Toptalayotgan nomus sizga tegishli emasmi?

2019-10-28T07:20:43+05:0028 October, 2019|Hafta maqolasi|

So‘nggi vaqtlarda ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan (balki ataylab tarqatilayotgan) ba’zi videolar, ayanchli tasvirlar yashin tezligida butun internet olamini «zabt» etmoqda. Bilgan bilmagan, o‘zi uchun biror foydasi bor yoki yo‘qligiga qaramasdan hamma shu videoni izlagan, ko‘chirib olgan, bir-biriga jo‘natgan.

…Tasvirda bir ayol sharm-hayoni unutib ko‘pchilik oldida beibo so‘zlarni aytayotgani, ko‘zi tushgan odamni haqorat bilan «tishlab otayotgani», xullas bir ko‘rishda istagan kishining kayfiyatini buzadigan holat. Xo‘sh, mana shuni tarqatish, izlab topib ko‘rish bizga nima beradi? O‘sha ayol bahonasida, ayol zoti sha’niga bir-biridan chiroyli «ta’riflar», «hamdu sanolar» aytildi. Kimdir uning bu holatini erkakshodalik deb, atasa, yana kimdir hayot qiyinchiliklariga qarshi isyon deb, baholadi. To‘g‘ri, el orasida shundaylar topiladi. Qaysi mamlakatda yo‘q deysiz, turfa fe’l insonlar, turfa xil illatlar? Afsuski, ijtimoiy tarmoqlarda ana shu orqali butun dunyo o‘zbek ayoliga baho berayotgandek tuyuldi menga.
Psixologlarning aytishicha, insonning xotirasida uzoq saqlanadigan ma’lumotlardan eng kuchlisi, bu o‘z ko‘zi bilan ko‘rib, xotirasiga muhrlangani ekan. Ayniqsa, endi kamolotga etayotgan yoshlarning qalbiga taassurot, ko‘zdan o‘tib ong ostiga chuqur joylashadi. Bir narsaning tasvirini ijtimoiy tarmoqlarda aylantirishdan oldin, shu tasvir keltirib chiqaradigan oqibatlarni nega hech birimiz o‘ylab ko‘rmayapmiz? Nega bir tarbiyasiz ayol tasviri orqali butun dunyo ahli, millatimiz ayollari ahvolini ko‘z-ko‘z qilishdan or qilamyapmiz? Axir o‘sha ayolda uyat, nomus yo‘q ekan, uning ahvolini videoga olib tarqatayotgan, bir-biriga ulashayotganlar-chi, nima sizlarda ham yo‘qmi bu tuyg‘ular? O‘sha tarqalayotgan tasvirlarni ertaga boshqa bir ayol, o‘spirin qiz, mittigina, qaqildoq qizaloq takrorlamaydi, deb kim kafolat beradi? Axir, bu o‘z singlimiz, qizimiz tarbiyasiga ham ta’sirini o‘tkizishi mumkinligini nahotki o‘ylamaymiz?

O‘quvchilik davrimda «Nodirabegim» badiiy filьmini ko‘rganman. Nodirabegimni el aro badnom qilmoqchi bo‘lganlar saroy maydonida uni ko‘zi qonga to‘lgan askarlarning o‘rtasiga tashlaydi. Echintirmoqchi bo‘ladilar. To‘satdan esgan shamol shoirai davronning ro‘molini sirg‘antirib elkasiga tushiradi. Olomonning ko‘zi uning oy jamoliga tushadi. Urho-ur qilib kelayotgan to‘da ichidan kimdir tanib «Ey, bu Nodirabegimku! Shoirai davronku!», deydi. Hamma ortga chekinadi…

Men filьmni necha marta ko‘rsam xuddi shu erida yig‘lar edim. Filьm ijodkorlarining millat tarbiyasiga qo‘shgan ulkan hissasi shu tasvirlarda yaqqol namoyon bo‘ladi. Ayolga hurmat, shoirai davronga ehtirom shunday ifodalanadi, azizlarim. Hayot qiyinchiliklariga, zamona zug‘miga «isyon» deya, filьm ijodkorlari o‘sha xunuk ko‘rinishli askarlar qiyofasidan boshqacha foydalanishi ham mumkin edi. Ammo, unda bu filьmni ko‘rgan oddiy bir qishloq qizida shoira bo‘lish orzusi tug‘ilmasdi ehtimol. Obro‘li ayol bo‘lish niyati paydo bo‘lmas edi balki.

Yaponiyada er qimirlaganda qimmatbaho buyumlar sotiladagan do‘konlar yonidan o‘tayotgan odamlarning birortasi ham sochilib yotgan javohirlarga tegmasdan, ehtiyot bo‘lib qarab ketayotganini ko‘rsatishdi. Kadr ortida «Eng og‘ir vaziyatlarda ham inson bo‘lib qol!» degan yozuvlar aylanar edi. Bir tasvirda o‘lib qolgan kuchukcha atrofidan ketolmay «Tur! Nega yotibsan? Hamma ketyapti» – deganday uni yalab, tumshug‘i bilan turtib ketishga undayotgan, atrofida parvona bo‘layotgan itni ko‘rsatishdi. Tasvir izohsiz edi. Mana, nafaqat yapon, balki insoniyatni tarbiyalagan tas­virlar. Demak, kim nimani tasvirlashi bilan ham qalbini nima bilan to‘lganini anglatishi mumkin ekan-da.

«Ayollar buzilib ketdi», «Chet elda o‘zbek ayoli faqat fohishalik bilan shug‘ul­lanyapti», «Nima qilsin, ochdan o‘lsinmi?» yana qancha-qancha «yorliqlar» yopishtirilyaptiki, buni ijtimoiy tar­moqlarda ko‘rganlar – o‘zbek ayollari ha­qid­a faqat yomon xayolga borishlari aniq.

O‘zbek ayollari har tong duolar, shukronalar bilan uyg‘onyapti. Hayoli o‘zbek ayolining farzandlari mo‘’jizalar yaratyapti. U halol va donishmandligi, latofati, sadoqatiyu mehr-muhabbati bilan doim ardoqda.

Meni ajablantirayotgani ijtimoiy tarmoqlarda aylanayotgan bu kabi salbiy ko‘rinishlarga chek qo‘yadigan biror bir jiddiy munosabatni ko‘rmadim. Na Qonunchilik palatasi deputatlari, na siyosiy partiyalar liderlari, na huquq himoyachilari bir og‘iz gapirdilar…

Gap millat ma’naviyati, odobi, axloqi, tarbiyasiga salbiy ta’sir haqida borar ekan, loqaydlik qilmaylik. Birlashaylik, kerak bo‘lsa, qonunda chora belgilaylik. Zero, buni so‘rashga, ona sifatida, bir ayol ijodkor sifatida talab qilishga haqqim bor deb, o‘ylayman.

Zulfiya MO‘MINOVA.

Manba: “Oila davrasida” gazetasi