VATAN BAYROG‘I

2019-11-18T06:55:44+05:0018 November, 2019|She'rlar|

Polvonlar bellashib bahs maydonida

Shohsupada mag‘rur qad kergan chog‘i,–

Vatan madhi yangrab g‘olib sha’niga,

Bosh uzra yuksalar Vatan bayrog‘i.

El-yurt taqdiriga doxil arboblar

Bir fikrga kelgach naduman qurib,

Qo‘l berib ahd etar mudom har bobda,

Vatan bayrog‘ining yonida turib.

Onadan dunyoga kelib, oqibat

Vatan tuprog‘iga ketar har bashar.

Vatan bayrog‘iyu ona ro‘moli

Bosh uzra hilpirab tursa yarashar.

Shunday bir odat bor: otlanar ekan

Vatanni himoya etmoqqa agar,

Otayu onasin duosidan so‘ng

Yurt bayrog‘in o‘par askar yigitlar.

Qalam ham el tinchi himoyasida

Askar qurolidan aslo emas kam.

Shu bois tiz cho‘kib, chin ixlos ila

Yurtim bayrog‘ini o‘paman men ham

Zarang og‘ochidan uning dastasi,

Matosi o‘zbegim oridan bunyod.

O, yurtim bayrog‘i, ko‘nglim nash’asi,

Hilpirab turaver turgancha dunyo!

Sa’dulla HAKIM