Kiyim kiyganni ham, ko‘rganni ham gunohga qoldirmasin

2019-10-28T12:37:20+05:0028 October, 2019|Hafta maqolasi|

Libosni inson shunchaki ehtiyoj yoki issiq-sovuqdan himoya uchun kiymaydi. Ayniqsa, millatimiz uchun kiyim kishining ma’naviy dunyosini aks ettiruvchi vosita hamdir.

Shariatimizda kiyinish odoblari va liboslarga tegishli hukmlar joriy qilingan. Hadis, tasavvuf va fiqhiy kitoblarda bu mavzu alohida e’tiborda. Kiyim ma’lum ma’noda kishining kimligini anglatib turadi: imon-e’tiqodli, or-nomusli insonning kiyimlari sipo, sarishta, aksincha bo‘lsa, haddan ortiq tor, kalta kiyimlar egasi haqida salbiy fikrlar uyg‘otadi.

Shariatimizga ko‘ra, libosni o‘ng tomondan kiyish sunnatdir. Oysha onamiz (r.a.) aytadilar: «Nabiy alayhissalomga poklanishda (ya’ni tahorat va yuvinishlarda), soch tarashda va oyoq kiyim kiyishda o‘ng tomondan boshlash yoqar edi» (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyati). Bu bilan faqat poyabzal kiyish zikr qilingan bo‘lsa-da, hadisda tilga olingan sunnat bo‘lmish o‘ng tomondan boshlash boshqa turdagi liboslarni kiyishga ham taalluqli hisoblanishini ulamolar e’tirof etishadi.

Gunohkor va gunohga sababchi bo‘lmaylik

Sharq ayollarining odobi, ibosi har narsadan ustun. Orastalik, bichimning uzun va keng olinishi, yelkalar doimo yopiq holda turishi, kashtali naqshlar, boshdagi ro‘mol — bular bizning onalarimizning munis qiyofasi. Ammo bugun kiyinish bilan bog‘liq ayrim holatlar kishining dilini xira qiladi. Jumladan, to‘y oqshomida kelinlarimiz egnidagi oq liboslarning haddan ortiq ochiq-sochiqligidan hijolatga tushasiz. Ayrim qizlar beligacha ochilgan yoki nomiga harir mato qoplangan oq ko‘ylakda odamlar ko‘z oldiga chiqishadi. Bu bilan badanni ko‘z-ko‘zlashmoqchimi, o‘ta zamonaviyliklarini namoyish etishmoqchimi — har holda ikki tushuncha ham qiz bolaga yarashmaydi.

Eng yomoni, bunday kiyimni ikki-uch soatga kiyib o‘tirish uchun falon so‘m pul to‘lanadi. O‘ziga to‘q oilalar uchun bu mablag‘ uncha bilinmas, ammo kamxarj kishilarga «otning kallasidek» ijara haqi og‘irlik qiladi. Shu bois kelinchaklarimiz ovrupocha qimmatbaho liboslar o‘rniga keyinchalik ham foydalanish mumkin bo‘lgan milliy kiyim-boshlar kiyishsa maqsadga muvofiq bo‘lardi. Yana bir gap: ochiq-sochiq kiyinib yurgan qizlarga imonli erkaklar qaramaydi, balki niyati yomon kishi behayo ko‘z bilan qaraydi. Natijada har ikki insondan ham Alloh rozi bo‘lmaydi. Shunday ekan, qizlarimizni gunohdan va gunohga sabab bo‘lishdan asrashimiz, ularga buni yotig‘i bilan tushuntirishimiz kerak.

Dinimizda kiyinish borasida qanday tavsiyalar berilgan?

Kiyinishda o‘rtachalik va mo‘’tadillik maqbuldir. Bu borada haddan oshib ketmaslik yoki o‘ta xarob kiyinish ham to‘g‘ri emas.

Rivoyat:

Bir kuni sahobiylar jangdan so‘ng dam olish uchun bir daraxt ostiga to‘planib, tamaddi qilishga kirishdilar. Ularning orasida Payg‘ambarimiz (s.a.v.) ham bor edilar. Shu payt tuyasini boqib yurgan bir sahobiy ularning oldiga kelib qoldi. Tuyaboqar eskirib, to‘zib ketgan libosda edi. Payg‘ambarimiz (s.a.v.) uning ahvolini ko‘rib, Jobir ibn Abdullohdan: «Uning boshqa kiyimi yo‘qmi?» deb so‘radilar. U kishi: «To‘rvasida yana ikkita kiyimi bor», dedilar. Sarvari koinot: «Ularni kiysa bo‘lmaydimi?» dedilar. Jobir boyagi kishini chaqirib, Rasululloh(s.a.v.)ning gaplarini yetkazdilar. Tuyaboqar darrov kiyimlarini almashtirib oldi va nari ketdi. Shunda Payg‘ambarimiz (s.a.v.): «Mana shunisi yaxshi emasmi?» dedilar.

Shayx Sha’biy aytadi: «Axmoqlar ustingdan kulmaydigan va faqihlar (shariat bilimdonlari) ayblamaydigan kiyimni kiy». Buyuk bobokalonimiz Alisher Navoiy «Mahbub ul-qulub» asarida: «Erkaklarning o‘zini ko‘z-ko‘z qilish uchun yasanishi xotinlarning oroyish uchun bezanishlari kabidir. Ammo bu kabi bezanmoq har ikkalasi uchun ham nomunosib, xususan, erkaklar uchun ko‘proq sharmandalikdir», deya qayd etganlar.

«Bugun yakshanba, shortikda borsam ham bo‘ladi!»

Dam olish kuni edi. Katta tashkilot idorasi oldidan o‘tayotsam, yosh yigit bino tashqarisida qo‘riqchilar bilan tortishayotgan ekan. «Sizni ichkariga qo‘yolmaymiz. Ichki tartibga ko‘ra, shortik va shippak kiygan odamlarni binoga kiritish taqiqlanadi», dedi qo‘riqchilardan biri. Yigit esa shu yerda ishlashini ro‘kach qilar: «Axir, bugun ish kuni emas-ku, shortikda kelsam ham bo‘laveradi!», deya ichkariga kirishga urinardi.

To‘g‘risi, achinib ketdim. Shunday katta dargohda ishlaydigan (demak, o‘qimishli) yigitning yarim-yorti kiyinib markazga kelishi, buning ustiga, odamlarning e’tiborini o‘ziga qaratib tortishayotgani, o‘zini haq deb bilishi yarashmaydigan holatdir.

Yana bir jihat — tor, kalta kiyimlar kiyish ham yoshlarimizning odatlaridan. Ammo bunday liboslar nafaqat din nuqtai nazaridan, balki tibbiy tarafdan ham salomatlikka zarar keltirishi isbotlangan. Bu holatdagi kiyimda riyo, maqtanchoqlik bor, o‘zini, badanini ko‘z-ko‘zlash bor. Shunday ekan, ota-onalar, mahalla-ko‘y farzandlarning kiyinishiga doim e’tiborli bo‘lishimiz joiz.

Kiyimlarni doimo pok tutish kerak

Islom — poklik dinidir. Bu poklik ma’naviy va moddiy pokizalikni taqozo etadi. Alloh taolo Qur’oni karimning Muddassir surasida Nabiy alayhissalomga qarata va u kishi orqali butun insoniyatga xitob kilar ekan: «Kiyimlaringni pok tut!», degan. Demak, libos pokizaligi musulmon kishining hayotida muhim ahamiyatga ega. Shu bois namozning shartlaridan biri — libosning pokligidir. Undan tashkari, poklik va orastalik ­iymondan ekaniga dalolat qiluvchi bir kancha rivoyatlar xam kelgan.

Alloh sevguvchi sifat

Kiyim olishda haddan oshmaslik, odamlardan ajralib turish uchun qimmatbaho liboslarni xarid kilmaslik joiz. Imom Ahmad o‘z «Musnad»larida Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilishicha, Nabiy sollallohu alayhi vasallam shunday deganlar: «Kimki dunyoda shuhrat libosini kiysa, Qiyomat kunida Alloh unga xorlik libosini kiygazadi». Demak, musulmon kishi kibru havo, shuhrat qozonish uchun kiyinmasligi lozim. Chunki bu harakat ma’naviy illat sanaladi.

Haddan ortiq g‘arib kiyinish ham joiz emas. Alloh taolo biron kimsaga ne’mat ato etgan bo‘lsa, mazkur ne’matning asari va alomati o‘sha insonda ko‘rinib turishini yaxshi ko‘radi.

Rivoyat:

Imom Abu Hanifa rahmatullohi alayh bir kuni hamsuhbatlaridan birining ustida eskirib, uvadasi chiqqan kiyimlarga ko‘zi tushdi. Odamlar tarqalib, majlisda faqat Abu Hanifayu aftoda kiyingan kishi yolg‘iz qolgach, Imom unga yuzlanib dedi: «Anavi joynamozni ko‘targin-da, tagidagini ol!». Kishi joynamozni ko‘tardi, qarasa, ming dirham pul bor ekan. «Uni olib, ust-boshingni tartibga keltir», dedi Abu Hanifa. Shunda: »Men o‘zimga to‘qman, — dedi o‘sha kishi. — Alloh menga boylik, mo‘lchilik ato qilgan. Bu pullaringizga ehtiyojim yo‘q». Uning so‘zlarini eshitgach, Abu Hanifa rahmatullohi alayh: «Alloh senga boylik va farovonlik ato qilgan ekan, qani U bergan ne’matlarning asari?! Rasululloh(s.a.v.)ning: albatta, Alloh o‘z bandasining ustida unga bergan ne’matining asarini ko‘rishni sevadi, degan so‘zlari senga yetib kelmaganmi? Hamonki, boy ekansan, o‘zingni tartibga keltirib, ust-boshingga qarab yurishing darkor. Toki o‘z yaqinlaringni g‘amga botirmagaysan», deya nasihat qildi.

* * *

Bir so‘z bilan aytganda, libos nafaqat inson, balki millat ma’naviyatining belgisi ekanini unutmaylik. Mahallalarda, to‘y-ma’raka va boshqa yig‘inlarda bu haqda ta’sirchan targ‘ibotni jonlantirishimiz kerak. Ana shundagina qizlarimiz yevropa malikasi bo‘lishni emas, Kumushbibi kabi hayo, ibo farishtasi bo‘lishni istab kiyim tanlashadi.

Ra’no QODIROVA,

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Xorazm viloyati vakilligi

xotin-qizlar masalalari bo‘yicha yordamchisi.

Manba: «Mahalla»