Til masalasi mavsumiy ish emas

2019-11-15T13:59:44+05:0015 November, 2019|Umumiy yangiliklar|

O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi media markazida O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti hamda «Notiqlik san’ati akademiyasi» nodavlat ta’lim muassasasi bilan hamkorlikda “Teleradio boshlovchilik mahorati mezonlari, bu borada yuzaga kelgan muammolar va ularning yechimlari” mavzuida o‘tkazilgan seminar-trening ana shu dolzarb masalaga e’tibor qaratildi.

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning shu yil 21 oktyabrdagi «O‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Farmonida belgilangan vazifalarni mamlakatimiz ommaviy axborot vositalari, xususan teleradiokanallarda ta’minlash borasida so‘z bordi.

Unda O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi raisi Sa’dulla Hakimov, O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi raisi Alisher Xadjayev, “Notiqlik san’ati akademiyasi” ta’lim muassasasi bosh direktori Rahimboy Jumaniyozov va boshqalar ushbu muammolar bo‘yicha o‘z fikr va mulohazalarini bildirdilar.

Xalqimizning ko‘p asrlik madaniy, ilmiy-ma’rifiy va badiiy tafakkuri, intellektual salohiyatining yorqin va bebaho mahsuli bo‘lgan o‘zbek tili jahondagi boy va qadimiy tillardan biridir.

O‘zbekistonda 1989 yil 21 oktyabrda el-yurtimiz asrlar davomida orzu qilib, intilib va kurashib kelgan davlat tili haqidagi qonunning qabul qilinishi mamlakat suvereniteti va mustaqilligi sari qo‘yilgan dastlabki dadil qadam edi. Aynan ana shu tarixiy hujjatga binoan o‘zbek tili mustahkam huquqiy asos va yuksak maqomga ega bo‘ldi.

Joriy yilda o‘zbek tiliga davlat maqomi berilganining 30 yilligi keng nishonlandi. Unda tarixda ilk marotaba davlat rahbari ishtirok etdi va nutq so‘zladi. Davlatimiz rahbari o‘z nutqida tilimiz sofligini asrash va uni kelajak avlodga bus-butun yetkazishga alohida e’tibor qaratdi. Shuningdek, mazkur farmonni qabul qilishga bo‘lgan ehtiyoj haqida gapirdi. Ushbu farmon bilan Vazirlar Mahkamasi Davlat tilini rivojlantirish departamenti tashkil etildi. Departament asosiy vazifalari davlat tilini rivojlantirish, davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishi ustidan monitoringni amalga oshirish, ushbu sohada jamoatchilik nazoratining samarali shakllarini joriy etish hisoblanadi.

Seminar-treningda davlatimiz rahbarining ma’ruzasi va farmonda belgilangan vazifalarni hayotga tadbiq etishda teleradiokanallarning o‘rni muhim ekanligi aytib o‘tildi. Teleradio ijodkorlari notiqlik san’atidan o‘ta noziklik bilan foydalanishlari va adabiy til me’yorlariga qat’iy rioya etishlari shart. Ayrim tele va radiokanallarda boshlovchilarning shevada gapirishlari va adabiy til qoidalarni buzish holatlari uchrayotgani xususida so‘z yuritildi.

Qayd etilganidek, bugungi kunda teleradiokanallar orqali efirga uzatilayotgan ko‘rsatuv va radio eshittirishlarda boshlovchilar, suxandonlar va jurnalistlar tomonidan qo‘llanilayotgan har bir so‘z va ibora aholi o‘rtasida tez «iste’mol»ga kiradi.

—O‘zbek tiliga davlat maqomi berilganiga bu yil o‘ttiz yil to‘ldi. Lekin o‘tgan o‘ttiz yil mobaynida mazkur sana katta bayram qilinmagan. Bu yil ushbu sana o‘zgacha kayfiyatda o‘tkazildi,— dedi Rahimboy Jumaniyozov.— Aslida til masalali mavsumiy ish emas. O‘zbek tili bilan har kuni nafas olishimiz, yashashimiz kerak. Birinchi navbatda bu aqida faoliyati til bilan bog‘liq jurnalistlar va suxandonlarga tegishli. Teleboshlovchilar, suxandonlar va jurnalistlar ko‘proq nutqning aniqligiga e’tibor qaratishlari kerak. Tilning adabiy meyorlariga amal qilishi shart. Buning uchun ular har kuni kitob va gazeta o‘qishi joiz. Notiqliq san’atidan ustozlar mahoratlarini o‘rganish ham foydadan xoli emas. Yana bir gap, notiqlik dars emas, bu muolaja. Tildagi nuqsonlarni davolash muolajasi. Notiq bo‘lish uchun bir yoki o‘n yil kifoya qilmaydi. Butun umr uni o‘rganishimiz joiz.

Yig‘ilish yakuni bo‘yicha, ishtirokchilarning fikr-mulohazalarridan kelib chiqib taklif va tavsiyalarni umumlashtirishga kelishib olindi.

Yetakchi ommaviy axborot vositalari vakillari, O‘zMTRK tizimidagi teleradiokanallarda faoliyat olib borayotgan jurnalistlar, suxandonlar, O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiya universitetilari talabalari ishtirok etgan seminar yakunida O‘zMTRK muzeyiga sayohat uyushtirildi.