«Negativ»mi yoki «pozitiv»… xullas «tavsuyu»

2019-10-28T07:23:59+05:0028 October, 2019|Hafta maqolasi|

Ijtimoiy tarmoq olamiga endi kirgan paytlarim dastlab e’tibor bergan narsam men uchun o‘zbek tiliga aralashtirib qo‘llanilgan, ba’zilarini ilk marta eshitib turganim rus va ingliz tilidagi so‘zlar bo‘lgandi. Hamkasblarim, filolog, blogerlarning qo‘ygan postlari, yozgan izohlarida «elita», «adekvatь», «glamurnыy», «sarkazm», «pozitiv», «negativ» kabi so‘zlarni bot-bot uchratardim.

Hamkasblarimdan birining telegram guruhimizda yozgan «Bizda «solidarnostь» etishmaydi», degan gapi men uchun chinakam yangilik bo‘ldi. Keyinchalik bahs-munozaralarda «tolerant», «loyalnыy» degan so‘zlar bilan boyitdim lug‘atimni. Solidarnostь (fikrdoshlik, hamfikrlik) degan so‘z menga dab­dabali (glamurnыy) eshitilib ketdi. Va urf (moda)dan ortda qolmaslik uchun bu so‘zlarni qo‘llamasam ham bahsdoshim nima demoqchiligini to‘liqroq anglash uchun lug‘at titkilashga to‘g‘ri keldi. Buni qarangki, lug‘atda bularning barchasining tarjimasi bor ekan. Masalan, «negativ»ni – salbiy, «pozitiv»ni – ijobiy fikrlash desak bo‘larkan. Eng qizig‘i, bu so‘zlarni yuqorida aytganimdek hamkasblarim, filologlar, blogerlar bajonidil qo‘llayotgani, bot-bot takrorlayotganidir. Jurnalist yoki filolog bu so‘zlardan «istihola» qilmay foydalanyaptimi, maqolalarida, postlarida, yozgan izohlarida ishlatyaptimi, demak bu ziyoli qatlam(elita)ning ortidan oddiy odamlar ergashishi tabiiy.

Kunda-kunora ijtimoiy tarmoqlarda «ajiotaj»ga aylanadigan mavzular chiqib turadi. Avvaliga bu so‘zni aytishga ham qiynaldim. «Ajiotoj» – men uchun (nazarimda ko‘pchilik uchun) yangi so‘z, lug‘atda esa buning tarjimasi «shov-shuv» ekan. Xo‘sh, til aylanmaydigan «ajiotaj» so‘zining o‘rniga oddiygina «shov-shuv» deb qo‘ya qolsak nima bo‘ladi? Axir bu so‘zga moslashish, ya’ni «adaptatsiya» qilishning o‘zi qiyin. «Alch­nostь» degan so‘zga ham tez-tez duch kelamiz. Aslida nafsi buzuq odamga nisbatan o‘zbekchada ming yildan beri qo‘llab kelinayotgan «ochko‘z» so‘zi bu o‘rinda yaxshiroq etib bormaydimi? Lug‘atni titkilash asnosida yanada ajoyib so‘z tarjimalariga duch keldim. Masalan, «degustator» degan so‘z «chashnachi» degan ma’noni anglatarkan. Choy sinovchisi degan so‘zdan kelib chiqqan. Menga «degustator»ni qo‘llashdan ko‘ra, «chashnachi» so‘zini qo‘llash yoqimliroq va qiziqroq tuyuldi. Aslida ham unutilib ketgan yoki mutlaqo esga olinmaydigan mana shunday so‘zlarni xalq orasiga olib kirsak foydaliroq emasmi? Bunday misollarni yana ko‘plab keltirish mumkin. Masalan, aysberg – muz tog‘i, astma – ko‘ksov, aristokrat – oqsuyak, absurd – bema’ni, tuturuqsiz, maska­ – niqob, agressiya – jizzaki… Bu kabi ajabtovur so‘zlar bugun nutqimizda minglab topiladi.

«Tochno», «kakraz», «koroche» degan so‘zlarning allaqachon kundalik so‘zlashuvimizda mustahkam o‘rin olganiga ancha vaqt bo‘ldi…
Ijtimoiy tarmoqlarda ism o‘zgartirish bilan bog‘liq bir mavzuga yozilgan mana bu izoh esa juda taajjublanarli: emishki bir ayol ismini Aisha, deb o‘zgartiribdi. Ism muslimalarga qo‘yilgani uchun u ayolga yoqib qolibdi. Shunda fikr bildirayotganlardan biri: «aslida Oysha deb yozilishi kerak emas­mi?» degan savoliga shunday javob bo‘ldi: «Aisha glamurnыy eshitiladi-da». Ana, xolos…
Keyingi paytlarda o‘zbekchaga ruscha va boshqa ajnabiycha so‘zlarni aralashtirish oqibatida masalan, «tavsiyu», «savodgullaganskiy» kabi aralash so‘zlar paydo bo‘lyaptiki, buni qanday izohlashni ham bilmaysan. Taassuflanarlisi, bu so‘zlar iste’moldan osongina joy olayotganidir. Axir, «tavsiya qilaman» yoki «gullagan savod» deyishning nimasi yomon?!

O‘ttiz yildan beri katta bahs-munozaralarga sabab bo‘layotgan ona tilimiz bilan bog‘liq muammoli holatlarda har bir so‘zni eng shimarib himoya qilyapmiz. Ammo vaqt o‘tgach yana aytayotgan fikrlarimiz «glamurnыy» yangrashi uchun chetdan so‘zlarni olib kirmaslikka kafolat berolamizmi? Yoki shu so‘zlarni ishlatmasak fikrimiz qashshoqlashib qoladimi? «Sarkazmona» yozil­gan ushbu maqoladan xulosa chiqarish sizdan…

Barno SULTONOVA.

Manba: “Oila davrasida” gazetasi