«Jamoa gazetani odamlarga o‘qita olyapti»

2019-11-12T09:41:09+05:0012 November, 2019|Umumiy yangiliklar|

«Ishonch» va «Ishonch-Doveriye» gazetalari ijodiy jamoasining mushtariylar bilan ijodiy uchrashuvlarining ­navbatdagisi Andijon, Farg‘ona va Namangan viloyatlarida bo‘lib o‘tdi.

Tahririyat xodimlarini Andijonda Muhammad Yusuf, Farg‘onada Erkin Vohidov nomidagi ijod maktablari o‘quvchilari ulug‘ shoirlarimizning o‘lmas va umrboqiy she’rlari bilan qarshi olishdi. Xalqimizga xos oriyat va g‘ururni, ozodlik hamda istiqlolni o‘zining go‘zal she’r va dostonlarida yuksak mahorat bilan ifodalagan ijodkorlar haykali poyiga gulchambarlar qo‘yildi. Tahririyat jamoasi va mushtariylar adiblarning memorial muzeylari bilan yaqindan tanishishdi.

Ta’kidlash joizki, gazetalarda chop etilayotgan rang-barang mavzudagi maqolalar mushtariylarni befarq qoldirayotgani yo‘q. Ayniqsa, tahliliy va tanqidiy maqolalarga keng o‘rin berilmoqda. Raqamlarga murojaat qiladigan bo‘lsak, joriy yilning o‘tgan 10 oyi davomida gazeta sahifalarida 150 tadan ortiq tanqidiy maqola berilib, ularning 80 tasi ijobiy hal etildi. Mamlakatimizning ichki va tashqi siyosati, ta’lim va sog‘liqni saqlash tizimidagi islohotlar, tarix, adabiyot, ma’naviyat singari mavzularning keng yoritilayotgani ham mushtariylar qiziqishini oshirmoqda.
Gazetxonlarning fikri­­ni o‘rganish, qaysi mavzular o‘quvchilarni ko‘proq qiziqtirishini bilish maqsadida tashkil etilgan uchrashuvlarda gazetalarning mavzu-mundarijasini yanada boyitishga arzigulik takliflar berilyapti.
Quyida shunday fikrlarning ayrimlarini e’tiboringizga havola etamiz.

Usmonjon AHMEDOV,mehnat faxriysi (Andijon viloyati):

– Gazetaning vazifasi xabardor etish, targ‘ibot qilish, ko‘nglidagi dard-u tashvishlarini aytishi uchun odamlarga minbar berish, bahs, fikr va mulohazalarga hamda muayyan sohadagi ­muammolarga qaratilgan tanqidiy-tahliliy chiqishlarni qo‘llab-quvvatlashdan iborat. Bugun «Ishonch»da mana shu jihatlarning barchasini ko‘rib xursand bo‘lyapmiz.
Prezidentimiz «Xalq davlatga emas, davlat idoralari xalqqa xizmat qilishi kerak!»degan tamoyil­­ni ilgari suryapti. Gazetada turli sohalardagi og‘riqli muammolar ko‘tarilgan maqolalar, ko‘pchilikni qiziqtirayotgan va mushtariylar tomonidan yo‘llangan savollarni tegishli tashkilotlarga yo‘naltirish (masalan, «Bosh prokuratura diqqatiga!», «Xalq ta’limi vazirligi e’tiboriga!» va hokazo) an’anasi yo‘lga qo‘yilganini yuqoridagi tamoyilni yanada harakatga keltirishga hissa qo‘shish deb baholaymiz. Mavzular rang-barang, dadillik bor.
«Matbuot bong uradi» rukni ostida mahalliy va markaziy nashrlarda e’lon qilingan sara maqolalar haqida qisqacha anons berib borilayotgani ham tahririyatning bag‘rikengligidan dalolat.

G‘olibjon Abdullayev,jurnalist, siyosatshunos (Andijon viloyati):

– «Bugungi davr kishilari gazeta o‘qimay qo‘yyapti», degan gapni ko‘p eshitamiz. Bu ­fikrga qo‘shilmayman. Gazetani o‘qita olish tahririyat, jamoadagi jurnalistlarning o‘ziga bog‘liq. Dadil aytishim mumkinki, «Ishonch» bu vazifalarni uddalayapti.
Bitta misol: Prezidentimiz tomonidan ilgari surilayotgan tashabbuslar haqida o‘tgan yili «Mard elga qayishadi» degan tahliliy maqola orqali ­Shavkat Mirziyoyev fenomeni juda chiroyli ochib berilgan. Siyosatshunos Qudratilla Rafiqovning yaqinda e’lon qilingan «Ilk va so‘nggi so‘zimiz: Vatan!» sarlavhali maqolasini yuqoridagi chiqishning mantiqiy davomi deyish mumkin. Ochiq aytsak, mamlakatimizda amalga oshirilgan katta o‘zgarishlar haqida hali boshqa biror nashrda mana shunday yangi fikr, kuchli tahlil, xalqchil materialni ko‘rmadim. «Ishonch» shu ma’noda o‘z fenomenini yaratyapti. Mana shu yo‘ldan og‘ishmay davom etish kerak.
Ta’lim muammolariga bag‘ishlangan qator maqolalar, hatto xalq ta’limi vaziriga ochiq xat e’lon qilindi. Ta’lim masalasi gazetaning doimiy kun tartibida turishini taklif qilaman. Tizimda bartaraf etilishi zarur bo‘lgan muammolar talaygina. Ularning ildizlarini aniqlaydigan tahliliy maqolalarni berish ayni muddao. Bir so‘z bilan aytganda, gazetadan katta-yu kichik, olim-u dehqon, quruvchi-yu siyosatshunos – barcha qatlam o‘zi uchun kerakli mavzuni topa oladi.

Ikromjon Asliy,shoir (Andijon viloyati):

– Men har ikki gazetani bag‘rikeng nashr deb bilaman. Chunki tahririyat ijodiy jarayonda o‘z muxbirlarigagina suyanib qolmay, chet mualliflar bilan ham faol ishlaydi. Shaxsan o‘zimning ham yil davomida bir qancha bitiklarim chop etildi.
«Ishonch»da mumtoz shoirlarimizdan tortib, zamonaviy ijodkorlar asarlari, mualliflarning suratlari bilan birga sahifa-sahifa turkumlar berilayotgani, esse, novella, adabiy tanqid, hatto dos­tonlar e’lon qilinayotganini olqishlash zarur. Shu jihatdan «Ishonch» adabiyot gazetasiga ham ko‘maklashayotganday. Demak, u vaqtli matbuot emas, balki kutubxonalarda saqlab, yillar davomida o‘qishga arziydigan nashrdir.

Abdurashid Ergashev,Asaka tumanidagi 26-umumta’lim maktabining
boshlang‘ich kasaba uyushma qo‘mitasi raisi:

– Kasaba uyushmalari faoliyati, ma’naviyat, milliy an’analarimiz, urf-­odatlarimiz targ‘ibotiga bag‘ishlangan, shuning barobarida mentalitetimizga zid jihatlar xususidagi tahliliy maqolalarni qoldirmay o‘qib boraman. Ularni hamkasblarimizga ham targ‘ib qilaman. «Blogerlar burchagi» rukni ochilgani ham juda ma’qul bo‘ldi. Chunki oramizda internetdan foydalana olmaydigan, ammo doim gazeta o‘qib boradiganlar ham ko‘p. Shu ma’noda ijtimoiy tarmoqlardagi postlardan eng saralari taqdim etib borilishi ham juda yaxshi loyihadir.

Erkinjon NURALIYeV,Farg‘ona viloyati kasaba uyushma tashkilotlari
birlashmasi kengashi raisi:

– Keyingi yillarda gazetada sara maqolalarning soni keskin oshdi. Taraqqiyotga to‘g‘anoq bo‘layotgan omillar, yon-atrofimizdagi ijtimoiy muammolar dadil ko‘tarib chiqilmoqda. Tanqidiy, tahliliy, mushohadaga chorlovchi maqolalar esa mushtariylarning gazetaga bo‘lgan ishonchini yanada orttirmoqda. Mubolag‘asiz aytish mumkinki, sevimli nashrimiz bo‘lgan «Ishonch» chinakam xalq minbariga aylanib bormoqda.

Shohidaxon KARIMOVA,Sog‘liqni saqlash xodimlari kasaba uyushmasi
Respublika kengashining Farg‘ona viloyati bo‘yicha mas’ul tashkilotchisi:

– «Ishonch» gazetasida mamlakatda kechayotgan islohotlar jarayoni, odamlarning ong-u tafakkuridagi o‘zgarishlarni aks ettiruvchi hayotiy maqolalar ko‘plab berilyapti. Hamkasblarim bilan davra suhbati tashkil etsak, doimo ushbu nashrda chop etilgan maqolalar muhokama qilinadi. Ayniqsa, salomatligimizni asrashga oid mavzular ko‘tarilayotgani ko‘pchilikda qiziqish uyg‘otyapti. Shuni inobatga olib, gazetada «Salomatlik sahifasi» tashkil etilsa, maqsadga muvofiq bo‘lar edi.

Muhammadjon OBIDOV, O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi Farg‘ona viloyati bo‘limi raisi:

– «Ishonch» gazetasi keyin­­gi yillarda har jihatdan o‘zgardi. Avvalo, mavzularning rang-barangligi, tahliliy maqolalar, asos­­li xulosalar, takliflar gazetxonni befarq qoldirayotgani yo‘q. Ikkinchidan, dizayni judayam o‘zgardi. Buni boshqa gazetalar yaxshi ma’noda o‘zlashtirmoqda. Jiddiy-jiddiy masalalarning ko‘tarib chiqilishi bugun uni chin ma’noda xalq gazetasiga aylantirdi.
Ishonch bilan aytishim mumkinki, gazeta bugun tanqidiy maqolalar berish bo‘yicha yetakchilik qilmoqda. Masalan, «Tor joydagi tomoshalar», «Tez aytish»da kim g‘olib?», «Salla o‘rniga kalla», «Murabbiy nega oshpazga aylandi?» kabi maqolalarda jiddiy masalalar ko‘tarilgan.
Ayniqsa, Qudratilla Rafiqovning «Ilk va so‘ng­­gi so‘zimiz: Vatan!» maqolasi ko‘pchilikning ko‘nglidan joy oldi. Barcha soha vakillarida katta qiziqish uyg‘otdi. Uni har birimiz farzandlarimizga ham o‘qib berishimiz lozim. Bundan keyin ham mana shunday keng qamrovli, ta’sirchan maqolalar ko‘proq berilsa, gazetaning nufuzi bundan-da yuksalishiga shubha yo‘q.
Yana bir taklifim shuki, xorijiy mamlakatlar kasaba uyushmalarining ish tajribasi haqida maqolalar ko‘proq berilishi foydadan xoli bo‘lmaydi. Shunda bosh­lang‘ich kasaba uyushma raislari, shu sohadagi mutaxassislar o‘z burchi, vazifasi, huquqi va amaliyotni ko‘proq bilib olgan bo‘lar edi.

Gulnora YuSUPOVA,«Posco International Textile» LLC
kasaba uyushma qo‘mitasi raisi:

– «Posco International Textile»LLC chet el xususiy korxonasida 4 ming nafardan ortiq ishchi-xodim mehnat qiladi. «Ishonch» va «Ishonch-Doveriye» gazetalarida chop etilayotgan maqolalarni sevib mutolaa qilamiz. Shu o‘rinda bir xabarni aytsam, yaqinda «Ishonch»da chop etilgan maqola Janubiy Koreyaning korporatsiyasining saytida ham ko‘chirib bosildi hamda dunyo bo‘ylab 101 ta korxona xodimlari o‘qishdi. Taklifim: ish tajribamizni yanada oshirish uchun gazetada O‘zbekistondagi chet el korxonalari kasaba uyushma tashkilotlari faoliyati kengroq yoritilishi ayni muddaodir Bu, albatta, barcha kasabaqo‘mlar uchun foydali bo‘lar edi.

Shuhrat MUSAYeV,Namangan viloyati kasaba uyushma
tashkilotlari birlashmasi kengashi raisi:

—Bu kabi uchrashuvlarni gazetaning xalq oldidagi hisoboti desak, xato qilmagan bo‘lamiz. «Ishonch»da biz bugun va ertaga qilmoqchi bo‘lgan ishlarimiz in’ikosi aks etadi. Gazeta har sohada bizga ko‘makchi. «Ishonch»ni xalqimizga yanada yaqinlashtirish maqsadida birlashmada «Ishonch» xonasi»ni tashkil qilishni rejalashtirdik. Kelgusida gazetani istagan kishi kelib, shu yerda mutolaa qilish imkoni tug‘iladi.

Ziyovuddin MANSUR,shoir:

—Bugungi gazetalar oldida turgan asosiy vazifa, eng avvalo, axborot dolzarbligi, tezkorligini ta’minlash. Shu o‘rinda jurnalistlar axborotning haqqoniyligiga ham javobgardir. Bu esa «Ishonch» xodimlari yozayotganlarida yaqqol aks etmoqda. Hali tanilib ulgurmagan yosh ijodkorlar uchun «Yoshlar minbari» tashkil etilsa, bu yoshlarning ham asta-sekin shu orqali o‘z muxlislarini topishiga hissa qo‘shgan bo‘lar edi.

Ravshan MIRZAOLIMOV,«Qishloq hayoti» gazetasining
Namangan viloyati bo‘yicha muxbiri:

– Gazetadagi sarlavha va ruknlarni alohida e’tirof etish o‘rinli. Ko‘pgina gazetalar bu borada o‘rnak olsak arziydi. Shu o‘rinda chekka qish­loq maktablarida yoshlar o‘rtasida «Ishonch» umidlari» degan tanlovlar uyushtirilsa, kelgusida jurnalist bo‘lish orzusida yurgan yoshlarga imkon berilgan bo‘lardi. Yana bir taklifim shuki, hozir hammaning ham obuna bo‘lishga qurbi yetmaydi. Odamlar gavjum joylarda «Ishonch» javoni» tashkil etilsa, u yerda istagan gazetxon «Ishonch»ni o‘qiy olsa!

Jamoliddin MUSLIM, Yozuvchilar uyushmasi Namangan viloyati
bo‘limi raisi:

– Bugun gazeta oddiy xalqning e’tiqodiga aylanib ulgurgani faqat uning nomida emas, balki tahririyat xodimlarining sa’y-harakatlarida, deb o‘ylayman. Bugun internet zamoni! Har kim, ayniqsa, ayrim blogerlar o‘zi nimani to‘g‘ri deb bilsa, shu haqda internet tarmoqlarida turli-tuman fikrlar bildirishmoqda. Ularning orasida qaysi biri xolis-haqqoniyligini ajratib olish anchayin mushkul. Taklifim: gazetada «Blogerga javob» rukni ochilsa, bunda professional jurnalistlar aytilayotgan yangilikka xolis baho bersa, nur ustiga nur bo‘lar edi.

Lutfiddin G‘ANIYeV,Ta’lim, fan va madaniyat xodimlari kasaba
uyushmasi Respublika kengashining Namangan
viloyati bo‘yicha mas’ul tashkilotchisi:

– Gazeta sahifalarida chop etilayotgan turfa maqolalarning har birida gazetxonlar uchun o‘rganadigan va o‘qib boshqalarga o‘rgatadigan boy ilm bor. Ayniqsa, nashr o‘qituvilarimiz uchun keng bilim manbai. «So‘rang, javob beramiz» rukni ostida materiallar berib borilsa, yanada maqsadga muvofiq bo‘lar edi.

Tahririyatdan: Uchrashuvlar bir yilda bir marotaba emas, balki tez-tez o‘tkazilishi har ikki tomon uchun foydali bo‘lishi ham alohida ta’kidlandi.

Nurilla NO‘’MONOV,
Jamshid ERGAShEV,
Orzigul RUSTAMOVA,
«Ishonch