg‘on, noaniq yoki buzib ko‘rsatilgan ma’lumotlarni tarqatganlik uchun O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 192-moddasida javobgarlik belgilanganligini unutmaslik kerak. Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 40-moddasida hamda Jinoyat kodeksining 139-moddasida tuhmat, ya’ni bila turib boshqa shaxsni sharmanda qiladigan uydirmalar tarqatganlik uchun javobgarlik belgilangan.

Shuningdek, yolg‘on xabar tarqatganlik uchun fuqaroviy javobgarlik ham kelib chiqishi mumkin. Xususan, ma’naviy zarar shaxsning or-nomusi, sha’ni va qadr-qimmati va ishchanlik obro‘sini haqoratlovchi ma’lumotlarni tarqatish tufayli yetkazilgan bo‘lsa, uni yetkazuvchining aybidan qat’i nazar, qoplanishi lozimligi Fuqarolik kodeksining 1021-moddasida ko‘rsatib o‘tilgan.

Xulosa qilib aytganda, ijtimoiy tarmoqlar foydalanuvchilari yuqoridagi qonun normalarini bilib qo‘yishi foydadan xoli emas. Bu to‘g‘ri ma’lumot tarqatish mas’uliyatini oshirish bilan birga turli feyklardan himoyalanish vositasi hamdir. Jurnalistlar va blogerlar ham olingan faktlarni e’lon qilishda ularning to‘g‘riligini tekshirib ko‘rishi, aholi ishonchini suiiste’mol qilishdan ehtiyot bo‘lishi maqsadga muvofiq.

Sevara O‘RINBOYEVA,

O‘zbekiston Respublikasi Adliya

vazirligi mas’ul xodimi.

Manba: O‘ZA