O‘zbekistonning boy sayyohlik salohiyati CGTN telekanalida taqdim etildi

2019-11-13T10:23:26+05:0013 November, 2019|Umumiy yangiliklar|

Xitoyning CGTN telekanalida “Xitoy – O‘zbekiston munosabatlari: kecha, bugun, ertaga” deb nomlangan qirq besh daqiqadan iborat hujjatli film namoyish etildi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri Shuhrat Umirov.

Mazkur telekanalning “Crossover” dasturi ijodkorlari tomonidan tayyorlangan ushbu teleloyihada o‘zbek xalqining boy tarixi, madaniyati, urf-odat va an’analari, betakror milliy oshxonasi, jahonga dong‘i ketgan sayyohlik qadamjolari, shuningdek, ikki mamlakat xalqlari o‘rtasidagi ko‘p asrlik aloqalar, bugungi hamkorlik munosabatlari haqida atroflicha hikoya qilindi.

“Crossover” dasturi ijodkorlarining yurtimiz bo‘ylab 15 kunlik safari mamlakatimizning Xitoydagi elchixona tashabbusi bilan joriy yil avgust-sentyabr oylarida O‘zbekistonning xalqaro nufuzini targ‘ib etish va yanada mustahkamlash, yurtimizda ro‘y berayotgan keng ko‘lamli o‘zgarishlar, shu jumladan, respublikamizning boy va betakror sayyohlik salohiyatini Xitoyda keng targ‘ib etish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi tashkilotchiligida uyushtirilgan edi.

CGTN telekanali orqali namoyish etilgan mazkur ko‘rsatuv Farg‘ona viloyatining Quvasoy shahridagi milliy qorabayir naslli otlarni ko‘paytirish va boqishga mo‘ljallangan “Vodiy tulporlari” zamonaviy majmuasi faoliyati bilan tanishtiruvdan boshlanadi. Bu bejiz emas. Xitoy manbalarida Farg‘ona otlari haqida afsonalar to‘qilgan: «Farg‘onada mamlakat chegarasiga yaqin yerda bir baland tog‘ bor. Bu tog‘ ustida ushlab bo‘lmaydigan ot bor ekan. Rangdor urg‘ochi otni ushbu tog‘ etagiga joylashtirib, shu otdan bolalatib olishgan ekan. Tug‘ilganda toychadan qonsimon ter oqib turgan ekan, shu bois unga Tangri oti, deb nom qo‘yilgan ekan».

Tarixdan ma’lumki, Xitoy G‘arbiy Xan imperiyasi hukmdori U-dining elchisi Markaziy Osiyo hududi bo‘ylab safardan qaytganidan so‘ng mintaqamiz xalqlari, shu jumladan, qadimgi Farg‘ona davlati va u yerdagi xitoyliklarga ma’lum bo‘lmagan samoviy otlar haqida ma’lumot beradi. Xitoy otlari jussasi kichik, oyoqlari kalta bo‘lgani bois tez chopa olmagan. Shu bois imperator elchilar orqali 1000 jing (hozirgi hisobda 500 kg) oltin va tilladan yasalgan ot haykali yuborib, Farg‘ona hukmdoridan bular evaziga zotli otlar so‘ragan. Biroq Farg‘ona hukmdori rozi bo‘lmagan. Bundan jahli chiqqan U-di miloddan avvalgi 104-101 yillarida Farg‘onaga ikki marta harbiy qo‘shin yuborgan.

Bu otlarning Xitoydagi bugungi taqdiri haqida jurnalist Muhammadjon Obidov Xitoyga qilgan safari haqida shunday yozadi: “Urumchida YeMA korporatsiyasi bo‘lib, uning mo‘’jizalar maydoniga aylangan ko‘rgazma bog‘larini har yili minglab sayyohlar hayrat bilan tomosha qiladi. Bu yerda Farg‘onadan keltirilgan, har bir arg‘umoqqa naqshinkor eshikli alohida xona, uch-to‘rt eshik oldida bittadan otboqar bor. Otchopar peshtoqida Xitoy Xalq Respublikasi va O‘zbekiston Respublikasi bayroqlari hilpirab turardi, xitoy tilida «Bu yerda Farg‘ona naslli otlar boqiladi» deb yozilgan edi”.

So‘ngra “Crossover” dasturi ijodkorlari Marg‘ilon shahridagi “Yodgorlik” ipak fabrikasida tayyorlanayotgan rang-barang milliy mato va liboslar, o‘zbek do‘ppilari, pilladan an’anaviy usulda tola olish jarayonlarini tomoshabinlar e’tiboriga havola etgan.

Hujjatli asarda Marg‘ilon dehqon bozoridagi to‘kin-sochinlik ham aks ettirilgan bo‘lib, serquyosh O‘zbekiston zaminida yetishtirilgan noz-ne’matlar, ularning behad xushta’mligi haqida ma’lumotlar taqdim etilgan.

Xitoylik ijodkorlar Samarqand shahrida joylashgan jahonga mashhur qadamjolarga alohida e’tibor qaratgan. Maxsus ko‘rsatuv boshlovchilari Ji Siaojun (Ji Xiaojun) va Luiza Li (Louisa Lee) Registon maydonida bo‘lib o‘tgan “Sharq taronalari” XII xalqaro musiqa festivali aks etgan lavhalarni, unda xitoylik san’atkorlarning chiqishlarini zavq-shavq bilan sharhlaydi. Ularning festival sahnasida Xitoy madaniy guruhi rahbari bilan intervyusi ham hujjatli dasturga alohida mazmundorlik bag‘ishlagan. Xitoylik ijodkorlar Samarqandning ko‘hna Buyuk Ipak yo‘lidagi muhim markaz bo‘lganini alohida qayd etgan.

“Crossover” teletomoshabinlarni Xiva shahrining boy va betakror sayyohlik salohiyati bilan ham tanishtirgan. Mintaqamizdagi yirik va noyob me’moriy yodgorlik, ko‘hna Xivaning ichki qismi – Ichan qal’a hamda tashqi qismi – Dishan qal’a haqidagi tarixiy ma’lumotlarga murojaat etar ekan, shaharning tarixiy bo‘lagi bo‘lgan Ichan qal’a 1991 yili YuNESKOning Umumjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgani ta’kidlanadi. Ichan qal’a yodgorlik majmuida X asrga oid 50 ta tarixiy obida, XVIII –XIX asrlarga oid 250 ta eski uylar mavjud ekanligi ma’lum qilingan.

Xitoylik telejurnalistlar tomoshabinlarni jahonning eng qadamiy shaharlaridan biri bo‘lgan Buxoroi sharif bag‘rida joylashgan madaniy meros ob’ektlari, qadimiy me’moriy yodgorliklar bilan ham yaqindan tanishtirgan. Xususan, shahardagi Minorai kalon tarixi bilan bog‘liq ma’lumotlar atroflicha yoritilgan.

Ushbu ijod mahsulidan mamlakatimiz poytaxti – azim Toshkent manzaralari ham keng o‘rin olgan. Jumladan, Amir Temur xiyoboni, osh markazi va poytaxtimizning boshqa diqqatga sazovor maskanlari, O‘zbekistonda muvaffaqiyat bilan faoliyat olib borayotgan “Duan and duan”, “Dahua Technology” singari xitoy kompaniyalari vakillari hamda xitoy tilida erkin suhbatlashadigan o‘zbek yoshlari bilan suhbatlar tomoshabinlarda katta qiziqish uyg‘otishi aniq.

“Xitoy – O‘zbekiston munosabatlari: kecha, bugun, ertaga” deb nomlangan mazkur maxsus hujjatli dastur telekanalning internet tarmog‘idagi veb-sahifasi hamda Youtube, Weibo va boshqa ijtimoiy tarmoqlar orqali ham keng namoyish etildi.

Ma’lumot tariqasida shuni ham qayd etish joizki, CGTN (China Global Television Network) Xitoyning markaziy CCTV (China Central Television) telekompaniyasi tarkibida faoliyat ko‘rsatadigan nufuzli xalqaro telekanal hisoblanadi.

Manba: Dunyo AA.