So‘zning ingrashini kim eshityapti

2019-10-29T06:49:22+05:0029 October, 2019|Umumiy yangiliklar|

So‘zdurki, nishon berur o‘lukka jondin,

So‘zdurki, berur jonga xabar jonondin.

Insonni so‘z ayladi judo hayvondin,

Bilkim, guhari sharifroq yo‘q ondin.

Alisher Navoiy

Ulug‘ bobokalonimiz Alisher Navoiyning so‘z va ona tilimiz haqida necha asrlar avval aytganlari to hali hanuz so‘zning qudrati va sharifini anglashimizda muhim manbaa bo‘lib xizmat qilib kelmoqda. Til-millatning qalbi, ruhi, yuragi, o‘zligi. O‘z o‘rnida qo‘llanilgan, qalb sandig‘ida jilo va badiyat kasb etgan so‘zlar aynan til orqali mo‘’jizaga aylanadi. Har bir millatning tabiati, tarixi, o‘tmishi, kechmishi so‘z orqali ifoda etiladi.

Asrlar o‘tadi, davrlar o‘zgaradi. Yer yuzidagi shaharlar qiyofasi, hayot tarzi, yashash madaniyati yangilanadi. Mo‘’jiza yuz berib o‘ninchi asrdan yigirma birinchi asrga tushib qolgan odamning bugungi dunyoni taniy olmasligi tabiiy. Hayot qanchalar o‘zgarmasin, til u orqali ifoda etilgan, satrlarga muhrlangan so‘zlar yashayveradi. Shunday so‘zlar borki, u bugun iste’molda ishlatilmaydi, ammo u bizga o‘tgan bobolarimiz, buvilarimiz qadar aziz va qadrlidir.

O‘tmishda odamlar yaratgan ezgu so‘zlar, hikmatlar zamonlar osha tildan tilga o‘tdi, sayqal topdi, abadiyat kasb etdi. Til – har bir xalqning o‘zligi ramzi, so‘z esa xalq dilining adog‘siz xazinasidir. Ma’lum bir millatga xos bo‘lgan ertak, afsona o‘sha millat dahosi, milliy qiyofasi, ruhiyati haqida xabar beradi.

Jasur ajdodlarimizning Vatan mudofaasi uchun borlig‘ini baxshida etib, qalban, ruhan hayqirib aytgan “ur, ur ho” kabi so‘zlar zamonlar osha “ura” degan so‘zga aylangan bo‘lsa ne ajab. Najmiddin Kubro, Amir Temur, Mirzo Bobur kabi ajdodlarimizga til, so‘z so‘nggiz qudrat va quvvat bag‘ishlagan, ularni olamga tanitgan. Yoyingki, Nasriddin Afandi latifalaridagi achchiq va o‘z navbatida, hajv tili bilan aytilgan kinoyaomuz iboralarni ko‘p bor o‘qiganmiz. So‘z, til orqali asrlar davomida nafaqat mehr-muhabbat, adolat, sadoqat, ezgulik timsoli bo‘lgan asarlar, balki dunyoni insoniy g‘oyalar asosida takomillashtirish bilan bog‘liq ezgu da’vatlar yaratilgan.

Tilimizni, so‘zlarimizni shunday chiroyli, boy holatda asrab, rivojlantirib kelgan ajdodlarimizdan biz albatta cheksiz minnatdormiz. Bizdan-chi, izimizdan kelayotgan avlodlar minnatdor bo‘larmikin? Minnatdor bo‘lishi uchun nima qilishimiz kerak?

Hayotda har bir inson biror bir yutuqqa erishishni, jamiyatda o‘z o‘rnini topishni, ona yurti taraqqiyoti uchun kerakli inson bo‘lishni xohlaydi va shu maqsadda olg‘a qarab intiladi. Ana shu istaklarni amalga oshirish uchun, birinchi navbatda, uning bilimi, harakati, qilayotgan mehnatlari bilan birga uning muomalasi, so‘zlashuv madaniyati ham muhim omil bo‘lib xizmat qiladi. Aytishadi-ku, “Shirin so‘z – jon ozig‘i” deb, qay bir ishga qo‘l urmaylik agar, biz shirinso‘z, dilkash va muomalali bo‘lsak boshlagan ishimiz tez va oson natija beradi. Ko‘pincha, bobo va buvilarimiz bilan suhbatlashganimizda ularning gaplarini tez ilg‘ab olamiz, o‘z-o‘zidan xotiramizda ham uzoq vaqtgacha muhrlanib qoladi. Buning asosiy sabablaridan biri ularning so‘z qo‘llash san’atidir. Har bir so‘z aniq maqsadga, tarbiyaga qaratilgan. Qay bir so‘zdan qanday vaziyatda, qay holda foydalanishni ular yaxshi bilishadi. Men ham bobom va buvim bilan ko‘p suhbatlashganim uchunmi yoki ustozlarimning bergan bilimlari natijasidami ko‘pincha ko‘cha-ko‘yda yurganimda, odamlar bilan suhbatlashganimda, televizor tomosha qilayotganimda so‘zlarni noo‘rin, noto‘g‘ri qo‘llanilayotganini ko‘rib chidolmay qolaman.

Televizorda chiqayotgan suxandonlarimiz “Yaponiya” suzini “Yiponiya” ayrim xonandalarimiz qo‘shiqlarida “Ona tuproq” so‘zini “Una tuprak” deb ruscha talaffuzda, yuzaki bir holatda aytgan hollarda yuragim og‘rib ketadi. To‘g‘ri, xatolar hamma teleradiokanallarda ham uchramaydi. Bu ko‘proq xususiy telekanallarga tegishlidir. “Bajonudildan”, “benihoyatda”, “bag‘oyatda” singari yasama so‘zlar, boshi-oxiri yo‘q, kelishik qo‘shimchalari aralashib ketgan mantiqsiz gaplar ko‘p.

Goho samolyotda uchish oldidan e’lon o‘qigan qizning ovozini eshitganda dod deb yuborgingiz keladi. Negaki, ingliz, rus tilidagi nutqi shunday ravon, shunday chiroyli, ammo o‘zbekchasini eshitishga uncha-muncha odamning toqati ham, asabi ham chidamaydi. Shu o‘rinda beixtiyor atoqli shoirimiz Erkin Vohidovning quyidagi she’ri yodga tushadi:

Parvoz chog‘i tayyoraning dilbar kelini,

Ko‘k toqini bizga taxti Sulaymon qildi.

Lekin e’lon o‘qiganda o‘zbek tilini,

Davlat tili bo‘lganiga pushaymon qildi.

Yaqinda, bir ustozimning taklifi bilan Erkin Vohidovning “So‘z latofati” nomli kitobini qo‘lga oldim. Kitob judayam qiziqarli ekan, uni o‘qish jarayonida yana ko‘plab so‘z qo‘llash bilan bog‘liq bo‘lgan xatolarimizni tushunib yetdim. Qarangki, kundalik hayotimizda uchratadigan oddiygina to‘yga chaqirish uchun tayyorlanadigan taklifnomalarga ham xato yozar ekanmiz. “To‘yga chorlaganda taklif qilamiz, yoki lutfan tashrif buyurishingizni so‘raymiz, deyiladi. Bizga birinchi jumla o‘ta qisqa ikkichisi o‘ta uzun tuyuli, o‘rtachasini tanlaymiz: Lutfan taklif qilamiz! O‘zimiz bilmagan holda mehmonni kamsitib, o‘z shaxsimizni ulug‘laymiz.” (“So‘z latofati” kitobidan). Shu bilan birgalikda mana shu kitobda tilimiz bilan bog‘liq qisqartmalarga ham alohida e’tibor qaratilgan. “Ko‘zingni och, oyoq ostingga qara, degan gapni qisqacha qilib, ko‘zingga qara, deymiz va qiziqchilarimizga kulgu bo‘lamiz. So‘zni qisqartirishga juda ustamiz. Muhammad Rahim degan ismni Mamaraim, bu ham uzun tuyulib Maraim deymiz. Yoki xorazmlik Marim deb qo‘yamiz. Anjan, Angren, Buvaydi, Rishton, Xo‘jalandarbuva… ruyxatni uzoq davom ettirish mumkin. Bu nomlar asl ma’nosini yo‘qotib bo‘lgan”. Haqiqatan ham o‘ylab ko‘rsak, iste’molda ko‘plab mana shunday asl ma’nosini yo‘qotgan so‘zlar borligini ko‘ramiz. Yoshlar, tengdoshlarimizdan so‘rasak, ko‘plari asl ma’nosini aytib berolmaydi. Axir, til, so‘z insonga faqatgina o‘z manfaatlarini qondirish uchungina emas, balki o‘zidagi fikr-o‘y, tuyg‘ularini kelajak avlodga yetkazish uchun ham berilgan-ku!

Shunday ekan, nega uning sofligini saqlagan holda qo‘llamasligimiz kerak? So‘z ham, til ham ajdodlardan avlodlarga o‘tib kelayotgan katta merosdir. Meros bo‘lganda ham omonat merosdir. So‘z, mening nazarimda, tirik jonday, o‘z o‘rnida qo‘llamasak, uning ham joni og‘riydi. O‘rinsiz qisqartirishlar, tirik kabutarning qanotlari, patlarini yulish bilan barobardir.

Bir kuni internetdan ma’lumot qidirayotib bir maktabning ona tili o‘qituvchisi tomonidan yozilgan, “O‘zbek tili – millatimizning faxridir” deb nomlangan tadbir ssenariysiga ko‘zim tushdi. Unda tilimizning boyligi, jozibasi, nozik va o‘ziga xos jixatlari haqida so‘z borgan va har doim uni to‘g‘ri qo‘llashimiz, sofligini saqlashimiz kerak degan da’vat bilan tugatilgan. Biroq ssenariyni birinchi varag‘iga qarasangiz, katta qilib, “Tabir ssenariysi” deb yozib qo‘yilgan so‘zga ko‘zingiz tushadi. Unda “o‘ q h g‘” xarflari ruscha shriftda shunday “u k x g” tarzida yozilgan. Qator hollarda ayirish -“’” belgisi yumshatish – “” belgisi bilan almashtirib yuborilgan. Buni qarangga, til koidalariga rioya qilish, savodxonlik to‘g‘risidagi ssenariyda shuncha xato bo‘lsa? Buni ko‘rib, qanday xulosa chiqarish mumkin?

Aytganimni qilu, qilganimni qilma, mazmunidagi bu o‘qituvchining ishi ko‘pchilikka g‘alati tuyulishi tabiiy. Afsuski, bunday xatolarni ko‘plab uchratamiz. Lekin aynan tilimizga bag‘ishlangan ssenariyda bunday xatoga yo‘l qo‘yilganligi judayam katta e’tiborsizlikdir. Ona tili o‘qituvchilarimizning o‘zi shunday xatoga yo‘l qo‘yib turgan paytda boshqalardan nimani kutish mumkin?

Ma’rifatparvar adibimiz Abdulla Avloniy: “Har bir millatning dunyoda borligini ko‘rsatadigan oyinai hayoti til va adabiyotdir. Milliy tilni yo‘qotmoq millatning ruhini yo‘qotmoqdir”, deb bejizga aytmagan.

Qarang, bugun dunyoda 5621 ta til mavjud. Eng tashvishlanarlisi, shulardan 1400 ta tilning yo‘qolib ketish xavfi bor. Jahondagi mana shu mavjud tillardan faqat qirqtasigina yozma va og‘zaki jihatdan mukammal shakllangan hisoblanar ekan. Ularning ichida o‘zbek tilining ham borligi, albatta, har birimizga cheksiz faxr va iftixor bag‘ishlaydi. Tilimizni hozirdan asrab-avaylamasak, uning qonun-qoidalariga rioya qilmasak, sofligini saqlay olmasak, bora-bora uning qadr-qimmatini yo‘qotib qo‘yishimiz hech gap emas. Ajdodlarimiz tomonidan yaratilgan o‘zbek tili asrlar osha rivojlanib, yanada sayqallanib, yuksak madaniy tilga aylanganligi va o‘zining tarixiyligi bilan ham ahamiyatlidir. Mana shu tilimizni asrab-avaylashimiz yangi jilvalari bilan ertangi avlodga yetkazib berishimiz bizning oldimizdagi eng ma’suliyatli vazifalardan biridir.

So‘zlashuv tilimizning bugungi holatiga qarasak, unchalik ham ko‘ngildagidek emas. Tilni qo‘llash jarayonidagi xatolar haqida gap ketganda yoshlarning o‘zaro yozuv orqali axborot almashish maydoni bo‘lgan ijtimoiy tarmoqlardagi g‘alizliklarni tilga olmay ilojimiz yo‘q. Lekin nafaqat ijtimoiy tarmoqlarda, balki kundalik hayotimizda ham bunday xatolar oshdan chiqqan toshdek tishimizga tegadi. Tilimiz xususida so‘zlash, mavjud xatolar haqida bong urish uchun ma’lum sanani kutish, bu kun o‘tgach, esa xatolarimiz o‘z o‘rnida davom etishi ko‘ngilga g‘ashlik soladi. Axir o‘zbek tilining sofligi uchun kurashish mavsumiy emas, u faqat ma’lum ziyolilarning ishi emas-ku!

Shunga qaramay, “ko‘cha shevasi” efirlarda, qo‘shiqlarda, ijtimoiy tarmoqlarda potrab yotibdi. Teleko‘rsatuvlar titrlari, internet saytlarida ketayotgan xatolar haqida gapirmasa ham bo‘ladi. Texnika taraqqiyoti, tillar orasidagi munosabat yangi-yangi so‘zlarni iste’molga kiritdi. Xar kuni telefonlarimizga kelayotgan SMS xabarlarini o‘qib undagi xatolarni ko‘rib esing ketay deydi. Ko‘cha-ko‘yda “Fotogirif hizmati”ga ham, “Ming hil turdagi oboylar”ga ham, “oshhona, dorihona”, “Kalla pochcha”larga ham duch kelasiz.

Ko‘pchilik bugungi xato yozishlarga, yozishmalarga ikki yozuvga egaligimizni ro‘kach qiladi. Bu bir bahona xolos. O‘rganishni, to‘g‘ri yozishni istagan odamga imkoniyat juda ko‘p. Masalan, bir onaxon nevaralariga dars qildirish uchun lotin yozuvini mukammal o‘rganib olibdi. Endi uning nevaralari ikki yozuvda ham to‘g‘ri yozishadi. Chunki buvijonlarning mehr bilan o‘rgatishlarida gap katta. Yana bir ona farzandlari qo‘l telefoniga xato xabar yozsa, javob bermasligini aytgan ekan. Endi bu farzandlar onasidan javob olish uchun ham to‘g‘ri yozishga majbur bo‘lishadi. Bu ham tarbiyaning bir ko‘rinishi. Onasidan to‘g‘ri yozishni o‘zlashtirgan yoshlar o‘rtoqlariga ham, boshqalarga ham to‘g‘ri yozadi, kerak bo‘lsa o‘zlariga ergashtiradi. Xuddi shunaqa usullarni barchamiz o‘zimizdan boshlasak, til muammosi degan tushuncha paydo bo‘lmas edi.

Boshqalarning xatosi haqida gapirish oson. Ayniqsa, yozuvlar, so‘zlashuvlardagi xatolarni o‘nlab, yuzlab keltirish mumkin. Bu yerda gap o‘z xatolarimizni tuzatishda qoladi. Hammamiz tuzatishni o‘zimizdan boshlasak, tilimiz bor jilvalari bilan so‘zlashuvda ham, yozishmalarda ham aks etadi.

Agar shifokor men tilshunos emasman deb, tadbirkorlarimiz bu mening ishim emas deb, quruvchilarimiz esa bunga bosh kotirishga vaqtim yuq, deb, xato yozishga odatlanadigan bo‘lsa, u holda kim tilimiz sofligini saqlashga xizmat qiladi? Ma’naviyat sohasida ishlovchi bir ustozimiz xatto buxgalteriya to‘lov qog‘ozlarida xatoliklar bo‘lsa ham unga imzo qo‘ymas, uni darhol to‘g‘rilashni talab kilar edi. Ana shunday talabchanlik bugun xar birimiz uchun kundalik muhim vazifaga aylanishi kerak. Onaga, Ona Vatanga behurmatlik qilgan inson katta gunohkor bo‘ladi. Biz Ona tiliga ham ana shunday yuksak hurmat va e’zoz bilan qarashimiz kerak emasmi? Zero ona tilimizning aslini saqlashga barchamiz mas’ulmiz.

E’tibor bersak, qaysidir xalqning so‘zi, kalomi bugun xuddi qush kabi parvoz qilayapti, yuraklarni zabt etayapti. Qaysidir xalqning so‘zi yarador qushdek, pati yulingan, qanotlari qayrilgan kabi bemador holatda ingrab turibdi. Ha ingrayapti, biz uni eshitgan, eshitayotgan paytimizda, unga amal qilayotganimizda u tuzala boshlaydi. Aziz yoshlar, aytayotgan so‘zlarimizga e’tibor beraylik, sizu biz qaysi maqomdamiz, ana shu ona tilining, so‘zning qanotlariga shikast yetkazayotganlar orasida emasmizmi?

 

Anora HOJIMATOVA.

(Manba: «Hurriyat» gazetasi)