Talaba surishtiruvi: gazeta o‘qimay qo‘ydik…mi?

2019-11-01T11:45:34+05:001 November, 2019|Umumiy yangiliklar|

Onamning iltimoslari bilan bozordan nok olib kelishga bordim. Anchadan beri kelmaganimgami, bozor o‘zgarib ketganday tuyildi ko‘zimga. Bu o‘zgarish meni xursand qildi. Bozor rastalarini aylanar ekanman, gazetaga o‘ralgan mevalar, sabzavotlar, go‘sht, pistayu qurut va hokazolarga qarab bordim. E’tiborimni nuqul g‘ijimlangan, yirtilgan, mahsulotlarni o‘rashga xizmat qilayotgan gazeta varaqlari e’tiborimni tortaverdi. Ichimda bir savol qiynay boshladi. Gazetani dunyoga kelishi, yashashi, rivojlanishi uchun qalam ahli bor kuchini, mehnatini, hatto butun umrini bag‘ishlaydi. Xo‘sh, “tovar”ini unga o‘rab berayotgan usta savdogarlarimiz buni his qilarmikinlar? Bunday holatni ko‘rgan inson e’tiborsiz ketolmas ekan. Savatchasiga bir uyum gazeta varaqlarini supachaday to‘shab, ustiga chiroylik qilib noklar terib qo‘ygan ayolga savol bilan yuzlandik.

— Xolajon, bu gazetalarni o‘qiganmisiz?

— Yo‘g‘a, o‘qimaganman. O‘g‘lim olib kelib beradi. Biz gazetani savatlarimiz uchun ishlatamiz. O‘shanda mevalar o‘zining tetik holatini yo‘qotmaydi. Nok olasanmi, qizim?..

Bu gaplar tinchimni o‘g‘irlaganday bo‘ldi go‘yo. Gazeta o‘qimay qo‘ydikmi, deya savol berdim o‘zimga o‘zim. Shundan so‘ng ijtimoiy so‘rovnoma o‘tkazishga kirishdim. Barchaga berilgan savol bir xil: Ommaviy axborot vositalari orasida matbuotning roli qanday? Gazeta o‘qib turasizmi?

— Ha, men ba’zan gazeta o‘qib turaman. — deydi Umida Imamova. — Mening fikrim shuki, matbuot doim yashaydi. Boisi jurnalistika avvalo undan boshlangan. To‘g‘ri, uning o‘rnini bugun internet bosib olmoqda. Lekin gazeta bu — tarix. Tarix esa butunlay yo‘q bo‘lib ketishi mumkin emas.

Har kimning o‘z qarashi, haqiqati bo‘ladi va u doim shu haqiqat bilan yashaydi. Yana bir yurtdoshimiz ham o‘z qarashini quyidagicha bayon qildi.

— Men tikuvchilik bilan shug‘ullanaman. — deydi Dilso‘z Husanova. — Har kuni ertayu kech qo‘lim tikishdan bo‘shamaydi. Shuning uchun ko‘proq radio eshitaman. Gohida “Darakchi” gazetasini o‘qib turaman. Hamma internetga ipsiz bog‘lanib boraversa bosma nashrlar ham asta-sekin kamayib boraversa kerak…

Savolga har uch kishidan ikkitasi “matbuot bora-bora yo‘qolib ketadi, uning o‘rnini bosuvchi o‘rindosh OAV lar paydo bo‘ladi va ulardan biri internet” qabilidagi javoblarini berdi afsuski. Shu o‘rinda ustoz jurnalist Muxtor Xudoyqulovning quyidagi oltin fikrlari yodimizga tushadi: “Matbuotning asosini real voqelik tashkil etadi, uni o‘rganadi, tahlil qiladi hamda unga qaytadan ta’sir ko‘rsatadi.” Shunday ekan, odamlar gazetaga albatta qaytadi yana. Bir parchadek ko‘ringan varaqlarda inson huquqlarini himoyalab turuvchi qonunlar, yangiliklar batafsil sharhlanadi. To‘g‘ri, bu sharhlovlarni, yangiliklarni internet orqali ham etkazish mumkin insonga. Ammo gazetaning o‘rni baribir alohida ahamiyatli. Chekka hududlarda chiroq o‘chsa internet ham o‘chadi, aloqa bo‘lmasa “o‘rgimchak to‘ri” ham yaxshi ishlamaydi. Gazeta esa o‘chmaydi ham, to‘xtamaydi ham.

Bunga sizning fikringiz qanday, aziz o‘quvchi?

Shohista PIRIMOVA,

O‘zMU talabasi.

Manba: xs.uz