“Mutolaa — har birimiz uchun hayotiy zarurat”

2019-10-31T09:52:29+05:0031 October, 2019|Umumiy yangiliklar|

Xalq ta’limi vazirligi tizimidagi gazeta va jurnallar bosh muharrirlari va ijodiy xodimlarining namanganlik o‘qituvchi-murabbiylar bilan kechgan yuzma-yuz uchrashuvida davriy nashrlarga obuna bo‘lish, ayniqsa, respublikamizning otaxon va yetakchi nashrlaridan biri “Ma’rifat”, bolalar va o‘smirlar uchun mo‘ljallangan “Tong yulduzi”, “G‘uncha”, “Gulxan” kabi gazeta va jurnallarni yil mobaynida o‘qish imkoniyatini yaratish, ular orqali davr yangiliklari, ta’lim sohasidagi yangilanish va o‘zgarishlar, tatbiq etilayotgan islohotlar bilan tanishib borish har bir muallim va tarbiyachi pedagog, ziyoli odamning o‘z ixtiyorida ekani alohida ta’kidlandi.
“Muallim gazeta o‘qishi kerakmi?” degan savolga o‘qituvchilarning o‘zi aniq va lo‘nda javob berishdi. “Albatta. Zero, mutolaa — har birimiz uchun hayotiy zarurat, ma’naviy ehtiyojlarimizni qondirishning eng maqbul yo‘li”. Shunday e’tiroflar barchaning dilidagi niyatni ifodaladi. Aslida ta’lim nashrlari rahbarlari ishtirokida tashkil etilgan uchrashuvdan ko‘zlangan muddao ham ana shu edi. Jonli muloqot tarzida kechgan anjumanda an’anaga ko‘ra, har bir gazeta va jurnal bosh muharriri o‘z nashri, uning buguni va kelgusi ijodiy rejalari to‘g‘risida so‘zlab berdi. Uchrashuv o‘tgan yili ayrim sabablarga ko‘ra gazeta va gazetxonlar o‘rtasida paydo bo‘lgan “jarlik”, bundan ikki tomonga yetgan ziyon va uning oqibatlari, azaliy hamkorlikni tiklash yo‘llari, bu borada ma’rifatchilar yaratgan yangilik haqidagi mulohazalar bilan boshlandi.
“Ma’rifat” — “Учитель Узбекистана” gazetalari tahririyati o‘qituvchi va murabbiylarga qulaylik yaratish maqsadida PAYME tizimi orqali obuna bo‘lishni yo‘lga qo‘ydi. Gazetaga obuna bo‘lishni xohlaganlar uyidan chiqmay, har ikki nashrga obuna bo‘lishi mumkin. Bundan tashqari, yillik obunani rasmiylashtiruvchilar uchun ham chegirmalar mavjud. Uchrashuvda gazeta va jurnallarda chop etilayotgan materiallar mavzusi, o‘qituvchi-murabbiylarni qiziqtirayotgan yo‘nalishlar, ta’lim rivojiga to‘siq bo‘layotgan muammolar va ularni bartaraf etish bo‘yicha bildirilayotgan taklif-mulohazalarga kengroq o‘rin berish bosh mavzuga aylandi.
— “Ma’rifat” gazetasining doimiy muxlisiman, — deydi Kosonsoy tumanidagi 28-maktab o‘qituvchisi Ziyoda Mamajonova. — Unda chop etilayotgan maqolalarning ish faoliyatimizni to‘g‘ri tashkil qilish, ta’lim sifati va mazmunini boyitishdagi ahamiyati katta. Ayniqsa, yosh o‘qituvchilarning kasbiy mahoratini oshirishda alohida o‘rni bor. “Ma’rifat” biz, ta’lim xodimlarining asosiy minbarimiz. Mana bir necha yildirki, ta’lim nashrlarida chop etilgan materiallardan dars o‘tishda foydalanib kelaman. Qolaversa, boshqa viloyatlardagi o‘qituvchilarning ilg‘or ish tajribalari bilan tanishish, sohadagi eng muhim yangiliklardan xabardor bo‘lish imkoniyati mavjud.
Uchrashuvda “Xalq ta’limi” jurnali bosh muharriri Sarvar Mahmudov, “Til va adabiyot ta’limi” jurnali bosh muharriri Bahodir Jovliyev, “Gulxan” jurnali bosh muharriri Zahro Hasanova va boshqalar o‘z tahririyatlarining kelgusidagi ijodiy rejalari xususida gapirib, o‘qituvchilarni qiziqtirgan savollarga javob berdi.
— Yillar mobaynida biz istamagan gazeta-jurnallarga majburiy obuna qilindik, — dedi Uychi tumanidagi 12-maktabning ona tili va adabiyot fani o‘qituvchisi, xalq ta’limi a’lochisi Zamira Umarova. — Endi tanlov imkoniyati paydo bo‘ldi. Menimcha, hech bir muallim ta’lim nashrlarisiz faoliyat yuritishni o‘ziga ep ko‘rmaydi. Ayniqsa, gazeta chin ma’noda pedagoglarning bosh minbari, sirdoshi, dildoshiga aylangan bir vaqtda, men maktabimizdagi hamkasblarim ta’lim nashrlarini tanlashganini ishonch bilan ayta olaman.
Salkam uch soat davom etgan anjuman juda samimiy, jonli va ko‘tarinki ruhda kechdi. Eng faol qatnashchilarga tahririyatlarning esdalik sovg‘alari topshirildi. Uchrashuv o‘qituvchi-murabbiylar va ta’lim nashrlari o‘rtasidagi ramziy ko‘prik hali butun ekani, har ikki tomon bir-biriga intiq ekanini namoyon qildi. Tadbir nihoyasida viloyat xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Xayrulla Abdurahmonov samimiy muloqot va tashrif uchun uchrashuv ishtirokchilari nomidan minnatdorlik bil-dirdi.

G‘anisher AKBAROV.

Manba: “Ma’rifat”