Jurnalistlar Farg‘onada

2019-10-29T11:18:45+05:0028 October, 2019|Umumiy yangiliklar|

Shu yilning 25-26 oktyabr kunlari mamlakatimizning bir guruh bosma nashrlari bosh muharrirlari, internet saytlar va teleradiokompaniyalar muxbirlari, blogerlar ishtirokida Farg‘ona viloyatiga media-tur tashkil etildi.

Poytaxtimizdan tashrif buyurgan mehmonlar Qo‘qon temir yo‘l vokzalida viloyat hokimligi xodimlari tomonidan tantanali kutib olindi.

Viloyat hokimligi va O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi Farg‘ona viloyat bo‘limi tomonidan tashkil etilgan mazkur tadbir doirasida ishtirokchilar viloyatda amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdilar. Ijodkorlar ishtirokida paxta dalalarida va joylarda turli uchrashuvlar o‘tkazildi.

Dastlab media-tur ishtirokchilari Qo‘qon shahridagi “Buyuk allomalar muzeyi” faoliyati bilan tanishdi. Mazkur maskan davlatimiz rahbari tashabbusi bilan tashkil etilgan bo‘lib, milliy qadriyatlar, milliy ma’naviyatning eng noyob boyliklarini o‘zida jamlagan. Bu yerga keluvchilar Qo‘qonda yashab, ijod qilgan adib va allomalar hayoti, asarlari haqida ma’lumot oladi. Buyumlar, turli idishlar esa o‘sha davr turmush tarzidan darak beradi. Muzeydagi eksponatlar mehmonlarda katta qiziqish uyg‘otdi.

Shuningdek, mehmonlar Rishton tumanida bo‘lib, bu yerda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik va qurilish ishlari bilan tanishdilar. Hunarmandlarning uy ustaxonalariga bordilar. O‘zbekiston Qahramoni Lolaxon Murotova rahbarlik qilayotgan fermer xo‘jaligida tashkil etilgan suhbat ham ancha esda qolarli darajada bo‘ldi.

Poytaxtdan tashrif buyurgan jurnalistlar safarning ikkinchi kuni “Farg‘ona press-klub” sessiyasida qatnashib, “So‘z erkinligi va so‘z mas’uliyati” mavzusidagi bahs-munozaralarda o‘z fikrlarini bayon etdilar. Quvasoydagi “Vodiy tulporlari” ot kompleksi, toshdan qog‘oz ishlab chiqarish korxonasining qurilishi, O‘zbekiston-Xitoy “Narimteks” tikuvchilik majmuasi faoliyati bilan tanishdilar. Marg‘ilonda shoir Erkin Vohidov haykali poyiga ehtirom gulchambari qo‘yildi. An’anaviy hunarmandchilik – shoyi va adras ishlab chiqarish ustaxonalaridagi ish jarayoni ijodkorda katta taassurot qoldirdi.

—Presstur Farg‘onani yanada yaqinroq bilishimizga imkon yaratdi, — dedi O‘zbekiston Milliy Axborot agentligi bosh direktori Abdusaid Ko‘chimov. —Xalqning ahilligi, bunyodkorlik ishlari tahsinga loyiq. Bu yerga kelgan har bir jurnalist o‘zi uchun yangi Farg‘onani kashf etdi.