Ozarbayjon davlat axborot agentligi

2019-10-30T05:43:14+05:0030 October, 2019|Umumiy yangiliklar|

Dunyo axborot agentliklari

Ozarbayjon davlat axborot agentligi (OzarTAdj) 2015 yilga qadar mahalliy va chet el ommaviy axborot vositalariga tezkor yangiliklar yetkazib beradigan mamlakatdagi yagona rasmiy davlat axborot manbai sifatida Ozarbayjon milliy axborot agentligi deb yuritilgan.

Agentlik 1920 yil 1 martda Ozarbayjon Demokratik Respublikasi hukumatining qarori bilan tashkil etilgan. Sobiq sho‘rolar davrida u turlicha nomlar bilan yuritilgan. Ozarbayjonning davlat mustaqilligi qayta tiklangandan keyin esa Agentlik o‘zining tarixiy nomini tikladi va 1995 yil 3 martidan Ozarbayjon Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qoshidagi davlat telegraf agentligi deb yuritila boshladi. 2000 yil 17 yanvarida esa Ozarbayjon davlat telegraf agentligi degan nom oldi.

OzarTAdj rasmiy davlat axborotlari bilan birgalikda ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy, fan, maorif, madaniyat, sog‘liqni saqlash, atrof- muhitni muhofaza qilish va boshqa soha va mavzularda ozarbayjon, rus, ingliz, nemis, fransuz, xitoy va arab tillarida kechasiyu kunduzi aniq, haqqoniy, tezkor axborot tayyorlab tarqatib kelmoqda.

Ozarbayjon davlat axborot agentligi ITAR-TASS (Rossiya), Onado‘li (Turkiya), Sinxua (Xitoy), Rompress (Ruminiya), Ukrinform (Ukraina), BTA (Bolgariya), ANSA (Italiya), IRNA (Eron), TANYuG (Serbiya), BELTA (Belarus), Moldpres (Moldova), ATA (Albaniya), MTI (Vengriya), MENA (Misr), PETRA (Iordaniya), Antara (Indoneziya), Monsame (Mo‘g‘uliston), Yonxap (Koreya Respublikasi), LETA (Latviya), Kabar (Qirg‘iziston) va boshqa axborot agentliklari bilan o‘zaro hamkorlik bitimlarini imzolagan.

OzarTAdj 2014 yili Osiyo va Tinch okeani davlatlari axborot agentliklari tashkilotiga a’zo bo‘ldi.

Ozarbayjon davlat axborot agentligi Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligiga a’zo bo‘lgan mamlakatlar milliy axborot agentliklari assotsiatsiyasi (ANIA), turkiy tilli davlatlar yangiliklar agentliklari birlashmasi, Qora dengiz iqtisodiy hamkorligiga a’zo bo‘lgan mamlakatlar milliy axborot agentliklari assotsiatsiyasi (PANIA)ning ta’sischilaridan biridir.

2008 yilda OzarTAdj axborot agentligi Osiyo konsorsiumining yangiliklar agentligi “AsiaPulse”ga a’zo bo‘lib kirdi. 2010-2013 yillar OzarTAdj Qora dengiz iqtisodiy hamkorligiga a’zo bo‘lgan davlatlar milliy axborot agentliklari assotsiatsiyasi (PANIA)ga raislik qildi.

Ozarbayjon davlat axborot agentligining AQSh, Angliya, Fransiya, Germaniya, Avstriya, Latviya, Vengriya, Rossiya, Ukraina, Misr, Turkiya, Gruziya, Eron, Qozog‘iston, O‘zbekiston, Ruminiya, Ispaniya, Italiya, Shvetsiya, Xitoy va Yaponiya davlatlarida hamda respublika hududlarida muxbirlik punktlari ishlab turibdi.

OzarTAdj agentligi fotosurat va matnli axborotlardan tashqari o‘zining internet-resursiga ega. Ijtimoiy tarmoqlarga mamlakatning ijtimoiy, siyosiy, iqtisodiy hayotidan, sport sohasidan video yangiliklar ham tayyorlab beradi. Agentlikning multimedia va video yangiliklar xizmatida “Ozarbayjon bo‘ylab sayohat”, “Bizning madaniy yodgorliklarimiz”, “Dunyo kentlari”, “Bizning allomalarimiz” nomli loyihalari ham mavjud. OzarTAdj agentligi qoshida 2013 yildan “Bolalar bilim portali” bilan videosayt agentligi ishlab turibdi.

2013 yil 20 noyabrda Saudiya Arabistoni poytaxti Ar-Riyod shahrida jahonning 70 dan ortiq media-tizimlari vakillari, yangiliklar alyanslarining rahbarlari, OANA, EANA, FANA, IINA kabi jahon yangiliklar agentliklari, “SKY Nyus Arabia”, “Los-Anjeles Tayms”, “Guardian”, VVS va MSN, Google, Yahoo kabi internet-korporatsiyalari vakillari ishtirokida o‘tgan Umumjahon kongressi (NAWC)da OzorTAdj axborot agentligi 2016-2019 yillarga rais etib tayinlandi. Yangiliklar agentliklarining U Umumjahon kongressini Ozarbayjonda o‘tkazish to‘g‘risida qaror qabul qilindi. 2014-2016 yillarda Kongressga tayyorgarlik ko‘rish maqsadida yangiliklar agentliklari Umumjahon kengashi ijro organi bo‘lgan (NACO)ning 5 ta majlisi bo‘lib o‘tdi.

Ozarbayjon poytaxti Bakuda o‘tgan Axborot agentliklari Umumjahon kongressi doirasida “Axborot agentliklariga bo‘layotgan yangi tahdidlar”, “Axborot agentliklarining kelajak istiqbollari”, “Yangiliklar agentliklari – tahdidlar, ijtimoiy medialar va yangi texnologiyalar imkoniyatlari”, “Yangiliklar agentliklaridagi innovatsiyalar”, “Kelajak medialari uchun jurnalistlarni tayyorlash masalalari”, “Jurnalistlarning vazifalari: erkinlik, fakt va ma’lumotlarni olish imkoniyatlari, xavfsizlik va konfliktli hududlar” kabi OAV sohasidagi yirik olim va amaliyotchilarning o‘nlab aktual mavzulardagi ma’ruzalari tinglanib, amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazildi.

2017 yil 19 dekabrda Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev tomonidan Ozarbayjon davlat axborot agentligining nizomi tasdiqlandi.

I.ABDUXOLIQOV, O‘zA