Orif To‘xtash:

2019-10-22T11:57:54+05:0022 October, 2019|She'rlar|

VATAN NADIR

Vatan nadir, vatan nadir?

Vatan – beshik, vatan – qabr.

Bu dunyoga kelmog‘ing ham,

Ketmog‘ing ham vatandadir.

Kindik qoning tomgan tuproq,

Bobolardan qolgan tuproq.

Qon kechilgan, jon chekilgan,

Alar bois alvon tuproq.

Ko‘zing ochib ko‘rding neni,

Va ne maftun etdi seni?

– Ul vatandur, gul vatandur,

Quchog‘iga ekdi seni.

Vatan nadir, vatan nadir?

Vatan – mehr, vatan – qadr.

Sadoqat ham sofdilligi –

Oq yo‘rgak, oq kafan kabi.

U senga bir sodiq hamroh,

Mehri do‘stdan mustahkamroq.

Arzigaydur uning uchun –

Yuragingdan tiksang bayroq!

Ota vatan, ona vatan,

Vatanki, bir dona vatan.

Jahonim, deb atar bo‘lsang,

Jo aylagil jona, vatan.

Vatan nadir, vatan nadir,

Bul shundoqkim atalmadir –

Jannat istab bo‘lma giryon,

Asli rizvon vatandadir.

Ne topsang ul bag‘ridin top,

Vatanni o‘z atridin top.

Uning sog‘inch iztirobin,

Boburning shoh satridin top.

Unga mehring serob bo‘lsa,

Joningni tut, kerak bo‘lsa.

O‘ng ko‘ksingda Vatan o‘stir,

Chap ko‘ksingda yurak bo‘lsa!

2000 yil